“TasIMO-2025” final bosqichi ochilishi press-relizi
Joriy yilning 18-21-may kunlari Toshkent shahridagi Xalqaro Nordik universitetida matematika fanidan iqtidorli o‘quvchi-yoshlar uchun muhim bellashuv — "TasIMO-2025" Toshkent xalqaro matematika olimpiadasining final bosqichi o‘tkazildi. Olimpiada 4 kunlik ilmiy va madaniy faoliyatlarni qamrab olib, ishtirokchilar uchun boy tajriba va unutilmas taassurotlar hadya etdi. Butun boshli fan yo‘nalishiga ta’sir qiluvchi yoshlar jamoalarini sinov maydonida jamladi.
Olimpiada yurtimizda ta’lim, ilm-fan va madaniyat orqali iqtidorli, ijodkor va ma’naviy barkamol yoshlar – haqiqiy vatanparvarlarni tarbiyalash maqsadida Xalqaro Nordik universiteti, IDC ta’lim markazi tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bolalar Ombudsmani, Jahon banki, YUNICYeF xalqaro tashkiloti, Rovan universiteti (AQSH) va Kareliya AFU (Finlandiya), "Xalq so‘zi" va "Narodnoye slovo" gazetalari hamda UzReport TV hamkorligida tashkil etildi.
17-may kuni olimpiada finaliga yo‘llanma olgan, 3-11-sinflarda tahsil olayotgan O‘zbekiston va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan iqtidorli o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari, ustozlari Nordik universiteti volontyorlar guruhi va TasIMO jamoasi tomonidan ehtirom bilan kutib olindilar.
Xususan, 1-onlayn bosqichda respublikamiz bo‘ylab 500 ming nafar yosh matematiklar bilimi sinovdan o‘tkazildi. 2-oflayn bosqichda 14 ta hududdagi 2983 nafar ishtirokchi-o‘quvchidan 150 nafariga final bosqichga yo‘llanma berildi. Shuningdek, 48 xorijiy mamlakatdan 850 nafar iqtidorli o‘quvchilar orasidan 242 nafari final bosqichiga tavsiya etildi. “TasIMO-2024” medalchilari va olimpiada qo‘mitasining tavsiyasiga muvofiq, nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib kelayotgan milliy terma jamoalar ham joriy yilgi musobaqa finalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar. Olimpiadaga yetib kelgan barcha finalchilarga TasIMO ramzi tushirilgan maxsus kiyim va esdalik sovg‘alari tuhfa qilindi.
18-may kuni Xalqaro Nordik universiteti oldi maydonida xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan ilm bayrami – “TasIMO-2025” xalqaro olimpiadasi final bosqichining tantanali ochilishi o‘tkazildi.
Ilm-fanga sadoqat, o‘zaro do‘stlik va teng imkoniyatlar ramzi bo‘lgan tarixiy tadbirni Xalqaro Nordik universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafakulov kirish so‘zi bilan ochdi. TasIMO yosh avlodga ishonch va rag‘bat, jamiyatimiz kelajagi uchun eng ezgu tashabbuslaridan biri ekanligi faxr bilan ta’kidlandi. Ijtimoiy, ilmiy va madaniy tadbirlar orqali yurtimiz ta’lim tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etish, ilmiy, ma’rifiy samaradorlik hamda yoshlar muvaffaqiyatiga xizmat qilish, yetuk bilim egalari seleksiyasini amalga oshirib, ularning iqtidorini kelgusida jamiyat rivoji yo‘lida safarbar etish TasIMOning qadriyat va maqsadlari sirasidan ekanligi e’tirof etildi.
Ochilish tadbirida olimpiada hamkorlari so‘zga chiqib, yosh bilimdonlar va ularning ustozlarini final bosqichga qadar dadil yetib kelganliklari bilan samimiy tabrikladilar. Ta’limni qo‘llab-quvvatlash, bolalar va yoshlar salohiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarga to‘xtaldilar. Jumladan, ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro matematika olimpiadasi nafaqat O‘zbekiston kelajagini shakllantiradigan yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratish va ularni jahonga tanitish, balki dunyo yoshlari orasida sog‘lom raqobat va o‘sishga yo‘l ochishini ta’kidlab o‘tdilar.
Shundan so‘ng yoshlarni ilmga yo‘naltiruvchi, buyuk avlodni tarbiyalashga hissa qo‘shuvchi mazkur bilimlar bellashuviga rasman start berildi. Ishtirokchilar sinflar kesimida o‘z auditoriyalariga kuzatib qo‘yildilar.