Bitiruvchi-2026: Nordikda yuzlab orzular ushaldi

February 01 , 2026
1591
2026-yil 31-yanvar. Toshkent shahri, Yoshlar ijod saroyi bayramona bezatilib, orzu, umid va kelajakka ishonchi yuksak bitiruvchilar bilan gavjum bo‘ldi.
Xalqaro Nordik universitetining bitiruv kechasi yuzlab yangi mutaxassislar kelajakka yo‘l olgan tarixiy lahzalarga aylandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi sadolari bilan ochildi. Ushbu ulug‘ qo‘shiq bitiruvchilarga nafaqat faxr, balki yurt, xalq oldidagi mas’uliyat, fidoyilik va vatanparvarlik tuyg‘ularini yana bir bor eslatdi.
Hayajonli kechada talabalik yillarining eng yorqin onlari, jonkuyar ustozlar saboqlari — barcha-barchasi bitiruvchilar ko‘z oldidan qayta o‘tdi. Zero, auditoriyadagi mehnatli kunlar, ilmiy izlanishlar, ijodiy loyihalar, talabalar hayotidagi samimiy lahzalar eslanganda uzoq yillar qalblarda faxr va sog‘inch uyg‘otishi, tabiiy.
Tadbirning ochilishida Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov bitiruvchilarni mashaqqatli va sharafli ilm yo‘lini muvaffaqiyatli bosib o‘tganlari bilan samimiy qutladi. Yetuklik diplomi, mustaqil fikr, mas’uliyat, mehnat va hayotga tayyorlikni qo‘lga kiritgan Nordik oilasi vakillariga eng ezgu tilaklarini yo‘lladi. Nordik o‘z bitiruvchilarini nafaqat malakali kasb egasi, balki jamiyatning faol, jonkuyar a’zolari, ayniqsa yosh avlodni oldinga yetaklaydigan maʼrifatparvar shaxslar, talabgor mutaxassislar etib tarbiyaladi. Bitiruvchi-mutaxassislarning yurtimiz taʼlim tizimi, xususan maktabgacha taʼlim sohasida yosh avlodga bor qalb qo‘rlari bilan taʼlim-tarbiya berish, muhimi shaxs va barkamol inson sifatida tarbiyalashlariga katta ishonch bildirildi.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan nufuzli mehmon – O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi Pedagog kadrlarni tayyorlash va kasbiy rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Husanjon Gʻaniyev bitiruvchilarni mamlakat ta’limi va taraqqiyoti yo‘lida faol bo‘lishga chorlab, ularga yuksak ishonch bildirdi.
Nordik universiteti Faxriy professori, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tatariston va Boshqirdiston Respublikalari xalq artisti Jenisbek Piyazov ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar kechaga yuksak ruh bag‘ishlab, bitiruvchilar qalbida o‘zgacha quvonch uchqunini yoqdi.
Tantanali taqdirlash marosimida universitetning barcha akademik talablarni to‘liq bajargan bitiruvchilar sahnaga taklif etildilar. Olqishlar ostida diplomlar tantanali topshirildi.
Taniqli va xushovoz xonandalar Jahongir Poziljonov, Hayotbek Xolmatov hamda Musiqa ta’limi kafedrasi professor-o‘qituvchilari ijrolaridagi kuy-qo‘shiqlar bitiruv kechasini chinakam bayramga aylantirdi.
Kecha yakunida Universitet Madhiyasi barcha ishtirokchilar tomonidan xor bo‘lib ijro etildi. Osmonga otilgan salyutlar esa bitiruvchilarning kelajagi porloq bo‘lishiga ramziy ishora bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida universitet jamoasi va bitiruvchilar esdalik suratlariga tushdilar. Bitiruvchilar o‘z his-tuyg‘ulari, ustozlarga minnatdorchilik va kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Xalqaro Nordik universiteti bitiruvchilari – diplom sohiblari, ta’lim, madaniyat va jamiyat taraqqiyotini yuksaltiruvchi yetuk mutaxassislardir. Ular yangi marralar sari dadil odimlar ekanlar, Nordik oilasining turli ilm maskanlar va jamoalardagi qadrli vakillari bo‘lib qolaveradilar.









So'nggi yangiliklar

Xalqaro eʼtirof yana biz bilan!
R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli tanlovda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondan 300 nafardan ortiq yosh ijodkorlar o‘zaro bellashdilar.
✨ Natijalar – e’tirofga loyiq:
Shahzodabonu Akramova eng yuqori mukofot — Gran-pri sohibasi bo‘lib, Olmaota va Issiqko‘lda o‘tkaziladigan xalqaro tanlovlarga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
✓ Eʼzoza Egamberdiyeva va Qodir Ergashev 2-o‘rin;
✓ Mohinisa Abduvaliyeva 3-o‘rinni egalladi.
Ularning bu yutug‘i mehnat, qat’iyat va ustozlar ishonchi samarasidir.
Quvonarlisi, Qozog‘istonning “Baxtli el avlodi” jamoat fondi tomonidan yosh avlodni san’atga jalb etish va ijodiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi samarali faoliyati uchun Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafakulov Tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Yoshlarimiz tanlovdan unutilmas taassurotlar, ilhom va yangi marralar sari kuchli ishonch bilan qaytishdi.
Xalqaro sahnalarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilayotgan iste’dodli yoshlarimiz bilan faxrlanamiz!
👏 Ularda saboq berayotgan fidoyi ustozlarga alohida tashakkur!

Nordikdan yangi ta’lim platformasi: talim365.uz!
🎓 “Talim365” — bu bilim, tajriba va zamonaviy pedagogik yondashuvlar jamlangan ochiq axborot maydoni. Unda ustozlar, tadqiqotchilar, talabalar hamda ota-onalar uchun ishonchli ma’lumotlar, tahlillar va muhim yangiliklar muntazam taqdim etib boriladi.
💡 Platformada:
✓ ta’limdagi eng dolzarb mavzular
✓ ekspert fikrlari va chuqur tahlillar
✓ innovatsion o‘qitish metodlari
✓ suhbatlar, maqolalar va maxsus reportajlar.
🌱 talim365.uz — bilimli, mustaqil fikrlaydigan va raqobatbardosh avlodni shakllantirishga xizmat qiluvchi yangi bilim maydoni.
Asosiy maqsad — ilm-fan rivojiga xizmat qiladigan g‘oyalarni ommalashtirish va ta’limning barcha bo‘g‘inlarida samaradorlikni oshirish.
🔎 Platforma barcha uchun ochiq — ta’limdagi muhim o‘zgarishlar, yangi qarashlar va dolzarb tahlillarni talim365.uz bilan birga kuzating.

Motivatsiya — ichki kuchingizni uyg‘oting!
U bizni oldinga undaydi, qiyinchiliklardan qo‘rqmaslikka va maqsad sari qat’iyat bilan intilishga yordam beradi. Eng muhimi, motivatsiya insonni majburlamaydi, balki unga tanlash va ongli ravishda harakat qilish imkonini beradi.
🎓 Universitetimiz psixologiya yo‘nalishi talabalari tomonidan o‘tkazilgan kichik tadqiqotda 51 nafar respondent-talabaning motivatsiya darajasi o‘rganildi.
📊 Natijalar quyidagicha:
🔹 37,3% talabalarda — balanddan ham yuqori motivatsiya
🔹 33,3% talabalarda — ancha yuqori motivatsiya
🔹 29,4% talabalarda — o‘rtacha motivatsiya.
💡 Bu ko‘rsatkichlar talabalarning aksariyatida bilim olishga intilish, shaxsiy rivojlanishga qiziqish va maqsad sari harakat qilish istagi kuchli ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, o‘rtacha motivatsiyaga ega talabalar bilan psixologik ishlashni kuchaytirish ta’lim samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
✨ Psixologlar tavsiya qiladi:
• Katta maqsadlarni kichik bosqichlarga bo‘ling
• Har bir muvaffaqiyatdan so‘ng o‘zingizni rag‘batlantiring
• Ijobiy fikrlashni shakllantiring: “Men qila olaman!”
• Yutuqlaringizni yaqinlaringiz bilan baham ko‘ring.
🚀 Esda tuting: motivatsiya — muvaffaqiyat sari ilk qadam.
Uni to‘g‘ri yo‘naltirsangiz, imkoniyatlar eshigi albatta ochiladi.

Muhim uchrashuv: yoshlar, xavfsizlik va kelajak
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining Shayxontohur tumaniga biriktirilgan ishchi guruhi vakillari hamda mutaxassislar talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar. Uchrashuv davomida huquqbuzarliklarning oldini olish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, kiberxavfsizlik, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilar, rektor maslahatchisi va masʼullar tomonidan yoshlarga jamiyat xavfsizligi, vatanparvarlik va shaxsiy mas’uliyat haqida muhim fikrlar bildirildi.
Tadbirda, kiberxavfsizlik strategiyasi va kiberjinoyatchilikning oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida talabalar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar, jonli va mazmunli muloqot bo‘lib o‘tdi.