So‘z fidoyisiga ehtirom: O‘tkir Rahmatga "Faxriy professor" unvoni topshirildi

So‘z fidoyisiga ehtirom: O‘tkir Rahmatga "Faxriy professor" unvoni topshirildi

July 09 , 2026

|

1358

Millat taraqqiyotida shunday siymolar bo‘ladiki, ular o‘z faoliyati bilan nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlod tafakkurini ham boyitadi.

Ularning hayot yo‘li fidoyilik, ma’rifat va Vatanga muhabbatning yorqin timsoliga aylanadi. Ana shunday yurt fidoyilaridan biri — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, "Mehnat shuhrati" ordeni va "Shuhrat" medali sohibi, Xalqaro Cho‘lpon mukofoti laureati, taniqli adib, publitsist va jamoat arbobi, "Xalq so‘zi" hamda "Народное слово" gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmatdir.

Xalqaro Nordik universitetida atoqli adibga universitetning "Faxriy professor" ilmiy unvoni topshirilgani uning ko‘p yillik samarali mehnati va milliy jurnalistika hamda ma’naviyat rivoji, yoshlar maʼrifatiga qo‘shgan ulkan hissasiga bildirilgan e’tirof bo‘ldi.

Tadbir doirasida O‘tkir Rahmatning ijodiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi, yangi "Xalq uchun baxshida yurak" kitobi taqdimoti, ijodiy uchrashuv va adabiy muloqot o‘tkazildi.

Anjumanda adibning serqirra ijodi, boy adabiy merosi hamda xalq manfaatlariga baxshida etilgan umr yo‘liga keng nazar tashlandi.

1948-yil 15-mart kuni Samarqand viloyatining Uzun qishlog‘ida tavallud topgan O‘tkir Rahmatning qalbida bolalikdan shakllangan so‘zga muhabbat, Vatanga sadoqat va xalq dardiga hamnafas bo‘lish tuyg‘usi uni zamonaviy o‘zbek jurnalistikasi va adabiyotining yetakchi namoyandalaridan biriga aylantirdi.

Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti hamda Toshkent davlat yuridik institutida tahsil olgan ijodkor 1974-yildan matbuot sohasida faoliyatini boshladi. U Prezident Devoni, nufuzli davlat idoralari va mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalarida mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi. Mustaqillik yillarida esa uning publitsistikasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining o‘ziga xos ma’naviy yilnomasiga aylandi. Bosh muharrir sifatida u gazeta sahifalarini nafaqat axborot maydoni, balki xalq bilan davlat o‘rtasidagi ochiq muloqot, fikr va tafakkur minbariga aylantirishga munosib hissa qo‘shdi.

O‘tkir Rahmat ijodi she’riyat, publitsistika va nasrni o‘zida uyg‘unlashtirgan betakror hodisadir. Uning asarlarida inson qadri, Vatanga muhabbat, ma’naviyat, ezgulik va milliy o‘zlik g‘oyalari bosh mavzu sifatida namoyon bo‘ladi. "Irmoq", "Sog‘inch", "Jilg‘a", "Rayhon hidi", "Shukrona", "Oy yog‘dusi", "Ko‘zim qorachug‘i", "Xayol ifori", "Yurakdagi qush", "Dilchiroq", "Mangu ovoz", "Taskin", "O‘tli ruh", "Yillar oralab" kabi o‘nlab kitoblari kitobxonlar qalbidan mustahkam o‘rin egallagan. Bejizga adabiyotshunoslar uni "inson ruhiyatining musavviri" deb ta’riflamaydilar. Chunki u tabiat manzaralari orqali insonni, inson orqali esa jamiyatni teran badiiy talqin etadi.

Anjumanda universitet professor-o‘qituvchilari va mehmonlar ijodkorning xalq ishonchi hamda kitobxonlar mehrini qozonganini alohida ta’kidladilar. Uning sheʼrlaridan namunalar o‘qidilar. Qo‘shiqlarga aylangan satrlarini jonli ijro etdilar.

Tadbir davomida O‘tkir Rahmatning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi, kitoblar ko‘rgazmasi tashkil qilindi, adabiy muloqot hamda yangi kitob taqdimoti o‘tkazildi.

"Xalq uchun baxshida yurak" — davr va vijdon qissasi. Muallifning yangi kitobi uzoq yillik hayotiy tajribasi, publitsistik kuzatuvlari va fuqarolik pozitsiyasining badiiy ifodasidir. Asarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, inson qadrini ulug‘lash, xalq farovonligini ta’minlash, ma’naviy taraqqiyot hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch masalalari hayotiy misollar va chuqur tahlillar asosida yoritilgan.

Muallif murakkab siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni sodda va ravon uslubda talqin etib, o‘quvchini nafaqat voqelik bilan tanishtiradi, balki uni mushohada yuritishga, xulosa chiqarishga va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga chorlaydi. Shu jihatdan mazkur asar badiiy-publitsistik kitob bo‘lish bilan birga, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy ruhini aks ettiruvchi muhim manbalardan biri sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘tkir Rahmat bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv nafaqat atoqli ijodkorni sharaflash marosimi, balki xalq manfaatiga xizmat qilgan umr, so‘z mas’uliyati va ma’rifatga sadoqatni ulug‘lovchi yuksak ma’naviy muloqot bo‘ldi.

Tadbir yakunida Universitet Kengashi qaroriga muvofiq O‘tkir Rahmatga "Faxriy professor" ilmiy unvoni topshirildi. Universitet rektori, professor Sherzod Mustafakulov hamda akademik Baxriddin Zaripov adibni samimiy qutlab, uning milliy jurnalistika, adabiyot va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yuksak baholadilar.

Marosim so‘ngida qadrli mehmon universitetning "Dil izhori" kitobiga ezgu tilaklarini bitib qoldirdi.

photo-2026-07-09-15-48-51-2
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-48-51-3
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-48-52
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-49-19
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-49-18
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-49-19-2
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-48-57
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-48-53
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-48-54
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-48-55
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-48-56
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-49-17
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-49-17-2
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-49-16
Ko‘rib chiqish
photo-2026-07-09-15-48-57-2
Ko‘rib chiqish
Chop etish

So'nggi yangiliklar

Nordik va Xushnudbek: taʼlim, media va yoshlar manfaatlari yo‘lida hamkorlik

Nordik va Xushnudbek: taʼlim, media va yoshlar manfaatlari yo‘lida hamkorlik

Bugungi kunda yoshlar taʼlimni nafaqat auditoriyada, balki raqamli platformalar, ochiq bilim manbalari va ishonchli axborot orqali ham tanlayapti. Shu nuqtai nazardan uchrashuv davomida zamonaviy taʼlim muhitini rivojlantirish, taʼlim platformalarini takomillashtirish, yoshlar uchun foydali taʼlim va media loyihalarni yaratish hamda bilimni ommalashtirishga qaratilgan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Xushnudbek Xudoyberdiyev yillar davomida abituriyentlar, talabalar va keng jamoatchilikka oliy taʼlim, qonunchilik hamda ijtimoiy masalalar bo‘yicha tezkor va ishonchli maʼlumot yetkazib kelmoqda. Uning faoliyati yoshlarning to‘g‘ri qaror qabul qilishi, taʼlim imkoniyatlaridan xabardor bo‘lishi va huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Nordik universiteti esa sunʼiy intellekt, raqamli ta'lim va xalqaro tajribalarni uyg‘unlashtirgan innovatsion taʼlim muhitini rivojlantirishni o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida davom ettirmoqda.

Ushbu uchrashuvda taʼlim sifatini oshirish, ochiq muloqotlarni kuchaytirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Taʼlim orqali xavfsiz jamiyat: Nordik va UNODC — umumiy maqsad yo‘lida

Taʼlim orqali xavfsiz jamiyat: Nordik va UNODC — umumiy maqsad yo‘lida

BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC)ning Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili Oliver Stolpe va Nordik rahbariyati o‘rtasida muhim uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida janob Stolpe UNODCning giyohvand moddalar savdosi, transmilliy jinoyatchilik, korrupsiya va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashdagi xalqaro tajribasi haqida keng maʼlumot berdi. Bugungi kunda giyohvandlik va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash taʼlim, maʼrifat va profilaktika orqali samarali natija berayotganini eʼtirof etdi.

Universitet rahbariyati esa Nordikning taʼlim, innovatsiya va biznesni birlashtirgan zamonaviy hub sifatidagi faoliyatini taqdim etdi.

Muloqotning asosiy mavzusi yoshlarni zararli illatlardan asrashga qaratildi. Tomonlar talaba-yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi immunitetni yanada kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, maʼrifiy kampaniyalar va qo‘shma ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida 2026-yil sentyabr oyida navbatdagi amaliy uchrashuvni o‘tkazish hamda talabalar uchun qo‘shma profilaktik va maʼrifiy loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Nordikdan innovatsion platforma: ilmiy kengashning yangi modeli — AI professorlar

Nordikdan innovatsion platforma: ilmiy kengashning yangi modeli — AI professorlar

Dissertatsiya ishlarini sun'iy intellekt ekspert kabi tahlil qilishi mumkinmi?

Metodologik xatolarni himoyagacha aniqlashning iloji bormi?

AI ilmiy kengash faoliyatini yanada shaffof va sifatli tashkil etishga qanchalik xizmat qila oladi?


Taqdimot davomida ushbu savollarga mualliflar tomonidan batafsil javoblar berildi. Sun'iy intellekt asosida yaratilgan AI professorlar ishtirokidagi ilmiy kengash simulyatsiyasi amalda namoyish etildi. Platformada dissertatsiyalarni ekspertlar darajasida tahlil qilish, ilmiy va metodologik kamchiliklarni erta bosqichda aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish imkoniyatlari mavjudligi ko‘rsatib berildi.

Muhokamalar davomida sun'iy intellekt ilmiy rahbar yoki ekspertning o‘rnini egallashi emas, balki ularning qaror qabul qilish jarayonini aniq tahlillar va tezkor tavsiyalar bilan qo‘llab-quvvatlovchi vosita ekani alohida ta'kidlandi.

Bu esa ilmiy izlanishlar sifati, dissertatsiyalarni tayyorlash va himoya jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam sifatida baholandi.

Mazkur platforma ilmiy rahbarlar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan barcha tadqiqotchilar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, ilm-fanda raqamli transformatsiya va sun'iy intellekt imkoniyatlarini keng joriy etish yo‘lidagi navbatdagi innovatsion yechimlardan biridir.

Nyu-Jersidagi AI markazidan taassurotlar

Nyu-Jersidagi AI markazidan taassurotlar

— Markazning asosiy vazifasi universitetlar, tadqiqotchilar va innovatorlarning istiqbolli g‘oyalarini bir platformada jamlash, ularni muvofiqlashtirish hamda tayyor mahsulot va biznesgacha olib borishda har tomonlama ko‘maklashishdan iborat.

Bu yerda kovorking maydonlari, mentorlik dasturlari, texnologik ekspertiza, investorlar bilan hamkorlik va tijoratlashtirish mexanizmlari yagona tizim sifatida ishlaydi. Natijada g‘oyalar xalqaro bozorda raqobatlasha oladigan innovatsion mahsulotga aylantiriladi, —
deydi delegatsiya rahbari, Nordik prorektori Odil Qo‘ysinov. — Bunday tajribalar sun’iy intellekt sohasida ta’lim, ilm-fan va biznes hamkorligini mustahkamlash, innovatorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi texnologik yechimlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Princeton university hamkorligida faoliyat yuritayotgan ushbu innovatsion markazda ishtirokchilar AIni boshqarish va innovatsiyalarni tijoratlashtirish mexanizmlari, zamonaviy data centerlar faoliyati hamda ularning sun’iy intellekt rivojidagi ahamiyati bilan tanishdilar. AI infratuzilmasini boshqarish bo‘yicha interaktiv va rolli mashg‘ulotlarda universitet, sanoat va davlat hamkorligining samarali modellarini amaliy misollar orqali o‘rgandilar.

Mazkur AI bo‘yicha xalqaro malaka oshirish kursi xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish, ularni O‘zbekiston ta’lim tizimiga moslashtirish va sun’iy intellekt sohasida yangi liderlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Universitetning Telegram'dagi rasmiy kanalini kuzatib boring

YouTube kanalimizga obuna bo'ling

Facebook sahifamizni kuzatib boring

LinkedIn profilimizga ulanish