Nazariya va tahririyat tajribasi: ta’limdan professional media amaliyotigacha hamkorlik

Nazariya va tahririyat tajribasi: ta’limdan professional media amaliyotigacha hamkorlik

October 30 , 2026

|

112

Xalqaro Nordik universiteti va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbariyatlari o‘rtasida samimiy muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuvda Jurnalistika ta’limini amaliyot bilan yanada yaqinlashtirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.

Muloqot davomida zamonaviy media makonining o‘zgaruvchan talablari, jurnalist kadrlarni tayyorlashda nazariya va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, yoshlarning kasbiy salohiyatini yuzaga chiqarish hamda ta’lim jarayoniga yetuk jurnalistlar va ularning tajribasini keng olib kirish masalalari muhokama qilindi.

Rektori Sherzod Mustafakulov va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhratjon Oripov  tomonidan jurnalistika bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalarini kasbiy tayyorlash, amaliyot va innovatsion media loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha korporativ hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Mazkur kelishuvning asosiy mohiyati bo‘lajak jurnalistlarni auditoriyadagi bilimlar bilangina cheklamasdan, ularni tahririyat muhiti, professional talablar va zamonaviy media ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishtirishdir.

Hamkorlik doirasida talabalar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi muassisligidagi «Hurriyat» gazetasi va Milliy matbuot markazida ishlab chiqarish hamda malakaviy amaliyot o‘tash, tajribali jurnalistlardan mentorlik ko‘magini olish, mahorat darslari, treninglar va ochiq suhbatlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, yangiliklar tayyorlash, muxbirlik, intervyu va reportaj, multimedia, foto-video, podkast, data-jurnalistika, faktcheking va raqamli xavfsizlik kabi zamonaviy yo‘nalishlarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.

Hamkorlikning yana bir muhim jihati talabalar ishtirokida qo‘shma media loyihalar, ijodiy laboratoriyalar, media-hakatonlar, maxsus ruknlar va multimedia mahsulotlarini yaratish imkoniyatidir. Iqtidorli yoshlarni stajirovka, karyera tadbirlari va ish beruvchilar bilan bevosita muloqotga jalb etish ham ustuvor vazifalar qatoridan o‘rin olgan.

Kelishuv Nordik ta’lim dasturlarini media sohasi ehtiyojlariga yanada moslashtirish, o‘quv-uslubiy materiallarni ekspertizadan o‘tkazish, qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish hamda universitet professor-o‘qituvchilarining ham kasbiy tajribasini boyitishga xizmat qiladi.

Foto galereya

3
photo-2026-10-30-15-45-04
Ko‘rib chiqish
photo-2026-10-30-15-47-06
Ko‘rib chiqish
photo-2026-10-30-15-49-16
Ko‘rib chiqish