Universitet Kengashining 2-son yig‘ilishi o‘tkazildi

February 26 , 2026
1487
Yig‘ilishda oliy ta’lim sifatini oshirish, ichki baholashni takomillashtirish hamda milliy va global reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan ustuvor vazifalar keng muhokama qilindi.
Kengashda yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Milliy reyting indikatorlari asosida kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, akademik faoliyat sifati, ilmiy-tadqiqot natijalari, xalqaro hamkorlik darajasi, bitiruvchilarning bandligi hamda raqamlashtirish ko‘rsatkichlari universitetning raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillar sifatida e’tirof etildi.
Professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayonlarini zamonaviy axborot tizimlari asosida tashkil etish masalasi ham keng muhokama qilindi. Yagona raqamli portfolio tizimini yo‘lga qo‘yish orqali pedagoglarning kasbiy rivojlanishini kuzatish, ilmiy va metodik faoliyat natijalarini tizimli jamlash hamda attestatsiya jarayonlarining shaffofligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Mazkur tashabbus universitet boshqaruvida raqamli transformatsiya jarayonining mantiqiy davomidir.
Shuningdek, universitetning nufuzli global reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash masalasi ham e’tibor markazida bo‘ldi. Ilmiy maqolalar soni va ularning iqtiboslilik darajasini oshirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, xorijiy professor-o‘qituvchilar ulushini ko‘paytirish hamda ta’lim jarayonini to‘liq raqamlashtirish kabi vazifalar belgilab olindi.
Kengashda Sanoatni boshqarish va raqamli texnologiyalar kafedrasi qoshida xalqaro elektron ilmiy jurnalni ta’sis etish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur loyiha sanoat menejmenti, raqamli iqtisodiyot va innovatsion rivojlanish yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlarni ommalashtirish, xalqaro mualliflar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda universitetning ilmiy brendini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi turli masalalar — o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlarni nashrga tavsiya etish, shuningdek, akademik jarayonlar bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ko‘rildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Kengash yakunida bir guruh ilmiy daraja olgan professor-o‘qituvchilarga diplomlar topshirildi. Tug‘ilgan kun egalari samimiy tabriklandi!
So'nggi yangiliklar

Nordik delegatsiyasi Polshada muhim uchrashuvlarda
Delegatsiyamiz Polshaning nufuzli WSEI universitetida Erasmus+ KA171 Staff Mobility dasturi doirasida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrif davomida WSEI (Iqtisodiyot va innovatsiyalar) universiteti vice-rektori, professor Tomasz Wotowiec bilan uchrashuv o‘tkazilib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning natijalari va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. Muloqotda qo‘shma ta’lim loyihalari, ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv dasturlari hamda talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Nordik vakillari WSEI talabalari uchun ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib, o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
E’tiborlisi, hamkorlik ikki tomonlama va izchil davom etmoqda. O‘tgan o‘quv yilida WSEI delegatsiyasi Nordik universitetiga tashrif buyurgan bo‘lsa, Nordikning faxrli talabasi Madinabonu Isaqova Erasmus+ KA171 ICM granti asosida WSEI universitetida muvaffaqiyatli tahsil oldi.
Javob tashrifi uchrashuvlarida esa ertangi hamkorlik loyihalarga poydevor qo‘yildi.

London fond birjasidagi yirik "IPO" — Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarning yana bir yorqin tasdig‘i
Muallif London fond birjasida amalga oshirilgan yirik "IPO" (aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish) misolida mamlakatning global kapital bozori sari qat’iy qadam tashlayotganini dalillar, ekspert fikrlari va xalqaro investorlar munosabati orqali ochib bergan.
Maqolaning e’tiborli jihatlaridan biri unda "IPO" O‘zbekistonning ochiqlik, investitsion jozibadorlik va iqtisodiy modernizatsiya yo‘lidagi muhim burilishi sifatida talqin qilingan. Ayniqsa, dunyoning eng yirik investitsiya gigantlari — BlackRock, Franklin Templeton singari kompaniyalar qiziqishi iqtisodiyotimizga bo‘lgan ishonch ramzi sifatida ko‘rsatilgan.
Muallif maqolada IPO mexanizmini oddiy o‘quvchi uchun ham tushunarli tarzda sharhlab, aksiyalar bozori, investorlar ishonchi, xalqaro reyting va kapital oqimi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yoritib bergan. London fond birjasidagi listing O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun “xalqaro ishonch sertifikati” vazifasini o‘tayotgani qayd etib o‘tilgan.
“IPO" nima beradi?”
“Nega London fond birjasi muhim?”
“Jamiyatimizga qanday ta’sir qiladi?”
Maqolada shu kabi savollarga aniq javoblar olish mumkin.
📰 Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlari mohiyatini chuqurroq anglash uchun "Xalq so‘zi"ning 25-may kungi soni bilan tanishing.

TasIMO masalalari xalqaro matematik hamjamiyat e’tiborida!
Bu TasIMO masalalarining xalqaro ekspertlar, olimpiyadachilar va professional matematiklar darajasida tan olinganining muhim belgisidir.
📣 Maʼlumot uchun, bugungi kunda AoPS butun dunyo bo‘ylab millionlab iqtidorli yoshlar, sovrindorlar va matematik olimpiada murabbiylari foydalanadigan yetakchi ilmiy-ta’limiy maydon hisoblanadi.
Platforma murakkab fikrlash, nostandart yechim va yuqori darajadagi matematik tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiluvchi masalalari bilan mashhur.
📌 Aynan ushbu platformaga TasIMO masalalarining joylanishi topshiriqlar xalqaro standartlarga mos ekan, olimpiadaning ilmiy-metodik saviyasi global maydonda e’tirof etilayotgani, O‘zbekiston va mintaqadagi matematik ta’lim brendi sifatida TasIMOga qiziqish ortayotganini anglatadi.
TasIMO yoshlarning intellektual salohiyatini dunyoga namoyish etayotgan yangi matematik harakatdir!

Estoniya tajribasi Nordik uchun: Tallinnda yangi imkoniyatlar
Xalqaro hamkorlik, innovatsion ta’lim va raqamli transformatsiya yo‘nalishlarida muhim agamiyatli safar davomida delegatsiya aʼzolari Tallinn City Government vakillari bilan uchrashib, ta’lim tizimida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, raqamli platformalar asosida ta’lim sifatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Delegatsiya e-Estonia Briefing Centre markazida Estoniyaning ilg‘or raqamli boshqaruv tajribasi bilan yaqindan tanishdi. Xususan, sun’iy intellekt, elektron xizmatlar va zamonaviy EdTech yechimlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish bo‘yicha taqdimotlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, Estoniya Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar assotsiatsiyasi (Estonian Association of Information Technology and Telecommunications)da o‘tkazilgan muzokaralarda IT, telekommunikatsiya va innovatsion loyihalar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Safarning eng muhim uchrashuvlaridan biri Tallinn University of Technology (TalTech)da bo‘lib o‘tdi. Unda sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va raqamli davlat konsepsiyalariga oid taqdimotlar namoyish etildi.
Tomonlar talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda memorandum imzolash orqali hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Shuningdek, delegatsiya “EdTech Testbeds” xalqaro anjumanida ham faol ishtirok etib, Finlandiya, Germaniya, Estoniya va boshqa davlatlar ekspertlari bilan zamonaviy ta’lim texnologiyalari bo‘yicha tajriba almashdilar.
Mazkur ishchi safari orqali Xalqaro Nordik universitetining xalqaro integratsiya, innovatsion ta’lim va raqamli rivojlanish yo‘lidagi maqsadlari izchil amalga oshishida muhim kelishuvlarga erishildi.