Yangiliklar
Prezident murojaatnomasi

December 20 , 2022
713
Prezident 2023-yilni "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili" deb e'lon qildi.
Prezidentimizning 2023-yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berish tashabbusi yig‘ilganlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
“Nima uchun yilga bunday nom berayapmiz?
Biz O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgiladik.
Aslida ham, bizning eng bebaho boyligimiz – bu bunyodkor xalqimiz, duogo‘y ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi?
Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilayapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”, – dedi davlatimiz rahbari.
So'nggi yangiliklar

Eʼtibor va eʼtirof: Foundation bitiruvchilariga Sertifikatlar topshirildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘tkazilgan Sertifikat topshirish marosimi ushbu tizimning amaliy natijalarini yaqqol namoyon etdi. Ushbu tadbir nafaqat yakun, balki yangi imkoniyatlar eshigini ochgan muhim bosqich sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
Tantanali tadbir yuqori saviyada tashkil etilib, unda davlat arbobi, olim, Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev va Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov, shuningdek, diplomat va Akademik litsey direktori Oydinxon Mannopova yoshlarning yutuqlarini yuqori baholab, bu natijalar ortida izchil mehnat va sifatli ta’lim turganini ta’kidladilar. Bitiruvchilarga kelgusi taʼlim bosqichlarida qatʼiyat, izlanish va katta marralar tiladilar.
E’tiborlisi, mazkur dastur samaradorligini aniq raqamlar orqali ham ko‘rish mumkin. Joriy yilda 23 nafar bitiruvchining to‘g‘ridan-to‘g‘ri 2-bosqichga o‘qishga qabul qilinishi bu yoshlarning bilimga bo‘lgan intilishi va zamonaviy ta’lim modelining muvaffaqiyatli natijasidir. 54 nafar bitiruvchi esa Foundation dasturini muvaffaqiyatli yakunlab, Sertifikat bilan taqdirlandi.
Anjumanda eʼtirof etilganidek, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 9 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugun u bir necha barobar oshdi. Foundation dasturi nafaqat moslashuv bosqichi, balki raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning samarali mexanizmiga aylanmoqda.
Tadbir davomida musiqiy chiqishlar marosimga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi. Nordik universiteti Musiqa taʼlimi kafedrasi o‘qituvchilari, estrada xonandalari Charosxon Axmedova va Zarnigor Umarova, "Nordik taronasi" ansambli ijrochilari Aziz va Laziza tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Ushbu marosim yoshlarning orzulari natijaga aylanayotganini yana bir bor namoyon etdi. Ayniqsa, ota-onalar va bitiruvchi-yoshlarning hayajonlari va minnatdorchiliklari cheksizligi ularning dil izhorlarida o‘z aksini topdi.

48 ta davlat: yo‘llar o‘rgatadi
Mehmon — mashhur sayyoh va bloger Qobiljon Abdusattorov.
Bu uchrashuv bo‘lajak mutaxassislarga o‘z sohalari va dunyoga keng nigoh bilan qarashga undovchi suhbat bo‘ldi.
Qobiljonning hikoyalari bir haqiqatni yana bir bor isbotladi: sayohat faqat chiroyli suratlar, story va reelslardan iborat emas. Yo‘llar sinov, tavakkal va katta hayot maktabi.
2022-yildan buyon u dunyoni samolyotsiz, avtomobilda kezmoqda. Hozirgacha 48 ta davlatni bosib o‘tgan.
Uning maqsadi Guinness World Recordsga kirish (hozirgi rekord: 130 davlat).
Bu raqamlar ortida esa yo‘llarda o‘tgan tunlar, kutilmagan xavf va sinovlar, notanish tillar qiyinchiliklari va eng muhimi — sayohatchining taslim bo‘lmas irodasi borligidir.
Uchrashuv davomida talabalar sayohatni nimadan boshlash kerakligi, blogerlik va sayyohlikni qanday uyg‘unlashtirish mumkinligi, yo‘lda uchraydigan “kutilmagan ssenariylar”dan chiqish yo‘llari borasidagi tajriba va xulosalardan bahramand bo‘ldilar.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, “Turizmda yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun avvalo turist bo‘lib ko‘rish kerak.”
Haqiqatan ham, turizmni faqat kitobdan o‘rganish yetarli emas. Uni his qilish, yashab ko‘rish, turistlar o‘rnida bo‘lib ko‘rish haqiqiy bilim manbai.
Uchrashuv yakunida faol va mazmunli savollar bergan talabalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Sohibqiron merosi — yoshlar tafakkurida
Davra suhbatida temurshunos olim, tarix fanlari nomzodi, professor Akbar Zamonov talabalarga Sohibqiron shaxsiyati, uning davlat boshqaruvidagi noyob tajribasi va tarixiy merosining bugungi kun uchun ahamiyati jihatlari haqida chuqur va tahliliy fikrlarini yetkazdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlar qalbida tarixiy xotira va milliy iftixor tuyg‘usini mustahkamlash, Amir Temur siymosi orqali strategik tafakkur, yetakchilik va mas’uliyat kabi fazilatlarni shakllantirishdir.
Uchrashuv davomida mavzuga oid tahliliy ma’ruza tinglandi. Talabalar bilan savol-javoblar va ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda yoshlarning nafaqat tarixiy bilimlari boyitildi, balki mustaqil fikrlashga ham undaldi.
Davra suhbatida universitetning Tarix va Jurnalistika yo‘nalishi talabalari faol ishtirok etdilar.

Xalqaro muloqot: tahlil va taʼlim integratsiyasi
Nufuzli mehmon — Jurnalistika va Taʼlim boshqaruvi bo‘yicha katta tajribaga ega xalqaro ekspert bilan fikrlar almashildi. Xususan, taʼlim tendensiyalari, zamonaviy boshqaruv yondashuvlari, akademik rivojlanishning yangi modellarini tahlil qilish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishga qaratilgan mazmunli muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda xalqaro konferensiyalar tashkil etish, barqaror rivojlanish yechimlarini ishlab chiqish, tahlillarga asoslangan amaliy yo‘riqnomalar — bilimlar almashinuvi, talabalar va tadqiqotchilar uchun yangi akademik platformalar yaratish xususida so‘z bordi.
Xalqaro darajadagi ilmiy va tahliliy platformalarni kengaytirish borasida kelishuvlarga erishdi.