Xalqaro ilmiy simpozium: Nordik olimi Xitoy-Markaziy Osiyo hamkorligining tarixiy asoslarini tahlil qildi

Xalqaro ilmiy simpozium: Nordik olimi Xitoy-Markaziy Osiyo hamkorligining tarixiy asoslarini tahlil qildi

September 16 , 2026

|

104

Xitoyning qadimiy Chan’an shahri — bugungi Sian — yana bir bor tarix va zamon uchun ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.

Sian shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy simpoziumda Xalqaro Nordik universiteti Ijtimoiy fanlar va jurnalistika kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent Najmiddin Qodirov Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning tarixiy ildizlari mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Olimning tadqiqotiga ko‘ra, bugungi Xitoy–Markaziy Osiyo madaniy diplomatiyasi — Konfusiy institutlari, «Madaniy Ipak yo‘li» dasturi, xalqaro sammitlar va qo‘shma ilmiy loyihalar — asrlar davomida shakllangan sivilizatsiyalararo almashinuvning zamonaviy davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Qadimda Markaziy Osiyodan Xitoyga uzum, beda, yong‘oq va mashhur Farg‘ona otlari, Xitoydan esa ipak, qog‘oz va turli texnologiyalar tarqalgan.
Ammo eng muhimi — bilimlar va insonlar harakati bo‘lgan.

XIII asrda Buxorodan Xitoyga borgan astronom Jamoliddin Buxoriy faoliyati ham ana shu ilmiy va madaniy almashinuvning yorqin misollaridan biri sifatida tilga olinadi.

Madaniy diplomatiya faqat bir tomon madaniyatini targ‘ib qilish sifatida ko‘rilmasligi kerak — bu sivilizatsiyalarning o‘zaro o‘rganish maydonidir, — deydi olim.

Aynan Sian shahrida o‘tkazilgan 2023 yilgi birinchi Xitoy–Markaziy Osiyo sammitining ramziy ahamiyatiga to‘xtalar ekan, olim shahar tanlovi tasodifiy emasligini ta’kidladi. Zero, bugungi Sian qadimgi Chan’anning Buyuk Ipak yo‘lidagi markaziy o‘rnini yodga soladi.

Sammit yakunida qabul qilingan Sian deklaratsiyasi ta’lim, fan, madaniyat, turizm, arxeologiya va yoshlar almashinuvi kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratdi.

Olimning xulosasiga ko‘ra, tarixchining vazifasi — zamonaviy hamkorlikka chuqur tarixiy asos berish bilan birga, o‘tmishdagi almashinuvlarning ko‘p markazli va o‘zaro xarakterga ega bo‘lganini yodda tutishga undashdir. Bu esa bugungi hamkorlik jarayonlaridagi mutanosiblikni baholash uchun muhim ilmiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Foto galereya

3
T86A0456-opq5016437190
Ko‘rib chiqish
T86A0583-opq5016561550
Ko‘rib chiqish
T86A0589-opq5016543029
Ko‘rib chiqish