Mazkur anjuman Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyani XNUning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Odiljon Qo‘ysinov tabrik so‘zi bilan ochdi va konferensiyadan ko‘zda tutilgan maqsad raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, innovatsion yechimlar va inklyuziv yondashuvlar orqali pedagogik ta’limni modernizatsiya qilish, global tajribani milliy amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilganligini eʼtirof etib o‘tdi.
Shundan so‘ng Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti professori Lola Mo‘minova "Inklyuziv taʼlim: metodologik modeldan amaliyot sari" mavzusida maʼruza qildi.
Sh.Ualixonov nomidagi Ko'kshetau universiteti professori G.Isekovaning "Komikslar qozoq tilini o‘qitish va ommalashtirish vositasi sifatida: tarixiy tajriba va zamonaviy istiqbollar" mavzusidagi maʼruzasi tinglandi.
Konferensiyada O‘zbekiston, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlardan yetakchi olimlar, tadqiqotchilar hamda amaliyotchilar ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida beshta ilmiy sho‘ba faoliyat yuritdi. Sifatli ta’lim va barqaror taraqqiyot, sun’iy intellekt va inson omili uyg‘unligi,
inklyuziv ta’limning yangi bosqichi, maktabgacha ta’limda raqamli texnologiyalar hamda til va adabiyot ta’limida innovatsion yondashuvlar atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan qator tavsiyalar ilgari surildi.













