— Markazning asosiy vazifasi universitetlar, tadqiqotchilar va innovatorlarning istiqbolli g‘oyalarini bir platformada jamlash, ularni muvofiqlashtirish hamda tayyor mahsulot va biznesgacha olib borishda har tomonlama ko‘maklashishdan iborat.
Bu yerda kovorking maydonlari, mentorlik dasturlari, texnologik ekspertiza, investorlar bilan hamkorlik va tijoratlashtirish mexanizmlari yagona tizim sifatida ishlaydi. Natijada g‘oyalar xalqaro bozorda raqobatlasha oladigan innovatsion mahsulotga aylantiriladi, — deydi delegatsiya rahbari, Nordik prorektori Odil Qo‘ysinov. — Bunday tajribalar sun’iy intellekt sohasida ta’lim, ilm-fan va biznes hamkorligini mustahkamlash, innovatorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi texnologik yechimlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Princeton university hamkorligida faoliyat yuritayotgan ushbu innovatsion markazda ishtirokchilar AIni boshqarish va innovatsiyalarni tijoratlashtirish mexanizmlari, zamonaviy data centerlar faoliyati hamda ularning sun’iy intellekt rivojidagi ahamiyati bilan tanishdilar. AI infratuzilmasini boshqarish bo‘yicha interaktiv va rolli mashg‘ulotlarda universitet, sanoat va davlat hamkorligining samarali modellarini amaliy misollar orqali o‘rgandilar.
Mazkur AI bo‘yicha xalqaro malaka oshirish kursi xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish, ularni O‘zbekiston ta’lim tizimiga moslashtirish va sun’iy intellekt sohasida yangi liderlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.