Nordik xotin-qizlari erkaklar tomonidan bayramona kayfiyatda gullar, samimiy tilaklar va iliq eʼtibor bilan tantanali kutib olindilar. Ular uchun maxsus tayyorlangan yo‘lakdan tabriklar, tilaklar qurshovida o‘tish jarayoni chinakam bayram ruhini yaratdi — har bir qadam tabriklar, gul ifori va quvonchli tabassumlar bilan bezandi.
Yo‘lak to‘rida esa ayollarni bayramona fotozona qarshi oldi. Bu yerda ular hayajon, quvonch va samimiy kulgular bilan o‘z ismlari bitilgan doska oldida esdalik suratlariga tushdilar.
Bayram dasturi yanada rang-barang va mazmunli kechdi. Tadbir mehmoni sifatida taniqli xonanda, hajviy ko‘rsatuvlar muallifi va shoumen Zokir Ochildiyev davraga o‘zgacha kayfiyat olib kirdi. Uning quvnoq chiqishlari, latifalari va sahna hazillari zalni kulguga to‘ldirib, tadbirga jo‘shqin va samimiy muhit bag‘ishladi.
Shuningdek, mehmon sanʼatkorlarning ijrolari, kuy-qo‘shiqlari davraga yanada yuqori kayfiyat va bayram shukuhi olib kirdi.
Tadbir davomida universitet rektori hamda jamoa erkak ustozlari ayollarga bo‘lgan hurmat va ehtiromlarini nutqlar, samimiy tabriklar, dilbar sheʼrlar, maxsus tayyorlangan premyera qo‘shiq va videoklip orqali izhor etdilar. Bayram yakunida esa ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kun Nordik xotin-qizlari uchun alohida ehtirom va qadrlash ramziga aylangan. Bayram davomida ular doimgidan ham yuksak hurmat, mehr, quvonch va xushnudlik og‘ushida bo‘ldilar. Zal esa kulgi, qarsaklar va shodon kayfiyatga to‘lib, davra fayzi yanada ortib bordi.
Shu tariqa Nordikda yana bir yorqin, samimiy va esda qolarli kun tarix sahifasiga muhrlandi.
Tabassumlar, quvonchlar va baxtiyor lahzalar bilan to‘la bu go‘zal damlar esa esdalik suratlariga ham muhrlandi.

























