Sahifada olimpiada final bosqichi jarayonlari, xalqaro miqyosdagi nufuzi hamda yosh matematiklarning muvaffaqiyat yo‘llari yoritildi.
Shuningdek, xalqaro olimpiadaning maqsadi va ahamiyati, O‘zbekistonning ta’limdagi yangi natijalari, xorijlik va mahalliy g‘oliblarning taassurotlari, yosh iste’dodlarning orzu va intilishlari, matematika orqali shakllanayotgan global tafakkur muhiti haqida maqola va axborotlar jamlangan.
Ushbu sahifada “TasIMO”ning xalqaro intellektual platformaga aylanib borayotgani namoyon etilgan. Ayniqsa, maqolalarda O‘zbekistonning ochiq ta’lim siyosati, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda xalqaro akademik hamkorlik masalalariga alohida urg‘u berilgan.
“TasIMO–2026” finalida O‘zbekistonning barcha hududlari bilan bir qatorda AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Pokiston, Bolgariya kabi o'nlab davlatlardan kelgan iqtidorli yoshlar ishtirok etgani musobaqaning xalqaro nufuzini yanada oshirdi.
Taʼkidlash joizki, TasIMO olimpiadasi jarayonlari keng jamoatchilik, jumladan yurtimizning xalqaro muvaffaqiyatlarga erishayotgan yosh yetakchilari tomonidan ham katta qiziqish bilan kuzatib borildi.
Gazetada ana shunday yoshlarimizdan biri — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, "O‘zbekiston iftixori" medali va "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi, xalqaro usta, 2026-yil shahmatchisi Javohir Sindarovning finalchilarga tilaklari va o‘z muvaffaqiyatli yo‘li misolidagi foydali tavsiyalari ham yoritildi.
Batafsil maʼlumotlar bilan “Xalq so‘zi”ning bugun — 22-may kungi sonida tanishishingiz mumkin.




