AQSHning nufuzli Rovan universiteti (Rowan University – https://www.rowan.edu/) bilan hamkorlikda tashkil etilgan markaz ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Rovan universiteti prezidenti, xalqaro miqyosdagi olim va islohotchi rahbar doktor Ali Houshmand boshchiligidagi delegatsiya, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, diplomatik korpus, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Rowan University – AQSHning Nyu-Jersi shtatida joylashgan innovatsion yo‘nalishdagi davlat universiteti bo‘lib, so‘nggi yillarda “Eng tez rivojlanayotgan universitet” sifatida AQSH reytinglarida e’tirof etib kelinmoqda.
Ochilish marosimida rasmiy doiralar tomonidan ramziy lenta kesildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bu kun oliy ta’lim tizimida tarixiy, faxrli kunlardan biri ekanligi, bu tashabbus, albatta xalqaro standartlarga yanada yaqinlashish, talabalarga global bilimlar maydoniga chiqish imkonini berishini e’tirof etdi.
— “Xalqaro Nordik universiteti va Rovan universiteti rahbariyati va jamoasiga, loyihani amalga oshirishda faol qatnashgan barcha mutaxassislarga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Ishonchim komilki, Rovan universiteti markazi mamlakatimizda innovatsion fikrlovchi, xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. U nafaqat talabalarga, balki butun ta’lim tizimimizga yangi turtki beradi” – dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov anjumanda mazkur markaz nafaqat Nordik universiteti balki yurtimizning xalqaro ta’lim maydonidagi navbatdagi yutug‘i ekanligini e’tirof etdi. Yangi markaz yangi imkoniyatlar, yangi g‘oyalar va yoshlar uchun global ta’lim eshiklarini ochishini ta’kidlab o‘tdi.
“Rovan universiteti va Xalqaro Nordik universiteti o‘rtasidagi hamkorlik bilim, innovatsiya va xalqaro tajriba almashinuvining ramzidir. Biz birgalikda talabalarga global miqyosda raqobatbardosh ta’lim berishni maqsad qilganmiz,” – dedi ochilishda so‘z olgan Ali Hushmand.
Rovan universiteti Prezidenti, doktor Ali Hushmand janoblariga XNU “Faxriy professori” ilmiy unvoni topshirildi.
Xalqaro Nordik universiteti Boshqaruv kengashi raisi, Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev tomonidan ushbu Rovan universiteti markazi faoliyati o‘zbek va xorijiy talabalar uchun Amerika ta’lim standartlariga mos o‘quv dasturlari, qo‘shma ilmiy loyihalar, talaba va professorlar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutishini ma’lum qildi.
Ochilish tadbirida so‘zga chiqqan nufuzli mehmonlar tomonidan Rovan universiteti markazining ochilishi mamlakatimizda xalqaro oliy ta’lim aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim va innovatsiyalarni uyg‘unlashtirish, shuningdek, pedagogik, muhandislik, IT va tibbiyot sohalarida kadrlar tayyorlash tizimini global standartlarga moslashtirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanishini ta’kidlab o‘tdilar.



















