Xalqaro Nordik universitetining Yurisprudensiya, Filologiya va tillarni o‘qitish, Lingvistika (ingliz tili), Tarix hamda Bank ishi ta’lim dasturlari akkreditatsiya ekspertizasidan o‘tkazilmoqda.
Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan amalga oshirilgan akkreditatsiya jarayonlarida ta’lim dasturlariga oid barcha hujjatlar mavjudligi, ularning mazmuniy bog‘liqligi, amaliyotda ishlashi va natijadorligi o‘rganildi.
Xususan, ta’lim dasturlarining xalqaro ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablari bilan uyg‘unligi, dastur maqsadlari, kutilayotgan o‘quv natijalari hamda shakllantiriladigan kompetensiyalar o‘rtasidagi uzviylik tahlil qilindi.
Har bir fan va modulning o‘quv dasturida belgilangan asosiy va qo‘shimcha o‘quv adabiyotlari, darsliklar, o‘quv-uslubiy hamda metodik qo‘llanmalari mavjudligi ham o‘rganilmoqda. Fan mazmuni talabada aynan qanday bilim, ko‘nikma va kasbiy kompetensiyani shakllantirishiga eʼtibor qaratildi.
Shu nuqtai nazardan o‘quv rejalari va fan dasturlarining ta’lim natijalariga xizmat qilishi, zarur mutaxassislik kompetensiyalarining bosqichma-bosqich shakllanishi hamda dastur mazmunining zamonaviy kasbiy ehtiyojlarga mosligi ekspertlar e’tiborida bo‘ldi.
Professor-o‘qituvchi salohiyati taʼlim sifatining asosiy indikatorlaridan biri. Ta’lim dasturini amalga oshirish uchun jalb etilgan professor-o‘qituvchilar soni, ularning mutaxassisligi va kasbiy salohiyati ham o‘rganildi. Nordikda o‘quv rejalarni ilmiy va pedagogik jihatdan sifatli amalga oshira oladigan ustozlar jamoasi faoliyat yuritishi eʼtirof etib o‘tildi.
Akkreditatsiya doirasida xorijiy ekspertlar xulosalari, malaka talablari, kafedralar xulosalari, PDCA — rejalashtirish, amalga oshirish, tekshirish va takomillashtirish sikliga asoslangan ichki ekspertiza rejasi, tegishli buyruqlar, moliyaviy maslahat bayonlari, ish beruvchilar so‘rovnomalari natijalari, bitiruvchilar kuzatuvi tahlili hisobotlari ko‘rib chiqilmoqda.
Ekspertlar ish beruvchilar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan muloqot davomida yangi ta’lim dasturlarini ishga tushirishning ahamiyati, dasturlarni rivojlantirishdagi ularning ishtiroki va kelajak bitiruvchilaridan kutiladigan kompetensiyalarni muhokama qildilar.
Mehnat bozori, ta’lim ehtiyojlari va ilmiy-tadqiqotning so‘nggi tendensiyalarini muntazam yig‘ish, tahlil qilish va monitoring qilish mexanizmlari ham ekspertiza mezonlaridan o‘rin oldi.
Talabalar, professor-o‘qituvchilar, ish beruvchilar, soha mutaxassislari, bitiruvchilar va ota-onalarning fikr-mulohazalarini ta’lim dasturini takomillashtirish jarayoniga kiritish mexanizmlari o‘rganildi.
Barcha taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha ekspertlar bilan bevosita savol-javoblar tashkil etilib, dastur mazmuni va uni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan muloqot olib borildi. Baholash jarayonlarini samarali tashkil etish tartiblari, mexanizmlari va tegishli nizomlar ham indikatorlar asosida o‘rganildi.
Amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari, kurs loyihalarini bajarish uchun zarur jihoz va materiallarning mavjudligi, auditoriyalar, laboratoriyalarning ta’lim dasturi talablariga muvofiqligi ko‘zdan kechirildi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarliligi hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishi ham alohida indikator sifatida baholandi.
Shuningdek, inklyuzivlik mezonlari doirasida universitet binolari va o‘quv joylarining, jumladan, koridorlar, liftlar, eshiklar va sanitariya inshootlarining nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirilishi ham o‘rganildi.
Ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimlari, HEMIS va LMS imkoniyatlaridan foydalanish, dars va o‘quv materiallarini elektron formatda tashkil etish darajasi, shuningdek, universitetda yaratilgan elektron ta’lim xizmatlari ekspertlar e’tiborida bo‘ldi.
Akkreditatsiyada ta’lim dasturining xalqaro va milliy standartlariga hamda mehnat bozoriga muvofiqligi, akademik mazmuni, resurslari va ichki sifat mexanizmlari dalillar asosida kompleks o‘rganilyapti.
Xalqaro Nordik universitetida ta’lim sifatini ta’minlash mezonlariga o‘quv jarayoni, ilmiy-pedagogik faoliyat, xalqaro akademik mobillik, ish beruvchilar bilan hamkorlik va strategik boshqaruv jarayonlariga integratsiyalashgan tizim sifatida qaralgani eʼtirof etib o‘tildi.
Nordik taʼlim dasturlari akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda

July 17 , 2026
1480
Bugun zamonaviy oliy ta’limda o‘quv dasturlari maqsad, kompetensiya, o‘quv reja, fan dasturlari, adabiyotlar, pedagoglar salohiyati, baholash mexanizmlari, ish beruvchi talablari, moddiy baza va raqamli muhit o‘zaro bog‘langan yaxlit tizim sifatida baholanadi.











So'nggi yangiliklar

Nordik va INTER NATION ENGLISH SCHOOL: yoshlar uchun yangi hamkorlik
Samimiy muloqot davomida ingliz tilini chuqur o‘rganayotgan yoshlarning oliy ta’limga tayyorgarligini kuchaytirish, akademik va amaliy tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar ishtirokida ma’ruzalar, ochiq eshiklar kunlari hamda qo‘shma ta’lim tadbirlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri — yoshlar bilimini xolis baholash va akademik shaffoflikni ta’minlash. Shu orqali ingliz tilini puxta egallayotgan yoshlar uchun til ta’limidan oliy ta’limga o‘tish jarayonini yanada qulay, shaffof va amaliy qilish ko‘zda tutilmoqda. Kelishuvga ko‘ra, INTER NATION ENGLISH SCHOOLda IELTS kurslari yakunida o‘tkaziladigan ichki imtihon natijalarini Nordik universitetining qabul jarayonida tan olish mexanizmi bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Yana bir muhim imkoniyat — yuqori natija ko‘rsatib, Nordik universitetiga qabul qilingan iqtidorli yoshlarni ta’lim grantlari orqali qo‘llab-quvvatlash masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon o‘rtasida memorandum imzolandi. Mazkur kelishuv o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, til bilimi, zamonaviy ta’lim va yoshlar salohiyati borasidagi imkoniyatlarni birlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Nordik nashriyotidan ilm-fanga yangi tuhfalar!
📖 "Essentials of Economics, Business and Tourism in English" — iqtisodiyot, biznes va turizm yo‘nalishlari talabalari uchun B1–B2 darajadagi kasbiy ingliz tilini rivojlantirishga xizmat qiluvchi zamonaviy qo‘llanma.
📘 "Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ish hujjatlarini yuritish" — maktabgacha ta’lim tizimida hujjatlarni yuritishning nazariy asoslari va amaliy mexanizmlarini yorituvchi muhim qo‘llanma.
📗 "Menejment asoslari" — zamonaviy boshqaruv, strategik fikrlash, liderlik, resurslardan samarali foydalanish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini qamrab olgan dolzarb o‘quv qo‘llanma.
Ushbu yangi nashrlar talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlab, ularni mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh va zamonaviy mutaxassis sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, bu qo‘llanmalar tegishli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun ham ishonchli amaliy manbadir.

Nordik va Xushnudbek: taʼlim, media va yoshlar manfaatlari yo‘lida hamkorlik
Bugungi kunda yoshlar taʼlimni nafaqat auditoriyada, balki raqamli platformalar, ochiq bilim manbalari va ishonchli axborot orqali ham tanlayapti. Shu nuqtai nazardan uchrashuv davomida zamonaviy taʼlim muhitini rivojlantirish, taʼlim platformalarini takomillashtirish, yoshlar uchun foydali taʼlim va media loyihalarni yaratish hamda bilimni ommalashtirishga qaratilgan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xushnudbek Xudoyberdiyev yillar davomida abituriyentlar, talabalar va keng jamoatchilikka oliy taʼlim, qonunchilik hamda ijtimoiy masalalar bo‘yicha tezkor va ishonchli maʼlumot yetkazib kelmoqda. Uning faoliyati yoshlarning to‘g‘ri qaror qabul qilishi, taʼlim imkoniyatlaridan xabardor bo‘lishi va huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Nordik universiteti esa sunʼiy intellekt, raqamli ta'lim va xalqaro tajribalarni uyg‘unlashtirgan innovatsion taʼlim muhitini rivojlantirishni o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida davom ettirmoqda.
Ushbu uchrashuvda taʼlim sifatini oshirish, ochiq muloqotlarni kuchaytirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Taʼlim orqali xavfsiz jamiyat: Nordik va UNODC — umumiy maqsad yo‘lida
BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC)ning Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili Oliver Stolpe va Nordik rahbariyati o‘rtasida muhim uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida janob Stolpe UNODCning giyohvand moddalar savdosi, transmilliy jinoyatchilik, korrupsiya va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashdagi xalqaro tajribasi haqida keng maʼlumot berdi. Bugungi kunda giyohvandlik va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash taʼlim, maʼrifat va profilaktika orqali samarali natija berayotganini eʼtirof etdi.
Universitet rahbariyati esa Nordikning taʼlim, innovatsiya va biznesni birlashtirgan zamonaviy hub sifatidagi faoliyatini taqdim etdi.
Muloqotning asosiy mavzusi yoshlarni zararli illatlardan asrashga qaratildi. Tomonlar talaba-yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi immunitetni yanada kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, maʼrifiy kampaniyalar va qo‘shma ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida 2026-yil sentyabr oyida navbatdagi amaliy uchrashuvni o‘tkazish hamda talabalar uchun qo‘shma profilaktik va maʼrifiy loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishish bo‘yicha kelishuvga erishildi.