Forumda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Yuliya Risyukova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti rektori Eʼzoza Karimova, Profi universiteti rektori, akademik G‘ayrat Shodumarov, Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Nordik universiteti professor-olimlari, “Dar” “Syntone premium” psixologik markazlari tajribali mutaxassislari ochiq muloqot va amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ilmiy-intellektual uchrashuv yangi tajribalarni o‘rganish imkonini beruvchi muhim maydon vazifasini o‘tadi.
“Ta’lim jarayonida ishtirokchilarni psixologik qo‘llab-quvvatlash nima uchun zarur?” mavzusi doirasida ochiq muloqot va fikrlar almashinuvi o‘tkazildi.
Forum davomida ishtirokchilar ko‘rgazma va amaliy mashg‘ulot xonalarida bolalarning rivojlanishiga yo‘naltirilgan redjio pedagogika, san’at terapiyasi, ertak terapiyasi, neyropsixologiya va emotsional intellekt maydonlarida o‘zaro tajriba almashdilar.
Sho‘ba yig‘ilishlarida inqirozli vaziyatlarda bolalar va ota-onalar bilan ishlash, qarshilikni hamkorlikka aylantirish usullari, psixolog, tarbiyachi-o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, raqamli xavfsizlik va psixologiya masalalarida faoliyat olib borildi.
Forumda "Ta’lim ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha eng yaxshi uslubiy qo‘llanma" tanlovi e’lon qilinib, psixologik xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan muhim tashabbus bo‘ldi.
Xalqaro forumda ilg‘or davlatlar tajribalari asosida mahalliy sharoitga mos innovatsion yechimlar taqdim etildi. Fikrlar, ilmiy tahlillar va amaliy g‘oyalar asosida kelajak uchun aniq yo‘nalishlar belgilab olindi. Bu anjuman nafaqat ilmiy almashinuv, balki hamkorliklarga keng yo‘l ochdi.










