Dastlab vazirlik hay’ati qarorlari ijrosi, tizimli yondashuv hamda natijadorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullar tomonidan taqdim etilgan hisobotlarda amalga oshirilgan ishlar, innovatsiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha erishilgan natijalar yoritildi. Shu bilan birga, monitoring va baholash mexanizmlarini takomillashtirish, ichki nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi muhim masala — universitetning 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot faoliyati konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Mazkur loyihada ilmiy izlanishlarni amaliy natijadorlikka yo‘naltirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, grant va investitsiyalarni jalb etish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shuningdek, ilmiy faoliyatni raqamlashtirish, ilmiy natijalarni tijoratlashtirish hamda startap ekotizimini rivojlantirish xususida so‘z bordi.
Yig‘ilishda ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, talabalar fikrini so‘rovnomalar orqali o‘rganish hamda professor-o‘qituvchilar kompetensiyasiga qo‘yiladigan zamonaviy talablar yuzasidan ham muhokamalar olib borildi.
“Work and Travel – 2026” dasturi doirasida xorijga yuborilayotgan talabalarni tayyorlash, ularning xalqaro mehnat bozoriga moslashuvi va amaliy tajriba orttirishiga ko‘maklashish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Kengash yig‘ilishida “TasIMO – 2026” xalqaro matematika olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etish masalasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Rektor Sherzod Mustafakulov tomonidan olimpiadani keng targ‘ib qilish, raqamli platformalardan samarali foydalanish, ishtirokchilar geografiyasini kengaytirish hamda keyingi bosqichlarni yuqori darajada tashkil etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, ilmiy kadrlar tayyorlash va akkreditatsiya jarayonlari yuzasidan hisobotlar tinglandi. Mustaqil izlanuvchilarning individual ish rejalari va metodologik dasturlarini tasdiqlash, maxsus akkreditatsiya uchun ishlab chiqilgan o‘quv-me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda qabul kampaniyasini samarali tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilib, mas’ullar tomonidan tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Kengashda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, ilmiy yutuqlarga erishgan professor-o‘qituvchilar va stipendiat talabalar Kengash raisi tomonidan samimiy muborakbod etildi.













