Xalqaro Nordik universitetining Yurisprudensiya, Filologiya va tillarni o‘qitish, Lingvistika (ingliz tili), Tarix hamda Bank ishi ta’lim dasturlari akkreditatsiya ekspertizasidan o‘tkazildi.
Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan amalga oshirilgan akkreditatsiya jarayonlarida ta’lim dasturlariga oid barcha hujjatlar mavjudligi, ularning mazmuniy bog‘liqligi, amaliyotda ishlashi va natijadorligi o‘rganildi.
Xususan, ta’lim dasturlarining xalqaro ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablari bilan uyg‘unligi, dastur maqsadlari, kutilayotgan o‘quv natijalari hamda shakllantiriladigan kompetensiyalar o‘rtasidagi uzviylik tahlil qilindi.
Har bir fan va modulning o‘quv dasturida belgilangan asosiy va qo‘shimcha o‘quv adabiyotlari, darsliklar, o‘quv-uslubiy hamda metodik qo‘llanmalari mavjudligi ham o‘rganildi. Fan mazmuni talabada aynan qanday bilim, ko‘nikma va kasbiy kompetensiyani shakllantirishiga eʼtibor qaratildi.
Shu nuqtai nazardan o‘quv rejalari va fan dasturlarining ta’lim natijalariga xizmat qilishi, zarur mutaxassislik kompetensiyalarining bosqichma-bosqich shakllanishi hamda dastur mazmunining zamonaviy kasbiy ehtiyojlarga mosligi ekspertlar e’tiborida bo‘ldi.
Professor-o‘qituvchi salohiyati taʼlim sifatining asosiy indikatorlaridan biri. Ta’lim dasturini amalga oshirish uchun jalb etilgan professor-o‘qituvchilar soni, ularning mutaxassisligi va kasbiy salohiyati ham o‘rganildi. Nordikda o‘quv rejalarni ilmiy va pedagogik jihatdan sifatli amalga oshira oladigan ustozlar jamoasi faoliyat yuritishi eʼtirof etib o‘tildi.
Akkreditatsiya doirasida xorijiy ekspertlar xulosalari, malaka talablari, kafedralar xulosalari, PDCA — rejalashtirish, amalga oshirish, tekshirish va takomillashtirish sikliga asoslangan ichki ekspertiza rejasi, tegishli buyruqlar, moliyaviy maslahat bayonlari, ish beruvchilar so‘rovnomalari natijalari, bitiruvchilar kuzatuvi tahlili hisobotlari ko‘rib chiqildi.
Ekspertlar ish beruvchilar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan muloqot davomida yangi ta’lim dasturlarini ishga tushirishning ahamiyati, dasturlarni rivojlantirishdagi ularning ishtiroki va kelajak bitiruvchilaridan kutiladigan kompetensiyalarni muhokama qildilar.
Mehnat bozori, ta’lim ehtiyojlari va ilmiy-tadqiqotning so‘nggi tendensiyalarini muntazam yig‘ish, tahlil qilish va monitoring qilish mexanizmlari ham ekspertiza mezonlaridan o‘rin oldi.
Talabalar, professor-o‘qituvchilar, ish beruvchilar, soha mutaxassislari, bitiruvchilar va ota-onalarning fikr-mulohazalarini ta’lim dasturini takomillashtirish jarayoniga kiritish mexanizmlari o‘rganildi.
Barcha taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha ekspertlar bilan bevosita savol-javoblar tashkil etilib, dastur mazmuni va uni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan muloqot olib borildi. Baholash jarayonlarini samarali tashkil etish tartiblari, mexanizmlari va tegishli nizomlar ham indikatorlar asosida o‘rganildi.
Amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari, kurs loyihalarini bajarish uchun zarur jihoz va materiallarning mavjudligi, auditoriyalar, laboratoriyalarning ta’lim dasturi talablariga muvofiqligi ko‘zdan kechirildi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarliligi hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishi ham alohida indikator sifatida baholandi.
Shuningdek, inklyuzivlik mezonlari doirasida universitet binolari va o‘quv joylarining, jumladan, koridorlar, liftlar, eshiklar va sanitariya inshootlarining nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirilishi ham o‘rganildi.
Ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimlari, HEMIS va LMS imkoniyatlaridan foydalanish, dars va o‘quv materiallarini elektron formatda tashkil etish darajasi, shuningdek, universitetda yaratilgan elektron ta’lim xizmatlari ekspertlar e’tiborida bo‘ldi.
Akkreditatsiyada ta’lim dasturining xalqaro va milliy standartlariga hamda mehnat bozoriga muvofiqligi, akademik mazmuni, resurslari va ichki sifat mexanizmlari dalillar asosida kompleks o‘rganildi.
Xalqaro Nordik universitetida ta’lim sifatini ta’minlash mezonlariga o‘quv jarayoni, ilmiy-pedagogik faoliyat, xalqaro akademik mobillik, ish beruvchilar bilan hamkorlik va strategik boshqaruv jarayonlariga integratsiyalashgan tizim sifatida qaralgani eʼtirof etib o‘tildi.