Dastlab Hazrati Imom ansambliga tashrif uyushtirilib, Hazrati Imom masjidi, Baroqxon madrasasi va Tilla Shayx masjidi, shuningdek, milliy o‘zligimiz, ilm-fan, taʼlim va madaniyat timsoli sifatida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishildi. Mehmonlarga islom dunyosining ulug‘ olimlari hayoti, ilmiy faoliyatlari va merosi haqida keng maʼlumotlar berildi.
Garvardchilarning O‘zbekiston bilan tanishuv safarlari qadimiy Buxoro shahrida davom etmoqda. Nufuzli delegatsiya aʼzolari Buxoro viloyati prokuraturasi va hokimiyat mutasaddilari tomonidan anʼanalarimizga binoan kutib olindi va mehmon qilindi.
Markaziy maydonlardan biri Labi Hovuz va afsonaviy milliy qahramon Xo‘ja Nasriddin Afandi haykali, hovuzning sharqiy qismidagi Nodir Devonbegi madrasasi, shimoliy qismidagi Ko‘kaldosh madrasasi bilan tanishildi.
Buxoroning Registon maydonidagi ulug‘vor Poyi Kalon meʼmoriy ansambli va undagi Mir Arab va Amir Olimxon madrasalari, Boloi Hovuz majmuasi bilan tanishuv xorijiy delegatsiya aʼzolarida katta hayrat uyg‘otdi.
Shuningdek, mehmonlar Chashmai Ayyub meʼmoriy yodgorligi, 10 asr davomida saqlanib kelayotgan Ismoil Somoniy maqbarasiga ham tashrif buyurdilar.
Buxoroning obidalari, yodgorliklari, meʼmorchilik durdonalari, ziyoratgohlari, ko‘hna devorlari, gavjum savdo rastalari o‘zining qadimiy tarixi va sirliligi bilan garvardchilarni o‘ziga maftun qilmoqda. Sayohat davomida Sharqning sehrli muhitini yaqindan his qilmoqdalar.
















