Guruh boshlig‘i, Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov rahbarligida o‘tkazilgan majlisda respublikamizdagi pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari va rahbar kadrlari ishtirok etdilar.
Majlisda kun tartibidagi masala - ishchi guruhning ish tartibi, konsepsiya va trayektoriyasini kelishib olish, pedagogika sohasida kadrlar tayyorlayotgan oliy taʼlim muassasalari to‘g‘risida maʼlumotlar bankini shakllantirish taklifi ilgari surildi.
Rektorlar va mutaxassislar bilan doimiy aloqa o‘rnatish, sohada mavjud muammolar bazasini shakllantirish bo‘yicha forum - yagona platforma tashkil etish to‘g‘risida so‘z bordi.
Muammolar bankini shakllantirish uchun universitetlar va maktabda taʼlim berayotgan o‘qituvchilar, ish beruvchilar o‘rtasida Anketa so‘rovnomalarining savolnomasini ishlab chiqish takliflari ishchi guruh aʼzolari tomonidan maʼqullandi.
Ko‘rilgan masalalar yuzasidan muhokamalarda Termiz davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti, Renessans taʼlim universiteti masʼullarining taklif-mulohazalari, ular tomonidan o‘rganilgan taʼlim muammolari tinglandi. Ushbu masala va muammolar yechimlari islohotlarga asos bo‘lishi taʼkidlab o‘tildi.
Nordik universiteti prorektori Odil Qo‘ysinov kun tartibidagi ikkinchi masala pedagogikaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarini kompleks rivojlantirishning manzilli konsepsiyasini ishlab chiqishning bugungi kundagi ahamiyatiga ishchi guruh eʼtiborini qaratdi.
Oliy taʼlim muassasalarida o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash, qabul va o‘quv jarayonlarida kreativ pedagogik metodlarni keng qo‘llash ko‘nimlalarini shakllantirish borasida xalqaro va ilg‘or tajribalarga to‘xtaldi
Majlisda turli masalalar ko‘rildi. Miqdordan sifat ko‘rsatkichlariga o‘tish, pedagogik hamjamiyatning hamkorligiga erishish, faoliyatni muvofiqlashtirish uchun doimiy onlayn forum va muloqotlar o‘tkazib borishga kelishildi.








