Yangiliklar
Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubb O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Xalqaro Nordik universitetiga tashrif buyurdi

October 30 , 2025
1078
Finlandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbning O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirayotgan rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga yo‘l ochmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Finlandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb 29-oktyabr – 1-noyabr kunlari mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lmoqda. Mazkur tashrif O‘zbekiston–Finlandiya munosabatlari tarixida muhim tarixiy voqea sifatida qayd etilib, ikki tomonlama hamkorlikni yangi mazmun va amaliy natijalar bilan boyitishga qaratilgan.
Tashrif doirasida 30-oktyabr kuni Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Xalqaro Nordik Universitetiga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mas’ullari, universitet rahbariyati, Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli, universitet Boshqaruv kengashi raisi Alisher Jo‘rayev va akademik jamoa katta ehtirom bilan kutib oldilar.
Finlandiya hukumati tomonidan universitetga taqdim etilgan Karl Gustav Mannergeym tarixiy foto-ko‘rgazmasi bilan tanishuv amalga oshirildi va oliy darajadagi uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda “Nordic EdTech & Innovatsion HUB” modeli taqdimoti o‘tkazildi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda Finlandiya va Nordik davlatlari ta’lim modeli asosida ta’lim–ilm-fan–ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, Finlandiya oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki diplomli ta’lim loyihalari va akademik almashinuvni kengaytirish, talabalar uchun Work & Travel Finland dasturini rivojlantirish va kvotalarni bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlar natijalari Finlandiya davlat rahbarini mamnun qildi.
Uchrashuvda har ikki oyda fin bog‘cha va maktablari hamda oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston pedagoglari uchun stajirovkalarni tizimli tashkil etish va ularning samaradorligini yanada oshirish, Nordik davlatlari hamkorligida biznes forumlari, innovatsiya sammitlari va xalqaro akademik konferensiyalar o'tkazilayotgani mazkur yo‘nalishlarda rivojlanish omili bo‘layotgani ta’kidlandi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Xalqaro Nordik universiteti tomoni o‘zaro hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini yanada kengaytirish, bu borada yanada istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirishni ko‘zda tutayotganini ma’lum qildi.
Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Xalqaro Nordik universitetining yirik ta’lim tashabbuslaridan biri — Nordik xalqaro maktabi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida Finlandiya ta’lim modelining ilg‘or tajribalari asosida faoliyat yuritayotgan maktabda amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Davlat rahbari maktabning kelgusi rivojiga oid muhim tavsiyalar bildirib, ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashdi.









So'nggi yangiliklar

O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish dinamikasini saqlab qolmoqda
Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, unga salbiy omillar ta’sirini kamaytirish, iqtisodiy tarmoqlarni yanada rivojlantirish, investitsiya faolligini kuchaytirish masalalari davlatning asosiy faoliyat mezoniga aylangan.
📰 "Xalq so‘zi" gazetasining 2-may kungi sonida nashr etilgan yangi maqolada mavzuga doir keng tahliliy nuqtai nazarlar ifodalangan.
✓ Bugun qtisodiy islohotlar qay darajada samara beryapti?
✓ Investitsiyalar va eksport o‘sishi qay tarzda ta’minlanmoqda?
✓ Qaysi sohalar iqtisodiyotni “harakatlantiruvchi kuch” vazifasini o‘tayapti va eng muhimi — bu o‘sish qanchalik barqaror?
Maqolada shu kabi dolzarb savollarga javoblar olish mumkin.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, raqamlar ortida tizimli o‘zgarishlar, yangi yondashuvlar va global iqtisodiy chaqiriqlarga moslashish jarayonlari yotibdi. Ayniqsa, sanoat, xizmatlar va investitsiya muhitidagi dinamika alohida diqqatga sazovor.
Shuningdek maqolada ijobiy jihatlar bilan birga hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar, cheklovlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar ham xolis tahlil qilingan.
Mamlakat iqtisodiyotidagi vaziyat va kelajak tendensiyalari tahliliga qiziqqanlar uchun ushbu maqola kerakli manbalardan biridir.
✍️ Muallif: Munis Abdullayev, Xalqaro Nordik universiteti kafedra mudiri.

Federatsiya ➖ Nordik ➖ inklyuziv maktab hamkorligi: "Har bir yosh — imkoniyat egasi!"
Prezident tomonidan sport sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston shaxmat Federatsiyasi, 77-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamkorligida o‘quvchilar hamda Nordik universiteti talabalari ishtirokida shaxmat va shashka musobaqasi o‘tkazildi.
Bugungi ta’lim siyosatida inklyuzivlik zaruriy tamoyil. Shu maʼnoda, mazkur musobaqa orqali yoshlarning intellektual salohiyatini ochish, ularni ijtimoiy faollikka jalb etish hamda “har bir yosh — imkoniyat egasi” degan g‘oyani amalda ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi vakillari hamda xalqaro grossmeysterlar ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot olib bordilar. Bu bilan esa ishtirokchilar uchun nafaqat musobaqa, balki xalqaro darajadagi ustozlar tajribasidan bevosita bahramand bo‘lish imkoniyati ham yaratildi.
Shuningdek, shaxmatga oid kitoblar taqdimoti o‘tkazilib, bilim almashildi. Eng sara qo‘llanmalar jamlanmasi yosh ishtirokchilarga sovg‘a qilindi.
🏆 Shaxmat musobaqasi g‘oliblari (talabalar):
🥇 Zafar Zoitjonov
🥈 Farangiz Abdumo‘minova
🥉 Aziz Azimov.
🔲 Shashka bo‘yicha g‘oliblar (maktab o‘quvchilari):
🥇 Shukrulloxon Salomov
🥈 Diyorbek Joniqulov
🥉 Oybek Rahimqulov.
Nordik universitetida tafakkurli avlodni tarbiyalash, yosh yetakchilarni shakllantirish va ta’limda haqiqiy teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etadi.

Ta’lim siyosatida yangi paradigma: sun’iy intellekt va til kompetensiyalari
Ushbu anjumanda zamonaviy ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlari — raqamlashtirish, innovatsion pedagogika va sun’iy intellekt integratsiyasi chuqur ilmiy muhokama qilindi.
Bugungi globallashuv sharoitida xorijiy tillarni mukammal egallash nafaqat kommunikativ ehtiyoj, balki iqtisodiy va ilmiy raqobatbardoshlikning muhim omiliga aylanmoqda. Konferensiyada ta’kidlanganidek, aynan sun’iy intellekt texnologiyalari orqali ushbu jarayonda tub burilish yasalib, ta’lim tizimi yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Anjumanda ta’lim siyosati nuqtayi nazaridan asosiy yo‘nalishlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi:
— raqamli transformatsiya va adaptiv o‘quv platformalari orqali individual ta’lim trayektoriyalarini shakllantirish;
— avtomatlashtirilgan tarjima tizimlari yordamida lingvistik modellar asosida tarjima sifatini oshirish;
— intellektual lingvistika orqali matnlarni semantik tahlil qilish va interpretatsiya jarayonlarini avtomatlashtirish.
Mazkur yo‘nalishlar ta’lim tizimida an’anaviy “bilimni uzatish” modelidan “bilimni boshqarish va ishlab chiqarish” modeliga o‘tish jarayonini yaqqol ifodalaydi.
Konferensiya doirasida sun’iy intellekt asosidagi innovatsion pedagogik yondashuvlar, AI texnologiyalarini ta’limga joriy etishning konseptual asoslari, badiiy matnlarni raqamli metodlar orqali tahlil qilish hamda tarjimashunoslikda AI’ning lingvistik va funksional imkoniyatlari keng yoritildi. Bu yo‘nalishlar amaliy jihatdan ta’lim sifatini oshirish, o‘qitish metodikasini modernizatsiya qilish va tarjima jarayonlarini optimallashtirishga xizmat qiladi.
Anjuman xalqaro miqyosda o‘tkazilib, unda xorijiy davlatlar va respublikamiz oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari hamda iqtidorli talabalar faol ishtirok etdilar. Ilmiy muloqotlar davomida ilg‘or g‘oyalar almashildi, akademik hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi.
Tadbir ishtirokchisi - AQSh Davlat departamenti ingliz tili bo‘yicha mutaxassisi, O‘zDJTU professori Giuseppe Chiaramonte o‘z taassurotlarini bildirib, sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga to‘g‘ri tatbiq etish, undan oqilona foydalanish va talabalarni to‘g‘ri yo‘naltirish bugungi kun o‘qituvchisining eng muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. U Markaziy Osiyo davlatlari tajribasini qiyoslab, O‘zbekistonda innovatsiyalarga ochiqlik, yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga joriy etish borasidagi ijobiy muhitni alohida e’tirof etdi. Uning “Inson agentligi, mashina ravonligi: til o‘qitish va tarjima uchun yangi savodxonlik” mavzusidagi kreativ ma'ruzasi katta qiziqish bilan tinglandi.

Buyuk merosga nazar: talabalar esse tanlovida
Uning bebaho merosi — "Temur tuzuklari" esa asrlar osha davlat boshqaruvi va insoniy qadriyatlar maktabi bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Ana shu buyuk merosni chuqur anglash, uni zamonaviy nigoh bilan talqin qilish maqsadida Nordikning kitobxon talabalari o‘rtasida esse tanlovi tashkil etildi.
Yoshlarimiz “Temur tuzuklari – adolat va davlat boshqaruvi maktabi” mavzusida qalam tebratar ekanlar, ular tarixga murojaat qilish barobarida bugunning muhim savollariga ham javob izladilar.
Bu tanlov yoshlar tafakkuri, tahliliy qarashi va o‘zlikni anglash yo‘lidagi o‘ziga xos yo‘l bo‘ldi.