"Bitiruvchi-2025" diplom topshirish marosimi press-relizi
2025-yil 16-may - Xalqaro Nordik universiteti tarixida oltin harflar bilan bitiladigan unutilmas sanalardan biri bo‘ldi. Shu kunda universitet ilk bor o‘zining qaldirg‘och magistr-bitiruvchilarini katta hayot sari tantanali kuzatdi.
Bitiruv oqshomida bitiruvchilar va ularning oila aʼzolari, yaqinlari hamda ustozlar faxr va quvonch bilan ishtirok etdilar.
Anjuman O‘zbekiston davlat Madhiyasi sadolari ostida boshlandi. Osmonga uchirilgan oq kabutarlar tinchlik, poklik va kelajakka bo‘lgan umid ramzi sifatida yig‘ilganlar qalbiga iliqlik olib kirdi.
Yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shishga tayyor, zamonaviy tafakkurga ega magistrlar oldida universitet rektori, professor Sherzod Mustafakulov ezgu tilaklar bilan chiqish qilib, ularga kelgusidagi ilmiy, kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tantanali marosimga tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar ilm-fan, taʼlim sohasining yetuk vakillari - bugungi bitiruvchilarning ertangi yetakchilar, tadqiqotchilar va jamiyat bunyodkori bo‘lishlariga chuqur ishonch bildirdilar.
Shundan so‘ng yuzlarida iftixor, ko‘zlarida quvonch aks etgan bitiruvchilarga magistrlik diplomlari tantanali topshirildi. Faol bitiruvchi-talabalar universitet jamoasi va ustozlarga dil so‘zlarini izhor etdilar.
Bitiruv kechasida taqdim etilgan videoroliklar orqali Nordik hayoti - o‘qish davomida kechgan yorqin onlar qayta yodga olindi. "Nordik taronasi" ansamblining mahoratli ustoz sanʼatkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Universitet Madhiyasi talabalar jo‘rligida ijro etilar ekan, har bir ishtirokchi bu jamoaning bir bo‘lagi ekanidan faxr hissini tuydi. Magistrlar va Nordik uchun bu tarixiy quvonchli lahzalar esdalik suratlariga muhrlandi.
"Bitiruvchi-2025" nafaqat magistrlar bayrami, balki Nordik universitetining kamol sari dadil odimlayotgan yo‘lida yangi sahifa bo‘ldi. Diplom topshirish marosimi ilm, mehnat va orzular uyg‘unlashgan bayram sifatida tantanali nishonlandi.