Seminar majlisida universitet mustaqil izlanuvchisi Jasurbek Turg‘unovning 08.00.03 – “Sanoat iqtisodiyoti” ixtisosligida iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi olish uchun tayyorlagan dissertatsiya ishi muhokama qilindi.
“Sanoat korxonalari rivojlanishining atrof-muhitga ta’sirini baholash mexanizmini takomillashtirish” mavzusidagi tadqiqotda ishlab chiqilgan ilmiy takliflar asoslangan va dolzarb ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tadqiqotchisi Aziza Mirzaraximovaning 08.00.16 – “Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya” ixtisosligidagi “Elektron sog‘liqni saqlash” tizimini takomillashtirishda yangi texnologik yondashuvlar tadqiqoti" mavzusida tayyorlagan dissertatsiyasi amaliy asoslanganligi eʼtirof etildi.
Seminar davomida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti tayanch doktoranti Mahliyo Diyarovaning 08.00.13 – “Menejment” va 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” tutash ixtisosligidagi “Qurilish korxonalarida boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishi keng muhokama qilinib, zarur ilmiy-amaliy tavsiyalar berildi.
Mazkur seminar innovatsion fikrlar va ilmiy asoslangan yondashuvlarni ilgari surish, shuningdek, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida zamonaviy tadqiqotlar olib borayotgan izlanuvchilarga mustahkam nazariy-amaliy tayanch yaratish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.










