Nordik Kengashining 8-son yig‘ilishi: yangi akademik davr uchun ustuvor vazifalar belgilandi

Nordik Kengashining 8-son yig‘ilishi: yangi akademik davr uchun ustuvor vazifalar belgilandi

August 28 , 2026

|

80

Xalqaro Nordik universiteti Kengashining 8-son yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 2026/2027-o‘quv yiliga tayyorgarlik, ta’lim sifati va natijadorligini oshirish, professor-o‘qituvchilar faoliyati va talabalar bilimini baholash, akademik jarayonlarni raqamlashtirish hamda bitiruvchilar natijalarini tahlil qilishga doir muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish avvalida Kengash raisi, Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan yuksak mukofot — “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangani munosabati bilan samimiy tabriklandi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi masalalar muhokamasiga o‘tildi. Asosiy e’tibor yangi o‘quv yilining akademik poydevorini puxta shakllantirish, ta’lim jarayonlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va yuqori natijalarni oldindan loyihalash, o‘lchash hamda muntazam takomillashtirishga qaratildi.

Xususan, kafedralar o‘quv yuklamasi, o‘quv rejalari, malaka talablari va fan sillabuslari ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjatlarning ta’lim sifati, mehnat bozori ehtiyojlari va zamonaviy kasbiy kompetensiyalar bilan uyg‘unligi muhim mezon sifatida belgilandi.

Kengashda 2025/2026-o‘quv yili yakunlari, professor-o‘qituvchilar faoliyatining natijadorligini KPI asosida baholash hamda tegishli ustamalarni belgilash masalalari ham muhokama qilindi. Bunda mehnat, aniq natija va munosib rag‘bat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash tamoyiliga alohida urg‘u berildi.

Ilmiy, pedagogik va tashkiliy faoliyat natijalarini tizimli baholash professor-o‘qituvchilarning salohiyatini to‘liq namoyon etish, individual yutuqlarni e’tirof etish va universitetning institutsional samaradorligini oshirishning muhim omili ekani ta’kidlandi.

Akademik jarayonlarni raqamlashtirish yo‘nalishida esa sillabuslar va professor-o‘qituvchilarning shaxsiy ish rejalarini yangi platformada shakllantirish, monitoring qilish hamda tahliliy nazoratni kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, yangi raqamli platformalar va sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalanish bo‘yicha professor-o‘qituvchilar uchun seminar-treninglar tashkil etish taklifi maʼqullandi.

Kengash kun tartibidan bitiruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini tahlil qilish masalasi ham o‘rin oldi. Unda bitiruvchilarning ta’lim sifatidan qoniqish darajasi, bandligi va keyingi ta’lim rejalari o‘rganildi. Bu yondashuv ta’lim sifatini faqat auditoriyadagi jarayonlar bilan emas, balki uning yakuniy natijasi — bitiruvchining kasbiy muvaffaqiyati, bandligi va keyingi rivojlanishi orqali baholash imkonini beradi.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan o‘quv adabiyotlarini nashrga tavsiya etish, ilmiy-pedagogik salohiyatni qo‘llab-quvvatlash va dotsent ilmiy unvonini olish jarayonlariga ko‘maklashish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Nordikda 2026/2027-o‘quv yiliga yuqori natijalarni oldindan loyihalash, o‘lchash va takomillashtirishga asoslangan holda tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

photo-2026-08-30-13-13-17-2
Ko‘rib chiqish
photo-2026-08-30-13-13-17-3
Ko‘rib chiqish
photo-2026-08-30-13-13-18-2
Ko‘rib chiqish