Mazkur konferensiyada mamlakatimizda raqamli xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga eʼtibor qaratildi. Konferensiya soha mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar va talabalarning professional muloqoti uchun samarali platformaga aylandi.
Tadbir doirasida kiberxavfsizlik amaliyotchilari tomonidan real keyslar, sanoat tajribasi hamda istiqbolli karyera yo‘nalishlariga oid tahliliy taqdimotlar o‘tkazildi.
Ishtirokchilar zamonaviy tahdidlar va ularga qarshi samarali himoya mexanizmlarini amaliy misollar asosida o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Texnik workshoplar davomida zamonaviy vositalar va dasturiy yechimlar bilan ishlash, hujum va himoya ssenariylarini modellashtirishga qaratilgan interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etildi. Shuningdek, maxsus interaktiv zonalar va networking maydonlari professional aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qildi. Turli challenge’lar, sovrinli bellashuvlar va ochiq muloqotlar yoshlar uchun motivatsion muhit yaratdi.
Anjuman doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan Capture The Flag (CTF) musobaqasi bilim, tezkor tahliliy fikrlash va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarining amaliy sinoviga aylandi. O‘zbekistonning turli oliy taʼlim muassasalaridan 50 ta jamoa yoshlari kriptografiya, tarmoq xavfsizligi, veb-ilovalar himoyasi, revers-injiniring va forenzika yo‘nalishlari bo‘yicha murakkab masalalarni yechdilar.
Xalqaro Nordik universiteti jamoasi ushbu musobaqada munosib ishtirok etib, kiberxavfsizlik sohasidagi bellashuvlarda faol qatnashgani hamda raqobatbardosh professional muhitni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Sertifikat bilan taqdirlandi.




