Taʼlim fidoyilariga ehtirom: Buxoroda anʼanaviy "PROKUROR SOVRINI" olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

Taʼlim fidoyilariga ehtirom: Buxoroda anʼanaviy "PROKUROR SOVRINI" olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

March 06 , 2025

|

1810

Buxoro viloyati prokuraturasi, Xalqaro Nordik universiteti va IDC taʼlim markazi hamkorligidagi "Prokuror sovrini-II" olimpiadasi g‘oliblarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston-2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi Farmoni va "Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyatdagi o‘qituvchilar o‘rtasida ikkinchi bor yuqori saviyada o‘tkazildi. Bu galgi musobaqada nafaqat matematika fani, balki fizika fani ustozlari ham qamrab olindi. 


Olimpiadada iqtidorli, kasbiy mahorati yuqori, o‘qitish jarayoniga ilg‘or metodlar, yangi pedagogik texnologiyalarni keng tatbiq etayotgan, o‘quvchi-yoshlarning aniq fanlarga qiziqishini oshirayotgan fidoyi o‘qituvchilarni aniqlash va rag‘batlantirishga ahamiyat qaratildi. 


Bellashuvda Buxoro viloyatidagi 13 ta shahar-tuman maktablarining 2372 nafar matematika va fizika muallimlari o‘z bilim hamda ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Birinchi bosqichda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan hududdagi eng tajribali 98 nafar o‘qituvchi ikkinchi final bosqichda bellashdilar. 


Bellashuv jarayoni olimpiada koordinatorlari, nazoratchi va hakamlari hamda Buxoro viloyati prokuraturasi masʼullari kuzatuvi ostida shaffof o‘tkazildi. Imtihonda muallimlarning bilim va ijodiy yondashuvi, ko‘nikmalarini amaliy topshiriqlarda qo‘llay olish malakalari aniqlandi hamda xolis baholandi.  


Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov va viloyat faollari ishtirokida o‘tgan taqdirlash tadbirida olimpiadaning Buxoro viloyati bosqichida faxrli 1, 2 va 3-o‘rinlar sohiblari bo‘lgan o‘qituvchilarga alohida ehtirom ko‘rsatildi. 


Matematika fani bo‘yicha g‘oliblar - Abdurashidbek Qo‘chqorov, Ismoil Po‘lotov, Behruz Avezov va Asadbek Nurmurodov, shuningdek, fizika fani bo‘yicha g‘oliblar Vohid Fayziyev, Umidjon Isomov va Shahnoza Allamurodovaga Sertifikat hamda prokuror sovrini, esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi. 


1-o‘rinlar sohiblari bo‘lgan Abdurashidbek Qo‘chqorov va Vohid Fayziyevga esa Xalqaro Nordik universiteti ko‘magida Finlandiya va Shvetsiyada xorijiy tajribalarni o‘rganishga qaratilgan stajirovka yo‘llanmasi taqdim etildi. Kelgusida bu ustozlar orqali viloyat taʼlim tizimiga xalqaro ilg‘or tajribalar kirib borishi va ommalashtirilishi ko‘zda tutilmoqda. 


Olimpiada Buxoro viloyatida taʼlim sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish, o‘quvchilarga puxta matematik bilimlar berib, respublika va xalqaro miqyosda nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyat qozonishlariga zamin yaratib berayotgan malakali ustozlarni aniqlash maqsadida har yili anʼanaviy o‘tkazib boriladi. 


Hududda o‘qituvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish, aniq fanlar, jumladan matematika va fizika fanlarini o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi muallimlarni aniqlash va rag‘batlantirish, ularning reyting tizimini yuritish rejalashtirilmoqda. Buxoro viloyati tajribasi sifatida bu ezgu tashabbusni barcha hududlarga joriy etish maqsadga muvofiqdir.

----------

Maʼlumot o‘rnida, "Prokuror sovrini" uchun 2024-yilda o‘tkazilgan ilk olimpiadada 1376 nafar o‘qituvchi ishtirok etgan. Final bosqichda 48 nafar o‘qituvchining bilim va mahorati sinovdan o‘tkazilgan. 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan matematika fani o‘qituvchisi Behruz Avezov yo‘llanma bilan Finlandiyada stajirovka o‘tashga muvaffaq bo‘lgan.

photo-2025-03-06-00-01-03-2
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-02
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-05
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-04-2
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-04
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-05-2
Ko‘rib chiqish
Chop etish

So'nggi yangiliklar

Taʼlim orqali xavfsiz jamiyat: Nordik va UNODC — umumiy maqsad yo‘lida

Taʼlim orqali xavfsiz jamiyat: Nordik va UNODC — umumiy maqsad yo‘lida

BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC)ning Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili Oliver Stolpe va Nordik rahbariyati o‘rtasida muhim uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida janob Stolpe UNODCning giyohvand moddalar savdosi, transmilliy jinoyatchilik, korrupsiya va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashdagi xalqaro tajribasi haqida keng maʼlumot berdi. Bugungi kunda giyohvandlik va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash taʼlim, maʼrifat va profilaktika orqali samarali natija berayotganini eʼtirof etdi.

Universitet rahbariyati esa Nordikning taʼlim, innovatsiya va biznesni birlashtirgan zamonaviy hub sifatidagi faoliyatini taqdim etdi.

Muloqotning asosiy mavzusi yoshlarni zararli illatlardan asrashga qaratildi. Tomonlar talaba-yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi immunitetni yanada kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, maʼrifiy kampaniyalar va qo‘shma ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida 2026-yil sentyabr oyida navbatdagi amaliy uchrashuvni o‘tkazish hamda talabalar uchun qo‘shma profilaktik va maʼrifiy loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Nordikdan innovatsion platforma: ilmiy kengashning yangi modeli — AI professorlar

Nordikdan innovatsion platforma: ilmiy kengashning yangi modeli — AI professorlar

Dissertatsiya ishlarini sun'iy intellekt ekspert kabi tahlil qilishi mumkinmi?

Metodologik xatolarni himoyagacha aniqlashning iloji bormi?

AI ilmiy kengash faoliyatini yanada shaffof va sifatli tashkil etishga qanchalik xizmat qila oladi?


Taqdimot davomida ushbu savollarga mualliflar tomonidan batafsil javoblar berildi. Sun'iy intellekt asosida yaratilgan AI professorlar ishtirokidagi ilmiy kengash simulyatsiyasi amalda namoyish etildi. Platformada dissertatsiyalarni ekspertlar darajasida tahlil qilish, ilmiy va metodologik kamchiliklarni erta bosqichda aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish imkoniyatlari mavjudligi ko‘rsatib berildi.

Muhokamalar davomida sun'iy intellekt ilmiy rahbar yoki ekspertning o‘rnini egallashi emas, balki ularning qaror qabul qilish jarayonini aniq tahlillar va tezkor tavsiyalar bilan qo‘llab-quvvatlovchi vosita ekani alohida ta'kidlandi.

Bu esa ilmiy izlanishlar sifati, dissertatsiyalarni tayyorlash va himoya jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam sifatida baholandi.

Mazkur platforma ilmiy rahbarlar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan barcha tadqiqotchilar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, ilm-fanda raqamli transformatsiya va sun'iy intellekt imkoniyatlarini keng joriy etish yo‘lidagi navbatdagi innovatsion yechimlardan biridir.

Nyu-Jersidagi AI markazidan taassurotlar

Nyu-Jersidagi AI markazidan taassurotlar

— Markazning asosiy vazifasi universitetlar, tadqiqotchilar va innovatorlarning istiqbolli g‘oyalarini bir platformada jamlash, ularni muvofiqlashtirish hamda tayyor mahsulot va biznesgacha olib borishda har tomonlama ko‘maklashishdan iborat.

Bu yerda kovorking maydonlari, mentorlik dasturlari, texnologik ekspertiza, investorlar bilan hamkorlik va tijoratlashtirish mexanizmlari yagona tizim sifatida ishlaydi. Natijada g‘oyalar xalqaro bozorda raqobatlasha oladigan innovatsion mahsulotga aylantiriladi, —
deydi delegatsiya rahbari, Nordik prorektori Odil Qo‘ysinov. — Bunday tajribalar sun’iy intellekt sohasida ta’lim, ilm-fan va biznes hamkorligini mustahkamlash, innovatorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi texnologik yechimlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Princeton university hamkorligida faoliyat yuritayotgan ushbu innovatsion markazda ishtirokchilar AIni boshqarish va innovatsiyalarni tijoratlashtirish mexanizmlari, zamonaviy data centerlar faoliyati hamda ularning sun’iy intellekt rivojidagi ahamiyati bilan tanishdilar. AI infratuzilmasini boshqarish bo‘yicha interaktiv va rolli mashg‘ulotlarda universitet, sanoat va davlat hamkorligining samarali modellarini amaliy misollar orqali o‘rgandilar.

Mazkur AI bo‘yicha xalqaro malaka oshirish kursi xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish, ularni O‘zbekiston ta’lim tizimiga moslashtirish va sun’iy intellekt sohasida yangi liderlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Shaffof qabul: zamonaviy media uchun saralash o‘tkazildi

Universitetning Telegram'dagi rasmiy kanalini kuzatib boring

YouTube kanalimizga obuna bo'ling

Facebook sahifamizni kuzatib boring

LinkedIn profilimizga ulanish