Mazkur ilmiy yig‘ilishda oliy ta’lim va ilm-fan integratsiyasini mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga eʼtibor qaratildi.
Majlis davomida tadqiqotchi Nigmanov Azizbek Ulugbekovich tomonidan “O‘zbekiston sanoat tarmoqlarida energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha xorijiy tajriba (Xitoy Xalq Respublikasi misolida)” mavzusidagi dissertatsiya ishi taqdim etildi.
Tadqiqotda sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or xorijiy yondashuvlar tahlil qilinib, ularni milliy sharoitga moslashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Himoya jarayonida ishning nazariy va amaliy ahamiyati keng muhokama qilindi.
Shuningdek, tadqiqotchi Xalmatov Turg‘unbay Qo‘chkarovichning “Yengil sanoat korxonalari faoliyatida raqamli texnologiyalardan foydalanishning uslubiy jihatlarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyasi ham kengash raisi va a’zolari tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur ish raqamli transformatsiya jarayonlarining yengil sanoat tarmoqlariga tatbiqi, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish masalalari chuqur tahlil etilganligi bilan ahamiyatlidir.
Muhokamalar yakunida har ikki dissertatsiya ishi ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati va dolzarbligi nuqtai nazaridan ijobiy baholanib, Ilmiy kengash qaroriga muvofiq munosib ravishda tasdiqlandi.













