Milliy identivlik: uch ming yillik xotira va bugungi ong

April 02 , 2026
1080
Nordik universitetida yangi darslik, yosh jurnalist-kadrlar tafakkurini shakllantiruvchi muhim ilmiy manba taqdim etildi.
Ijtimoiy fanlar va jurnalistika kafedrasi professori, f.f.d. Yulduz Ortiqova muallifligidagi “Milliy identivlik va OAV” darsligida zamonaviy jurnalistikaning eng nozik va dolzarb masalalaridan biri — milliy o‘zlikni anglash va uni axborot makonida to‘g‘ri ifodalash masalasi ilmiy asosda yoritilgan.
Taqdimot marosimida “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri, f.f.f.d. Salim Doniyorov hamda O‘zJOKU professori, f.f.d. Fayzulla Mo‘minov ishtirok etib, mazkur asarning ilmiy, ma’naviy va amaliy ahamiyatiga chuqur baho berdilar.
Talabalar taqdimotda nafaqat yangi darslik, balki boy hayotiy tajriba va ijodiy qarashlar bilan yuzma-yuz bo‘lishdi.
Ustoz maʼruzachilar — professor Fayzulla Mo‘minov va Najmiddin Qodirov milliy identivlikning tarixiy shakllanish jarayoniga e’tibor qaratib, uning osonlik bilan emas, sinovlar, yo‘qotishlar bilan bugungi avlodga yetib kelganini alohida ta’kidladilar. Milliy identivlik uch ming yillik millat xotirasi, sha’ni va kelajagi bilan bog‘liq murakkab, muhim tushuncha ekanini qayd etdilar.
Salim Doniyorov masalaga yanada kengroq ijtimoiy-falsafiy yondashib, bugungi globallashuv sharoitida milliy o‘zlikni asrab qolish ongli tanlov ekanini urg‘uladi.
“Biz — oilani, ota-onani, qadriyatni, ildizni muqaddas biladigan jamiyatmiz. Shu jihatimiz bilan kosmopolit qarashlardan farq qilamiz.”
Uning yana bir muhim fikri talabalar uchun o‘ziga xos hayotiy qo‘llanma bo‘ldi:
“Faqat motivatsiya yetarli emas — uni intizom va tizim bilan mustahkamlash kerak.”
Kitob taqdimotida alohida urg‘u berilgan jihatlardan biri — milliy identivlikni noto‘g‘ri talqin qilish xavfi bo‘ldi. Ta’kidlandiki, milliy o‘zlik — bu o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish emas, balki barcha millatlarni hurmat qilgan holda o‘z qadriyatlarini anglash va himoya qilishdir. Aynan shu yondashuv bugungi jurnalistikaning etik mezonlarini belgilab beradi.
Mazkur darslik nafaqat nazariy bilimlar to‘plami, balki amaliy qo‘llanma sifatida ham katta ahamiyatga ega. Kitob jahon olimlarining ilmiy qarashlari asosida boyitilgan. Mavzular oxirida berilgan topshiriqlar orqali tahliliy va ijodiy fikrlash rivojlantiriladi, mavzularni chuqurroq anglash imkonini beradi.
Kitob jurnalistlarda milliy, madaniy va ijtimoiy kontekstda voqealarni tahlil qilish ko‘nikmasini shakllantirishda ham qo‘l keladi.
Tadbir yakunida Salim Doniyorov “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobini universitet kutubxonasiga sovg‘a qildi. Bu esa yangi ilmiy hamkorlik va ma’naviy aloqalarning yana bir ramziy ifodasi bo‘ldi.
Tadqiqotchi-muallif ustoz Yulduzxon Ortiqovaning “Milliy identivlik va OAV” darsligi fikr va mas’uliyat, qadriyat va professionallik o‘rtasidagi nozik muvozanatni o‘rgatuvchi ilmiy maktab mahsuli hamdir. Chunki jurnalist nafaqat axborotni yetkazadi — balki jamiyat tafakkurini shakllantiradi. Ijtimoiy fanlar va jurnalistika kafedrasi va talabalar jamoasi muallifni samimiy qutlab, kitob uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Tadbir davomida mehmonlar universitet faoliyati bilan yaqindan tanishib, ilmiy hamkorlikni kengaytirishlarini ham bildirdilar.









So'nggi yangiliklar

"Kompyuter sporti" turniri: IT bilim va jamoaviylik sinovi
Musobaqada 6 ta jamoa chempionlik uchun kurash olib bordi.
3 ta shart asosida o‘tgan bellashuv davomida ishtirokchilar tezkorlik va texnik mahoratini, kuchli taktika hamda jamoaviy birdamliklarini ham namoyish etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
🥇 1-o‘rin — “MIDDLES” jamoasi — Jahongir Ziyodullayev, Mashhurbek Olimov, Sardor Nurmatov, Miraziz Muxtorov va Og‘abek Samadov.
🥈 2-o‘rin — “NEXUS” jamoasi — Shukurullo Amanturdiyev, Ozodbek Axmedov, Muhriddin Shaxriddinov va JamshidbekTolibov.
🥉 3-o‘rin — “Cyberkent” jamoasi — Boburxon O‘rinxo‘jayev, Jahongir Sindorov, Abdulvosid Abdimalikov, Fayzulloh Umatov va Behruz Xasanov.
👏 G‘olib va sovrindorlarni samimiy muborakbod etamiz!
Musobaqa yoshlarning IT va kompyuter sportiga bo‘lgan qiziqishi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini yanada oshirdi.

Inson ruhiyatini anglash san’ati: Nordikda mahorat darsi o‘tkazildi
Dars psixologiya fanlari doktori (DSc), professor Abdumo‘min Rasulov tomonidan olib borildi.
Mashg‘ulot davomida talabalar psixodiagnostik tekshiruvning nazariy asoslari, diagnostik test va so‘rovnomalardan foydalanish, kuzatuv usullari, natijalarni tahlil va interpretatsiya qilish, amaliy misollar asosida tadqiqot olib borish bo‘yicha muhim bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Ayniqsa, nazariya va amaliyot uyg‘unligida tashkil etilgan ushbu mahorat darsi Psixologiya yo‘nalishi talabalari uchun tajriba maktabi vazifasini o‘tadi.

“Fidoyilar” xotira kechasi: buyuk ma’rifatparvarlar xotirasi eʼzozlandi
Avlodlar uchrashuvida milliy tafakkur, tarixiy xotira va ma’rifatga hurmatni mustahkamlashga ahamiyat qaratildi.
Mazkur kechada o‘z umrini xalq ma’rifati, ilm-fan va pedagogika rivojiga bag‘ishlagan buyuk ma’rifatparvarlar hayoti hamda faoliyati yodga olindi. Ularning jasorati, ilm yo‘lidagi fidoyiligi va millat kelajagi uchun qilgan xizmatlari bugungi yosh avlod uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilayotgani eʼtirof etildi.
Bugun taraqqiyot haqida gap ketganda, avvalo, ma’rifat va tarbiya masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Aynan ana shunday fidoyi insonlarning boy merosini anglash va qadrlash esa yoshlarning Vatanga muhabbatini, ilmga hurmatini va ma’naviy mas’uliyatini yanada kuchaytiradi.
Xotira kechasi talabalarning mavzuga doir chiqishlari, mehmon maʼruzachilarning ibratli nutqlari bilan mazmunli kechdi.

Nordikda zamonaviy pedagogikaning yangi sahifalari
Bu yangi kitoblar bugungi ta’lim ehtiyojlariga javob beradigan muhim ilmiy va metodik manbalardir.
📘 Nashr etilgan qo‘llanmalar:
➖ “Информационно-коммуникационные технологии” (mualliflar — D. Sabirova, O. Azizov)
➖ “Oila pedagogikasi” (muallif — F. Islamova)
➖ “Maktabgacha ta’limda etnopedagogika” (muallif — M. Xasanova)
➖ “Milliy qadriyatlar asosida 5–6 yoshli bolalarda axloqiy sifatlarni shakllantirish metodikasi” (muallif — D. Mahmudova).
Mazkur qo‘llanmalarda zamonaviy pedagogik yondashuvlar, milliy qadriyatlar va tarbiya uyg‘unligi, raqamli texnologiyalarni ta’limga tatbiq etish, maktabgacha ta’limning innovatsion metodikalari hamda nazariya va amaliyotni bog‘lovchi metodik tavsiyalar keng yoritilgan.
Ushbu adabiyotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tavsiyasi asosida nashr etilgani bilan ham alohida ahamiyatga ega.
Bu nashrlar talabalar uchun puxta bilim manbai, pedagoglar uchun metodik tayanch, ilmiy izlanuvchilar uchun esa zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha muhim resurs vazifasini bajaradi.