Xalqaro Nordik universitetining bitiruv kechasi yuzlab yangi mutaxassislar kelajakka yo‘l olgan tarixiy lahzalarga aylandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi sadolari bilan ochildi. Ushbu ulug‘ qo‘shiq bitiruvchilarga nafaqat faxr, balki yurt, xalq oldidagi mas’uliyat, fidoyilik va vatanparvarlik tuyg‘ularini yana bir bor eslatdi.
Hayajonli kechada talabalik yillarining eng yorqin onlari, jonkuyar ustozlar saboqlari — barcha-barchasi bitiruvchilar ko‘z oldidan qayta o‘tdi. Zero, auditoriyadagi mehnatli kunlar, ilmiy izlanishlar, ijodiy loyihalar, talabalar hayotidagi samimiy lahzalar eslanganda uzoq yillar qalblarda faxr va sog‘inch uyg‘otishi, tabiiy.
Tadbirning ochilishida Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov bitiruvchilarni mashaqqatli va sharafli ilm yo‘lini muvaffaqiyatli bosib o‘tganlari bilan samimiy qutladi. Yetuklik diplomi, mustaqil fikr, mas’uliyat, mehnat va hayotga tayyorlikni qo‘lga kiritgan Nordik oilasi vakillariga eng ezgu tilaklarini yo‘lladi. Nordik o‘z bitiruvchilarini nafaqat malakali kasb egasi, balki jamiyatning faol, jonkuyar a’zolari, ayniqsa yosh avlodni oldinga yetaklaydigan maʼrifatparvar shaxslar, talabgor mutaxassislar etib tarbiyaladi. Bitiruvchi-mutaxassislarning yurtimiz taʼlim tizimi, xususan maktabgacha taʼlim sohasida yosh avlodga bor qalb qo‘rlari bilan taʼlim-tarbiya berish, muhimi shaxs va barkamol inson sifatida tarbiyalashlariga katta ishonch bildirildi.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan nufuzli mehmon – O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi Pedagog kadrlarni tayyorlash va kasbiy rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Husanjon Gʻaniyev bitiruvchilarni mamlakat ta’limi va taraqqiyoti yo‘lida faol bo‘lishga chorlab, ularga yuksak ishonch bildirdi.
Nordik universiteti Faxriy professori, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tatariston va Boshqirdiston Respublikalari xalq artisti Jenisbek Piyazov ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar kechaga yuksak ruh bag‘ishlab, bitiruvchilar qalbida o‘zgacha quvonch uchqunini yoqdi.
Tantanali taqdirlash marosimida universitetning barcha akademik talablarni to‘liq bajargan bitiruvchilar sahnaga taklif etildilar. Olqishlar ostida diplomlar tantanali topshirildi.
Taniqli va xushovoz xonandalar Jahongir Poziljonov, Hayotbek Xolmatov hamda Musiqa ta’limi kafedrasi professor-o‘qituvchilari ijrolaridagi kuy-qo‘shiqlar bitiruv kechasini chinakam bayramga aylantirdi.
Kecha yakunida Universitet Madhiyasi barcha ishtirokchilar tomonidan xor bo‘lib ijro etildi. Osmonga otilgan salyutlar esa bitiruvchilarning kelajagi porloq bo‘lishiga ramziy ishora bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida universitet jamoasi va bitiruvchilar esdalik suratlariga tushdilar. Bitiruvchilar o‘z his-tuyg‘ulari, ustozlarga minnatdorchilik va kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Xalqaro Nordik universiteti bitiruvchilari – diplom sohiblari, ta’lim, madaniyat va jamiyat taraqqiyotini yuksaltiruvchi yetuk mutaxassislardir. Ular yangi marralar sari dadil odimlar ekanlar, Nordik oilasining turli ilm maskanlar va jamoalardagi qadrli vakillari bo‘lib qolaveradilar.













