Turli davlatlar madaniyati, innovatsion g‘oyalari va ta’lim imkoniyatlari namoyon etilgan festival xalqaro muloqot va do‘stlik maydoniga aylandi.
Festivalda Finlandiya Respublikasi Faxriy Konsulligi, Xalqaro Nordik universiteti hamda Nordik International School jamoasi va o‘quvchilari faol ishtirok etib, mehmonlarga Finlandiyaning boy madaniyati, zamonaviy ta’lim tizimi va xalqaro rivojlanish imkoniyatlari haqida keng ma’lumotlar taqdim etdilar.
Tashrif buyuruvchilar Finlandiyada mavjud grantlar, stajirovka va almashinuv dasturlari, kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Interaktiv taqdimotlar, vizual xaritalar, didaktik materiallar va kreativ faoliyatlar orqali mehmonlar nafaqat ma’lumot oldilar, balki Finlandiya ta’lim muhiti va hayot tarzini bevosita his etdilar.
Ayniqsa, bolalar va yoshlar uchun tashkil etilgan qiziqarli o‘yinlar, o‘quv mashg‘ulotlari hamda fin xalqining sevimli “mokkapala” shirinliklari festival mehmonlarida katta taassurot qoldirdi. Tadbir davomida fin tizimi bo‘yicha o‘rganish jarayoni zavqli, erkin va ilhomlantiruvchi muhitda kechishi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
27 davlatni birlashtirgan European Unionning ezgu maqsadlari, inson qadri, ta’lim, innovatsiya va hamkorlikka qaratilgan tashabbuslari festival davomida keng targ‘ib qilinib, mehmonlarga Yevropa bilan hamkorlikni nafaqat tinglash, balki uni his qilish imkonini berdi.










