Loyiha Xalqaro Nordik universiteti va IDC ta’lim markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, UNICEF, AQSHning Rowan University hamda Finlyandiyaning Karelia University kabi xalqaro tashkilot va oliy ta’lim muassasalari hamkorligida amalga oshirildi.
Mazkur nufuzli loyiha nafaqat iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvi, balki O‘zbekistonning xalqaro ta’lim makonidagi ochiqlik siyosati, akademik integratsiyasi va intellektual diplomatiyasining amaliy ifodasi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Final bosqichida O‘zbekistonning barcha hududlaridan saralab olingan 150 nafar iqtidorli yosh matematik hamda AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Pokiston, Bolgariya kabi o‘nlab davlatlardan tashrif buyurgan 200 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Olimpiada turli mamlakat yoshlari o‘rtasida ilmiy-intellektual hamkorlik muhiti shakllanishiga xizmat qiluvchi xalqaro platformaga aylandi.
Bosh homiy — ATB “Asia Alliance Bank”. Axborot hamkorlari esa UzReport TV, “Xalq so‘zi” va “Народное слово” gazetalari.
Olimpiada dasturi uch kunlik keng qamrovli intellektual festival shaklida tashkil etildi. Unda yoshlarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash, iqtidorlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularda mantiqiy fikrlash, strategik qaror qabul qilish hamda tezkor mushohada yuritish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
19-may kuni final bosqichga start berildi va ishtirokchilar sinflar kesimida auditoriyalarga joylashtirilib, olimpiada jarayonlari boshlandi. 3–9-sinf o‘quvchilari uchun 90 daqiqalik, 10–11-sinflar uchun esa 4,5 soatlik murakkab matematik bellashuvlar tashkil etildi. Masalalar ishtirokchilarning mantiqiy fikrlashi, algoritmik yondashuvi va tahliliy salohiyatini sinovdan o‘tkazishga qaratildi.
Olimpiada jarayonlarida adolat, ochiqlik va shaffoflik asosiy mezon sifatida belgilandi. “TasIMO–2026” olimpiadasining yuksak saviyada o‘tishiga 25 nafardan ortiq nufuzli hakamlar hay’ati a’zolari munosib hissa qo‘shdilar.
Xususan, xalqaro hakamlar – Alexander Antropov, Patrik Bak, Ivan Chan, David Hruška, Vlad Matei, Marek Murin hamda boshqa fidoyi ekspertlar yuksak professional mahoratlari, baholash va apellyasiya jarayonlarida tunu-kun xolis mehnatlari bilan ishtirok etdilar.
Apellyatsiya komissiyasi kechki soatlarga qadar faoliyat yuritdi. Bu esa ishtirokchilar, ustozlar va ota-onalar orasida ishonch muhitini yanada mustahkamladi.
–Olimpiada jarayonlari yoshlar uchun haqiqiy bilim maydoni, kuchli raqobat va irodani sinovdan o'tkazuvchi muhim bosqich hisoblanadi. Har doimgidek bu galgi olimpiadada ham shaffoflik va xalqaro standartlarga alohida e'tibor qaratildi, - deydi 8-sinflar kesimida oltin medalga sazovor bo'lgan Sirojiddin Ne'matovning ustozi Akbarjon Muhammadjonov.
“TasIMO–2026”ning muhim jihatlaridan biri shundaki, unda ishtirokchilar uchun nafaqat akademik bellashuv, balki ijtimoiy va shaxsiy rivojlanish muhiti ham yaratildi. Olimpiada doirasida misollar tahlili, intellektual muloqotlar va interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etilib, yoshlarning mustaqil fikrlashi, xulosa chiqarishi va o‘z ustida ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Shuningdek, sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, konsert va shou dasturlari, varrak uchirish, arqon tortish, jamoaviy bellashuvlar, tabiat qo‘ynidagi sayrlar, “Pizza Party” hamda “Kalmar o‘yinlari” formatidagi interaktiv tadbirlar, kino kechasi ishtirokchilarda liderlik, jamoada ishlash va kommunikatsiya kompetensiyalarini rivojlantirish hamda madaniy hordiq chiqarishlariga xizmat qildi.
Bugungi zamonaviy ta’lim tizimida yuqori akademik natija bilan bir qatorda emotsional intellekt, ijtimoiy moslashuvchanlik va global fikrlash ham muhim mezon sifatida qaralmoqda. “TasIMO” esa aynan shu yondashuvni amalda namoyon etayotgan ilg‘or xalqaro ta’lim loyihalaridan biri sifatida alohida e’tiborga loyiqdir.
Final bosqichida 12 ta oltin medaldan 9 ta, 15 ta kumush medaldan 10 ta va 18 ta bronza medaldan 12 ta va 75 ta "Honourable Mention" Sertifikatidan 24 tasini O‘zbekiston yosh matematik bilimdonlar qo‘lga kiritdilar. Bu ko‘rsatkichlar esa yurtimiz yoshlarining intellektual salohiyatidan darak berib turibdi.



















