Shvetsiya delegatsiyasi Nordik universitetida: ta’lim va sanoat integratsiyasi yo‘lida muhim uchrashuv press-relizi
Xalqaro Nordik universiteti navbatdagi nufuzli xalqaro mehmonlarni qarshi oldi. Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi Savdo siyosati departamenti bosh direktori Kamilla Mellander boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi doirasida Nordik universitetida bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi mutasaddilari hamrohligidagi delegatsiya va Nordik universiteti rahbariyati o‘rtasida samimiy muloqot o‘tkazildi.
Delegatsiya tarkibida "EOL Vent Mining", "Sandvik", "Epiros", "Scania", "Skf", "Ericsson", "Atlas Copco" kabi Shvetsiyaning yirik, ilg‘or sanoat kompaniyalari rahbarlari va menejerlari ishtirok etdilar. Mazkur kompaniyalar konchilik, mashinasozlik, axborot texnologiyalari va energetika sohalarida innovatsion yechimlari bilan tanilgan.
Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, innovatsion, taʼlim va sanoat hamkorligi asoslarini shakllantirishga ahamiyat qaratildi.
Tashrif doirasida mehmonlar universitet infratuzilmasi, ilmiy-tadqiqot faoliyati va xalqaro loyihalari bilan tanishtirildilar. Uchrashuvda ta’lim va sanoat integratsiyasi, talabalar amaliyoti, qo‘shma ilmiy loyihalar, hamkorlikda inkubatsiya markazlari yaratish, soha mutaxassislarini tayyorlash kabi dolzarb masalalarda fikr almashildi va kelishuvlar amalga oshirildi.
Nordik universitetining xalqaro aloqalarni rivojlantirish borasidagi strategiyasi Shvetsiya kabi ilg‘or davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy, raqobatbardosh va amaliy bilimlarga asoslangan ta’lim tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.