27-apreldan start olgan ushbu nufuzli tadbir Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan saralangan 25 nafar faol yoshlarni bir maydonga jamladi.
Mazkur loyiha doirasida ishtirokchilar diplomatik simulyatsiya orqali, ya’ni xalqaro muzokaralarga yaqinlashtirilgan interaktiv jarayonda o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazmoqda. Ular diplomat rolida chiqish qilib, global xavfsizlik masalalarida pozitsiya bildirishmoqda, rezolyutsiyalar ishlab chiqib, murosaga kelish yo‘llarini izlashmoqda. Bu jarayon yoshlarning nafaqat nazariy bilimini, balki tanqidiy fikrlash, muzokara olib borish, muloqot va qaror qabul qilish kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qilyapti.
Ayniqsa, BMTning “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibi doirasidagi muhokamalar tadbirning dolzarbligini yanada oshirmoqda. Bu esa O‘zbekistonning yoshlar diplomatiyasi bo‘yicha faol pozitsiyasini yana bir bor namoyon etyapti.
Tadbir 5 kun davomida bosqichma-bosqich, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda olib borilmoqda.
“Model OSCE dasturida yoshlar uchun diplomatiya va muzokaralar bo‘yicha amaliy tajribalar beriladi, shu bilan birga xalqaro tashkilotlar faoliyatini chuqurroq anglashga yordam beriladi. Markaziy Osiyo bo‘ylab ishtirokchilarni birlashtirish orqali bu tashabbus mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaydi va umumiy xavfsizlik muammolarini hal etishda yoshlarning faolligini qo‘llab-quvvatlaydi,” — dedi O‘zbekistondagi OSCE loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen. "Besh kun davomida ishtirokchilar OSCE faoliyati bilan tanishadi, dolzarb xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi, qaror qabul qilishda yoshlarning rolini o‘rganadi hamda “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashining 2250-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish masalalarini tahlil qiladi."
Tadbirda amaliy o‘rganishga alohida urg‘u berilib, interaktiv mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilar asosiy mavzular bo‘yicha ko‘p tomonlama muzokaralar olib bormoqda. Gender tengligi, inklyuziv ishtirok va yoshlarning tinchlik hamda xavfsizlikdagi roliga alohida e’tibor qaratilyapti.













