Ushbu uchrashuv O‘zbekiston yoshlarini Yevropaning nufuzli ta’lim va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari bilan bog‘lash yo‘lidagi navbatdagi muhim tashabbus bo‘ldi.
Muloqotda elchixona vakillari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, "El-yurt umidi" jamg‘armasi, Xalqaro Nordik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ishtirok etdilar.
Elchixona sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston 34 ta davlat qamrab olingan GPS dasturi ro‘yxatiga kiritildi. Bu dastur, ayniqsa, bakalavriat bosqichini tamomlayotgan iqtidorli yoshlar uchun Shvetsiyada tahsil olish va professional tajriba orttirish yo‘lida yuksak imkoniyatlar eshigini ochadi.
Muloqot davomida XNU rahbariyati tomonidan universitet faoliyati va xalqaro yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Xalqaro Nordik universitetida fin tilidan tashqari shved tilini o‘rgatish kurslarini boshlash taklif etildi. Bu ta’limiy integratsiyani mustahkamlash va madaniy yaqinlashuvni kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Muhokamalar yakunida Xalqaro Nordik universiteti O‘zbekiston va Shimoliy Yevropa davlatlari o‘rtasidagi akademik, ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishda “intensiv hub” sifatida muhim rol o‘ynayotgani e’tirof etildi.










