Garvardchilar tashrifi press-relizi
20-mart kuni Xalqaro Nordik universitetida Garvardchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Nordik yana bir muhim xalqaro akademik voqeaning markazida. Dunyoning yetakchi oliy ta’lim maskanlaridan biri — Garvard universitetining 50 nafarga yaqin vakillarining mamlakatimizga, jumladan Nordik universitetiga tashrifi davomida ilm, madaniyat va hamkorlik yo‘lida muhim muloqotlar o‘tkazildi.
Yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘z arafasida Xalqaro Nordik universiteti mezbonlik qilgan uchrashuvda mehmonlar milliy qadriyatlarga uyg‘un tarzda ehtirom bilan kutib olindilar.
Universitetning Rowan kampusida mehmonlar milliy musiqa sadolaridan bahra oldilar. Bu O‘zbekistonning ochiq qalbi va boy madaniyatining jonli namoyishlaridan biri bo‘ldi. Delegatsiya a’zolariga milliy liboslar kiydirilishi madaniyatlar muloqoti, hurmat va yaqinlik ifodasi ham bo‘ldi.
Mehmonlarga Nordik universitetining xalqaro yo‘nalishlari, innovatsion yondashuvlari va akademik salohiyati taqdim qilindi. Bu taqdimotda universitetning global ta’lim maydonidagi o‘rni, xalqaro hamkorlikka ochiqligi va yoshlar uchun yaratayotgan imkoniyatlari keng namoyish etildi.
Garvardchilar Nordik misolida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining yangi qiyofasi bilan tanishdilar.
Universitet oshxonasida tashkil etilgan kechki qabul ham tadbirning eng muhim qismlaridan bo‘ldi. Mehmonlar uchun milliy va jahon taomlari tortiq etildi, jonli musiqa, erkin va samimiy muloqot muhiti yaratildi. Suhbatlar qurildi, fikr-mulohazalar, kelajakdagi hamkorliklar uchun takliflar almashildi.
Mehmonlarni kuzatish marosimi iliq taassurotlar bilan yakunlanib, ushbu uchrashuv yangi hamkorliklar, loyihalar va yangi imkoniyatlar boshlanishi bo‘ldi. Bu tashrif O‘zbekiston o‘zining global ilmiy-ta’lim xaritasidagi o‘rnini tobora mustahkamlab borayotganining amaldagi namunasi ham bo‘ldi.