Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Xalqaro Nordik universitetiga tashrifi press-relizi
Finlandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbning O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirayotgan rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga yo‘l ochmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Finlandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb 29-oktyabr – 1-noyabr kunlari mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lmoqda. Mazkur tashrif O‘zbekiston–Finlandiya munosabatlari tarixida muhim tarixiy voqea sifatida qayd etilib, ikki tomonlama hamkorlikni yangi mazmun va amaliy natijalar bilan boyitishga qaratilgan.
Tashrif doirasida 30-oktyabr kuni Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Toshkent shahridagi Xalqaro Nordik Universitetiga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mas’ullari, universitet rahbariyati, Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli, universitet Boshqaruv kengashi raisi Alisher Jo‘rayev va akademik jamoa katta ehtirom bilan kutib oldilar.
Finlandiya hukumati tomonidan universitetga taqdim etilgan Karl Gustav Mannergeym tarixiy foto-ko‘rgazmasi bilan tanishuv amalga oshirildi va oliy darajadagi uchrashuv o‘tkazildi.
Shuningdek, “Nordic EdTech & Innovatsion HUB” modeli taqdimoti o‘tkazildi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda Finlyandiya va Nordik davlatlari ta’lim modeli asosida ta’lim–ilm-fan–ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, Finlyandiya oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki diplomli ta’lim loyihalari va akademik almashinuvni kengaytirish, talabalar uchun Work & Travel Finland dasturini rivojlantirish va kvotalarni bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlar natijalari Finlandiya davlat rahbarini mamnun qildi.
Uchrashuvda har ikki oyda fin bog‘cha va maktablari hamda oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston pedagoglari uchun stajirovkalarni tizimli tashkil etish va ularning samaradorligini yanada oshirish, Nordik davlatlari hamkorligida biznes forumlari, innovatsiya sammitlari va xalqaro akademik konferensiyalar mazkur yo‘nalishlarda rivojlanish omili bo‘layotgani ta’kidlandi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Xalqaro Nordik universiteti tomoni o‘zaro hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini yanada kengaytirish, bu borada yanada istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirishni ko‘zda tutayotganini ma’lum qildi.