Vengriya, Shvetsiya, Finlandiya va Qozog‘iston bilan yangi ta’lim loyihasi

Vengriya, Shvetsiya, Finlandiya va Qozog‘iston bilan yangi ta’lim loyihasi

November 03 , 2025

|

1092

Xalqaro Nordik Universiteti ilmiy hamkorlik doirasini kengaytirishda davom etmoqda. Vengriya poytaxti Budapeshtda Erasmus Mundus dasturi doirasida “Suv resurslari va barqaror rivojlanish sharoitida suv diplomatiyasini boshqarish bo‘yicha qo‘shma magistrlar tayyorlash" loyihasi bo‘yicha dastlabki muzokaralar o‘tkazildi.

Vengriyaning ELTE (Eötvös Loránd University), Finlandiyaning Kareliya universiteti, Shvetsiyaning Uppsala Universiteti, O‘zbekiston va Qozog‘istonning suv xo‘jaligiga ixtisoslashgan universitetlari hamda Xalqaro Nordik universiteti masʼullari ishtirokida uch kun davomida muhokama yig‘ilishlari o‘tkazilib, loyihani amalga oshirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. 


Nordik universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Odiljon Qo‘ysinov loyihani O‘zbekistonda joriy etilishi bo‘yicha amaliy takliflar berdi. Xususan, ijtimoiy fanlar sirasidagi 4 ta fanning Nordik professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘qitilishi, o‘quv reja va fan dasturlari tuzilishida muhim takliflar kiritdi. 


Muhokamalarda quyidagi masalalar kelishib olindi:


➖ qo‘shma magistrlik dasturining o‘quv rejasi va fanlar

➖ ta’lim shakllari va baholash tizimi

➖ stipendiyalar va moliyaviy masalalar

➖ qo‘shma diplom berish tartibi

➖ loyiha veb-sayti va axborot ta’minoti. 


Xalqaro ilmiy hamkorlikdagi yangi loyiha yoshlar uchun yangi global imkoniyatlarni yaratadi va tizim ravnaqi uchun kerakli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

photo-2025-11-03-08-56-59-2
Ko‘rib chiqish
photo-2025-11-03-08-56-59-3
Ko‘rib chiqish
photo-2025-11-03-08-56-59
Ko‘rib chiqish
Chop etish

So'nggi yangiliklar

O‘zbekiston — Amerika: xalqaro dasturlar, yangi imkoniyatlar muhokama markazida

O‘zbekiston — Amerika: xalqaro dasturlar, yangi imkoniyatlar muhokama markazida

Tashrif doirasida doktor Ali Houshmand hamda Milanj Diamonds kompaniyasi Prezidenti Jalil Bami Xalqaro Nordik universiteti rahbariyati bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi akademik hamkorlik istiqbollari yuzasidan keng qamrovli muzokaralar olib bordilar.


Muloqotda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, double degree loyihalarini samarali amalga oshirish, o‘quv rejalarini integratsiyalash masalalariga eʼtibor qaratildi.


Uchrashuv davomida xalqaro dasturlar doirasida faoliyat yuritadigan professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish, ularning ilmiy va pedagogik malaka mezonlarini belgilash, ta’lim sifatini xalqaro akkreditatsiya talablari asosida ta’minlash hamda talabalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.

Magistrlik dissertatsiyalari himoyasi: amaliy yechimlar taqdim etilmoqda

Magistrlik dissertatsiyalari himoyasi: amaliy yechimlar taqdim etilmoqda

Himoya jarayonlari magistrantlarning nafaqat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur nazariy bilimlarga, balki zamonaviy muammolarga innovatsion yechimlar taklif eta olish salohiyatiga ham ega ekanligini namoyon qilmoqda.


“Sanoatni boshqarish va raqamli texnologiyalar” kafedrasida Ma’lumotlar ilmi (Data Science) mutaxassisligi magistrantlari tomonidan taqdim etilgan ilmiy tadqiqotlar bugungi raqamli iqtisodiyotning eng muhim yo‘nalishlarini qamrab oldi.


Xususan, sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish, Big Data asosida boshqaruv qarorlarini qabul qilish, biznes jarayonlarini optimallashtirish, ta’lim tizimini raqamlashtirish, logistika va moliyaviy tahlil sohalarida innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy ishlar ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi.


Magistrlik dissertatsiyalarida oliy ta’lim muassasalari faoliyatida KPI ko‘rsatkichlarini avtomatik monitoring qilish va tahlil etish tizimlari, universitetlarga qabul jarayonlarini ma’lumotlar tahlili asosida prognozlash, korxonalarning daromad va xarajatlarini optimallashtirish modellari, yuridik shaxslarning moliyaviy hisobotlarini Data Science metodlari orqali tahlil qilish, savdo hajmlarini oldindan bashoratlash hamda logistika tarmoqlarida yuk oqimlarini prognozlash kabi amaliy ahamiyatga ega ishlanmalar o‘rin oldi.


E’tiborlisi, bir qator magistrlik ishlari doirasida real sektor va ta’lim muassasalari faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan dasturiy platformalar, analitik panellar hamda intellektual boshqaruv tizimlari ishlab chiqildi. Bu esa universitetda ilm-fan, texnologiya va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash borasidagi izchil ishlarning amaliy natijasidir.


Shuningdek, Ijtimoiy fanlar va jurnalistika kafedrasi magistrantlari tomonidan ham zamonaviy media makonida dolzarb bo‘lgan masalalar yuzasidan olib borilgan tadqiqot ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi.


Tadqiqotlarda O‘zbekistonda parlament faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi, Markaziy Osiyoda integratsion jarayonlarni rivojlantirishda axborot kommunikatsiyalarining o‘rni, siyosiy liderlar imijini shakllantirish texnologiyalari, bolalar ishtirokidagi media kontentlarda etik standartlarga rioya etish, harbiy jurnalistikada Qurolli Kuchlar imijini yaratish va mustahkamlash kabi muhim mavzular chuqur ilmiy tahlil qilindi.


Nordik universitetida Jurnalistika mutaxassisligining birinchi magistrantlari dissertatsiya himoyalari yakunlandi. Ikki kun davom etgan himoyalarda shogirdlarimiz trevel jurnalistika, ta’limiy jurnalistika, siyosiy yetakchi imiji va turk davlatlari hamkorligi kabi yo‘nalishlaridagi dissertatsiya ishlarini munosib himoya qildilar va a’lo hamda yaxshi baholarga loyiq, deb topildilar, — deydi kafedra professor o‘qituvchisi Yulduz Ortiqova. — Ustozlik va ilmiy rahbarligim jarayonida ularga bor bilim va tajribalarimni berishga harakat qildim. Olgan ilm-u marifatlari hayot yo‘llarini yoritadi, deb umid qilaman va ular bilan fahrlanaman!


Magistrantlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, axborot siyosati samaradorligini oshirish hamda professional jurnalistika standartlarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Yoshlar, migratsiya va huquqiy himoya: MRCning 10 yilligi doirasida muhim muloqot

Yoshlar, migratsiya va huquqiy himoya: MRCning 10 yilligi doirasida muhim muloqot

Tadbir Migrantlar Resurs Markazi (MRC), Bolalar Ombudsmani, Xalqaro Nordik universiteti hamda Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazi (ICMPD) hamkorligida tashkil etildi.


Anjumanda talaba-yoshlar o‘rtasida xavfsiz migratsiya madaniyatini shakllantirish, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, firibgarlik va ekspluatatsiya xavflarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Tadbirda Bolalar Ombudsmani sektori mudiri Sattor Rahmatov, O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiya, Norvegiya va Daniya Qirolliklaridagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Rahmatulla Nurimbetov hamda Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov va ekspertlar bugungi globallashuv sharoitida yoshlarning xorijda ta’lim olish yoki mehnat faoliyatini boshlash jarayonida huquqiy himoya, ishonchli axborot manbalari va ongli qaror qabul qilishi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.


MRC mutaxassislari markazning 10 yillik faoliyati, xavfsiz migratsiyani rejalashtirish mexanizmlari hamda mavjud maslahat xizmatlari haqida ma’lumot berdilar. “Istiqbolli Avlod” NNT vakillari esa noqonuniy migratsiya, soxta ish takliflari va odam savdosi tahdidlaridan ogohlik yuzasidan taqdimot o‘tkazdilar.


Interaktiv sessiyalar davomida talabalar real hayotiy vaziyatlar asosida migratsiya rejalari va ish takliflarini tahlil qilib, xavf omillarini aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar.


Raqamli xavfsizlik mashg‘ulotlarida esa ijtimoiy tarmoqlardagi soxta e’lonlar va onlayn firibgarlik usullaridan himoyalanish yo‘llari muhokama qilindi.


Tadbir yoshlarda xavfsiz migratsiya ko‘nikmalarini shakllantirish, huquqiy savodxonlikni oshirish hamda mas’uliyatli qarorlar qabul qilish madaniyatini rivojlantirishga xizmat qildi.


Mazkur anjuman MRCning 10 yillik faoliyati doirasida Yevropa Ittifoqi ko‘magida ICMPD tomonidan amalga oshirilayotgan “PROTECT – Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlari va Markaziy Osiyoda migratsiya boshqaruvi hamda migrantlarni himoya qilishni yaxshilash” loyihasi maqsadlariga hamohang tarzda tashkil etildi. U yoshlar huquqlarini himoya qilish, xavfsiz va qonuniy migratsiyani targ‘ib etish hamda davlat organlari, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Nordik universitetida magistrlik dissertatsiyalari himoyasi o‘tkazilmoqda

Nordik universitetida magistrlik dissertatsiyalari himoyasi o‘tkazilmoqda

Xususan, Jurnalistika mutaxassisligi magistrantlari bugungi globallashuv va raqamli transformatsiya jarayonlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan dolzarb mavzularda olib borgan ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etdilar.


Himoya ishlarida matbuot nashrlarida adabiy targ‘ibot masalalarining yoritilishi, globallashuv sharoitida ommaviy axborot vositalarida manipulyatsiya usullari, sayyohlar oqimini oshirishda travel jurnalistikasining o‘rni, O‘zbekistonda xotin-qizlar ijtimoiy faolligini kuchaytirishda OAVning ta’siri, shuningdek raqamli texnologiyalar davrida media axborotlarini iste’mol qilish transformatsiyasi kabi ilmiy-amaliy ahamiyatga ega mavzular alohida e’tibor markazida bo‘ldi.


Bugungi kunda jurnalistika nafaqat axborot uzatish, balki jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilish, media savodxonlikni oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini qo‘llab-quvvatlashning muhim vositasiga aylangan. Shu nuqtai nazardan, magistrantlarning ilmiy izlanishlari mamlakat media makonini rivojlantirish va yangi ilmiy maktablarni shakllantirishga xizmat qiladi.


Nordikda barcha mutaxassisliklarda magistrantlar o‘z tadqiqotlarining nazariy asoslari, metodologiyasi va amaliy natijalarini taqdimotlar orqali asoslab bermoqdalar. Yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan ilmiy ishlar sinchkovlik bilan tahlil qilinib, tadqiqotchilar bilan mazmunli savol-javoblar o‘tkazilyapti.


Komissiya a’zolari tomonidan ilmiy ishlarning dolzarbligi, innovatsion yondashuvlari va amaliy ahamiyati e’tirof etilib, magistrantlarga kelgusidagi ilmiy faoliyatlari hamda tadqiqotlarini rivojlantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berilmoqda.

Universitetning Telegram'dagi rasmiy kanalini kuzatib boring

YouTube kanalimizga obuna bo'ling

Facebook sahifamizni kuzatib boring

LinkedIn profilimizga ulanish