DUNYO NIGOHIDAGI YANGI O‘ZBEKISTON

DUNYO NIGOHIDAGI YANGI O‘ZBEKISTON

September 03 , 2026

|

38

35 yil — tarix uchun bir lahza. Millat taqdiri uchun esa bu ulkan o‘zgarishlar, izlanishlar va yangilanishlar davridir.

Bugungi “Народное слово” gazetasida Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulovning mustaqilligimizning 35 yillik taraqqiyot saboqlari va jahon sahnasidan munosib o‘rin olish istiqbollariga bag‘ishlangan tahliliy maqolasi e’lon qilindi.

Maqolada 35 yillik taraqqiyot yo‘li sarhisob qilinib, O‘zbekistonning keyingi tarixiy marrasi xususidagi mulohazalar ham bayon etilgan.

Muallif, ayniqsa so‘nggi o‘n yillikdagi yangilanishlarni ta’lim, ilm-fan, inson kapitali, iqtisodiy modernizatsiya va xalqaro ochiqlik kabi muhim mezonlar orqali tahlil qilgan. Maqolada oliy taʼlim, ilmiy salohiyat va xalqaro hamkorlikning kengayishi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar ortida qanday katta ijtimoiy o‘zgarishlar mavjudligi ochib berilgan.

Endi miqyos emas, sifatni qanday jahon darajasiga olib chiqamiz?


Maqolada Shvetsiyaning Agenda Nexus – Research & Policy Institute prezidenti Oden Aghapourning O‘zbekiston haqidagi “Shavkat Mirziyoyev — Sharq Renessansi yetakchisi” maqolasiga ham alohida munosabat bildirilgan. Xorijiy kuzatuvchining O‘zbekistonni tarixiy meros, islohotlar va zamonaviy taraqqiyotni uyg‘unlashtirayotgan davlat sifatida baholashi milliy o‘zgarishlarga tashqi nigoh orqali nazar tashlash imkonini bergan.

O‘z tarixini chuqur anglagan jamiyat global dunyoga o‘zligini yo‘qotmasdan kirib borishi mumkin. Shvesiyalik ekspert O‘zbekistonni tarixiy meros, inson kapitali, modernizatsiya, diplomatiya va global ambisiyalar nuqtai nazaridan talqin qilgan. U buni shunday ifodalaydi: “Tarixiy merosni ishonchga, ishonchni islohotlarga, islohotlarni esa zamonaviy milliy Renessansga aylantirish.” Ya’ni tarix faxrlanish manbaigina emas, kelajakni qurish uchun intellektual kapitalga aylanishi kerak.

Maqolada bir fikr alohida e’tiborga loyiq: buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lish — ular kabi yangi bilim va kashfiyotlar yaratishga jur’at topishdir.

Bugun O‘zbekiston 35 yoshni qarshilayotgan navqiron davlat. Oldinda esa yangi, yanada masʼuliyatli bosqich — iqtisodiy va siyosiy mustaqillikni bilim, texnologiya, innovatsiya va inson kapitaliga tayangan taraqqiyot mustaqilligi bilan mustahkamlash vazifasi turibdi.

Dunyoni kuch bilan emas, aql-idrok bilan zabt etish.
Buning uchun esa ilm narvonini yanada baland — samoga qadar qo‘yishimiz kerak.

📖 Maqolani batafsil "Народное слово"ning 3-sentyabr kungi sonida o‘qing.