Kengashda yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Milliy reyting indikatorlari asosida kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, akademik faoliyat sifati, ilmiy-tadqiqot natijalari, xalqaro hamkorlik darajasi, bitiruvchilarning bandligi hamda raqamlashtirish ko‘rsatkichlari universitetning raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillar sifatida e’tirof etildi.
Professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayonlarini zamonaviy axborot tizimlari asosida tashkil etish masalasi ham keng muhokama qilindi. Yagona raqamli portfolio tizimini yo‘lga qo‘yish orqali pedagoglarning kasbiy rivojlanishini kuzatish, ilmiy va metodik faoliyat natijalarini tizimli jamlash hamda attestatsiya jarayonlarining shaffofligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Mazkur tashabbus universitet boshqaruvida raqamli transformatsiya jarayonining mantiqiy davomidir.
Shuningdek, universitetning nufuzli global reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash masalasi ham e’tibor markazida bo‘ldi. Ilmiy maqolalar soni va ularning iqtiboslilik darajasini oshirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, xorijiy professor-o‘qituvchilar ulushini ko‘paytirish hamda ta’lim jarayonini to‘liq raqamlashtirish kabi vazifalar belgilab olindi.
Kengashda Sanoatni boshqarish va raqamli texnologiyalar kafedrasi qoshida xalqaro elektron ilmiy jurnalni ta’sis etish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur loyiha sanoat menejmenti, raqamli iqtisodiyot va innovatsion rivojlanish yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlarni ommalashtirish, xalqaro mualliflar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda universitetning ilmiy brendini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi turli masalalar — o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlarni nashrga tavsiya etish, shuningdek, akademik jarayonlar bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ko‘rildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Kengash yakunida bir guruh ilmiy daraja olgan professor-o‘qituvchilarga diplomlar topshirildi. Tug‘ilgan kun egalari samimiy tabriklandi!




