Xalqaro Nordik universiteti “Orientation week” o‘quv-tanishtiruv haftaligi press-relizi

2025-09-12

Nordik universitetida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan 15–18-sentyabr kunlari 1-kurs talabalariga mo‘ljallangan sermazmun va qiziqarli dastur - “Orientation week” o‘quv-tanishtiruv haftaligi o‘tkazildi. 


Ushbu haftalikda Nordik oilasiga qadam qo‘ygan har bir yangi talaba katta e’tibor bilan qarshi olinib, oliygohning qadriyatlari, ta’lim tizimi, mustaqil ta’limning o‘rni va talabalik hayotining sir-asrorlari bilan tanishtirildi. 


Dastlabki kun – 15-sentyabrda Harbiy shon-shuhrat - “Jasorat” istirohat bog‘ida tantanali ochilish tadbiri o‘tkazilib, talabalar jonli musiqa sadolari ostida kutib olindilar. 


Vatanimiz Davlat Madhiyasi yangradi. Harbiy orkestrning yurt madhiga uyg‘un ijrolari, faxriy qorovulning tantanali saf tortishi va universitet rektori Sherzod Mustafakulov hamda faxriy mehmonlarning samimiy tabrik so‘zlari yoshlarning qalbida unutilmas taassurot uyg‘otdi. Yangi talabalar, universitet granti sohibi bo‘lgan yoshlar o‘z dil izhorlarini yo‘lladilar. 


Bayramona boshlangan dastur samimiy muloqotlar va universitet binosiga sayohat bilan davom etdi. Yangi talabalar auditoriyalarda o‘z guruhlarida jamlanib, ularga universitetning odob-axloq qoidalari, korporativ etika kodeksi hamda ta’lim jarayonidagi kredit-modul tizimi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.


Haftalik dastur davomida “University tour” – oliygoh bo‘ylab sayohat, ko‘rgazmalar, talabalar klublari yarmarkasi, maxsus fotozonalar tashkil qilindi. Barcha jarayonlarda talabalarning oliygohga amaliy moslashuviga e’tibor qaratildi. 


Pizza party – talabalar o‘rtasida samimiylikni mustahkamlovchi o‘ziga xos davra bo‘ldi. Ijtimoiy-psixologik treninglar, tyutorlik mashg‘ulotlari, HEMIS tizimidan foydalanish bo‘yicha amaliy mashqlarda talaba-yoshlar katta qiziqish bilan ishtirok etdilar. Bu mashg‘ulotlar orqali guruhlarda do‘stona muhit yaratildi. 


Shuningdek, “Work and travel” dasturi, intellektual o‘yinlar, kitob mutolaasi bo‘yicha interfaol suhbatlar o‘tkazildi.


18 sentyabr kuni “Orientation Week” dasturi doirasida talabalar uchun unutilmas bayram tashkil etildi. Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali qarshisida talabalar madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarda ishtirok etishdi. “Kalmar o‘yini” esa ularni qizg‘in musobaqa va hayajonli lahzalar, bahslarga chorlab, maydonni yanada jonlantirdi.


O‘quv yilining boshlanishi talabalar uchun musiqa, raqs, o‘yin va tanlovlarga boy “Freshmen Party” bilan esda qolarli tarzda boshlandi. Tadbir DJ Bellaning quvnoq musiqiy setlari ostida yanada shukuhli ruhda o‘tdi. 


Nordikda har bir yangi talaba e’tibor markazida bo‘ldi. Universitet o‘z talabalari uchun mustahkam bilim manbai, ijodiy muhit va keng imkoniyatlar maydonini taqdim etishga intiladi. “Orientation Week” esa – bu yo‘ldagi ilk qadamlardan biri, yoshlarga ta’lim, do‘stlik va kelajak sari ishonchli hamrohlikni va’da etuvchi ezgu an’ana sifatida talabalarda jamoaviylik hissini kuchaytiradi. 


Xalqaro Nordik Universitetida mingdan ortiq talaba-yoshlar global ilm-fan va muvaffaqiyat yo‘llarini mazmunli boshladilar.