Bugungi kunda jamiyatimizni xavf ostiga qo‘yayotgan eng og‘ir muammolardan biri — giyohvandlik va narkotik vositalar tarqalishi yoshlarimizning salomatligi va kelajagi uchun jiddiy tahdid solayotgan jinoyatchilik holatlaridir. Ogohlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotgan davrda barchamizning eng asosiy vazifamiz — talabalarning nafaqat ilmiy, balki ma’naviy, ijtimoiy va jismoniy jihatdan sog‘lom, barkamol shaxs sifatida kamolga yetishishini ta’minlashdir.
Giyohvandlik faqatgina shaxsiy hayotga zarar yetkazmaydi, balki oilani parchalash, do‘stlar va jamiyat bilan aloqalarni buzish, hatto kelajakdagi imkoniyatlarni yo‘qotish bilan ham kelajakka tahdid soladi. Har bir yosh hayotning qadrini anglab, o‘z salomatligi va aqliy rivojlanishi uchun mas’uliyatni his qilishi shart. Narkojinoyatchilik esa nafaqat qonunga zid ish, balki inson qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi og‘ir jinoyatdir.
Shu bois, Xalqaro Nordik universiteti rahbariyati va jamoasi barcha talabalarni:
Giyohvandlik va noqonuniy moddalarning barcha xavf-xatarlarini chuqur anglash
Do‘stlar va oila bilan mustahkam ijtimoiy aloqalarni rivojlantirish
Sog‘lom turmush tarziga amal qilib, sport bilan muntazam shug‘ullanish
Muammolarni hal qilishda yordam so‘rashdan tortinmaslikka chaqiradi!
Aziz ota-onalar!
Farzandlaringiz hayotida doimo ustuvor qo‘llab-quvvatlovchi va ogohlantiruvchi bo‘lishingiz maqsadga muvofiqdir. Ularni nafaqat ilmga chorlash, balki hayotiy tajribalarni bo‘lishish va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishga ko‘proq vaqt ajratish orqali giyohvandlik va jinoyatchilikning og‘ir oqibatlaridan himoya qilish zarur.
Birgalikda yoshlarimizning kelajagini asrab-avaylab, jamiyatimizda xavfsiz va sog‘lom muhit barqarorligiga hissa qo‘sha olamiz. E’tiborsiz qoldirilgan lahzalarda farzandlarning butun bir hayoti barbod bo‘lishi mumkin...
Shuning uchun ogohlik va mas’uliyatga birinchi qadriyat sifatida qaraylik!
Kelajakka ishongan, hayotini qadrlagan har bir talaba, ota-ona, ustoz, shuningdek barcha kuzatuvchilarimizni Xalqaro Nordik universiteti nomidan ogohlikka chorlaymiz: hayotingizni, sog‘ligingizni va kelajagingizni himoya qiling. Narkotik va giyohvandlik yo‘lidan uzoq turing!
Barchangizga tinchlik, sog‘lik va barkamol hayot tilayman!
Sherzod Mustafakulov,
Xalqaro Nordik universiteti rektori




