Magistrlik dissertatsiyalari himoyasi: amaliy yechimlar taqdim etilmoqda

Magistrlik dissertatsiyalari himoyasi: amaliy yechimlar taqdim etilmoqda

June 18 , 2026

|

1540

Xalqaro Nordik universitetida magistrlik dissertatsiyalarini himoya qilish jarayonlari ilmiy izlanishlarga asoslangan yondashuvlar hamda amaliy natijadorlik mezonlari asosida davom etmoqda.

Himoya jarayonlari magistrantlarning nafaqat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur nazariy bilimlarga, balki zamonaviy muammolarga innovatsion yechimlar taklif eta olish salohiyatiga ham ega ekanligini namoyon qilmoqda.


“Sanoatni boshqarish va raqamli texnologiyalar” kafedrasida Ma’lumotlar ilmi (Data Science) mutaxassisligi magistrantlari tomonidan taqdim etilgan ilmiy tadqiqotlar bugungi raqamli iqtisodiyotning eng muhim yo‘nalishlarini qamrab oldi.


Xususan, sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish, Big Data asosida boshqaruv qarorlarini qabul qilish, biznes jarayonlarini optimallashtirish, ta’lim tizimini raqamlashtirish, logistika va moliyaviy tahlil sohalarida innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy ishlar ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi.


Magistrlik dissertatsiyalarida oliy ta’lim muassasalari faoliyatida KPI ko‘rsatkichlarini avtomatik monitoring qilish va tahlil etish tizimlari, universitetlarga qabul jarayonlarini ma’lumotlar tahlili asosida prognozlash, korxonalarning daromad va xarajatlarini optimallashtirish modellari, yuridik shaxslarning moliyaviy hisobotlarini Data Science metodlari orqali tahlil qilish, savdo hajmlarini oldindan bashoratlash hamda logistika tarmoqlarida yuk oqimlarini prognozlash kabi amaliy ahamiyatga ega ishlanmalar o‘rin oldi.


E’tiborlisi, bir qator magistrlik ishlari doirasida real sektor va ta’lim muassasalari faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan dasturiy platformalar, analitik panellar hamda intellektual boshqaruv tizimlari ishlab chiqildi. Bu esa universitetda ilm-fan, texnologiya va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash borasidagi izchil ishlarning amaliy natijasidir.


Shuningdek, Ijtimoiy fanlar va jurnalistika kafedrasi magistrantlari tomonidan ham zamonaviy media makonida dolzarb bo‘lgan masalalar yuzasidan olib borilgan tadqiqot ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi.


Tadqiqotlarda O‘zbekistonda parlament faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi, Markaziy Osiyoda integratsion jarayonlarni rivojlantirishda axborot kommunikatsiyalarining o‘rni, siyosiy liderlar imijini shakllantirish texnologiyalari, bolalar ishtirokidagi media kontentlarda etik standartlarga rioya etish, harbiy jurnalistikada Qurolli Kuchlar imijini yaratish va mustahkamlash kabi muhim mavzular chuqur ilmiy tahlil qilindi.


Nordik universitetida Jurnalistika mutaxassisligining birinchi magistrantlari dissertatsiya himoyalari yakunlandi. Ikki kun davom etgan himoyalarda shogirdlarimiz trevel jurnalistika, ta’limiy jurnalistika, siyosiy yetakchi imiji va turk davlatlari hamkorligi kabi yo‘nalishlaridagi dissertatsiya ishlarini munosib himoya qildilar va a’lo hamda yaxshi baholarga loyiq, deb topildilar, — deydi kafedra professor o‘qituvchisi Yulduz Ortiqova. — Ustozlik va ilmiy rahbarligim jarayonida ularga bor bilim va tajribalarimni berishga harakat qildim. Olgan ilm-u marifatlari hayot yo‘llarini yoritadi, deb umid qilaman va ular bilan fahrlanaman!


Magistrantlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, axborot siyosati samaradorligini oshirish hamda professional jurnalistika standartlarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

photo-2026-06-18-18-04-10-2
Ko‘rib chiqish
photo-2026-06-18-18-04-11-3
Ko‘rib chiqish
photo-2026-06-18-18-04-11
Ko‘rib chiqish
photo-2026-06-18-18-04-11-2
Ko‘rib chiqish
photo-2026-06-18-18-04-12-2
Ko‘rib chiqish
photo-2026-06-18-18-04-13
Ko‘rib chiqish
Chop etish

So'nggi yangiliklar

Nordikdan yangi bilimlar jamlanmasi!

Nordikdan yangi bilimlar jamlanmasi!

Xalqaro Nordik universiteti nashriyotida navbatdagi yangi darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar nashr etildi.

Yangi nashrlar mavzu va yo‘nalishlar ko‘lamining kengligi, bugungi taʼlim hamda kasbiy ehtiyojlarga mos mazmuni bilan eʼtiborga molik:

“Investitsiyalar”Xasan Sabirov va Raʼno Mardanova muallifligidagi darslik. Unda investitsiya siyosati, ustuvor yo‘nalishlar, erkin iqtisodiy zonalar, elektron sarmoya platformalari, yashil investitsiyalar hamda ESG mezonlari kabi bugungi iqtisodiyot uchun dolzarb masalalar yoritilgan.

“Umumiy pedagogika”Nilufar Berdiyorova, Dilafruz Miraliyeva va Ulug‘bek Jabbarov hammuallifligidagi o‘quv qo‘llanma. Taʼlim-tarbiya qonuniyatlaridan zamonaviy pedagogik texnologiyalargacha, inklyuziv taʼlim va pedagogik mahoratgacha bo‘lgan muhim mavzular yagona ilmiy-uslubiy tizimda jamlangan.

“Psixologik trening asoslari”Mansur Xolmatov muallifligidagi o‘quv qo‘llanma. Psixologik trening turlari, trener shaxsiga qo‘yiladigan talablar, treningni tashkil etish jarayoni va amaliy texnikalar yoritilgan.

“Ingliz tili grammatikasidan mashqlar to‘plami” Sabohat Sodiqovaning uslubiy qo‘llanmasi. A1–A2 darajadagi o‘rganuvchilar uchun mavzular murakkablik darajasiga ko‘ra tartiblangan, mashq va testlar bilan boyitilgan.

“Русский язык” — (N. Azamatova) o‘quv qo‘llanmasi B1 darajasida rus tilini o‘rganuvchi nofilologik yo‘nalish talabalari uchun kommunikativ yondashuv asosida ishlab chiqilgan.

“Tasviriy faoliyatga o‘rgatish metodikasi” — (Nazokat Axmedova) maktabgacha taʼlim yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan o‘quv qo‘llanma.

Unda rasm, applikatsiya, loy va qurish-yasash faoliyatini tashkil etish bilan birga bolalarda estetik did va ijodiy tafakkurni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratilgan.

Eng muhimi, bu kitoblarda nazariya bilan birga amaliy mashqlar, zamonaviy metodikalar, kommunikativ topshiriqlar va bugungi kasbiy ehtiyojlarga mos mavzularga urg‘u berilgan.

So‘z fidoyisiga ehtirom: O‘tkir Rahmatga "Faxriy professor" unvoni topshirildi

So‘z fidoyisiga ehtirom: O‘tkir Rahmatga "Faxriy professor" unvoni topshirildi

Ularning hayot yo‘li fidoyilik, ma’rifat va Vatanga muhabbatning yorqin timsoliga aylanadi. Ana shunday yurt fidoyilaridan biri — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, "Mehnat shuhrati" ordeni va "Shuhrat" medali sohibi, Xalqaro Cho‘lpon mukofoti laureati, taniqli adib, publitsist va jamoat arbobi, "Xalq so‘zi" hamda "Народное слово" gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmatdir.

Xalqaro Nordik universitetida atoqli adibga universitetning "Faxriy professor" ilmiy unvoni topshirilgani uning ko‘p yillik samarali mehnati va milliy jurnalistika hamda ma’naviyat rivoji, yoshlar maʼrifatiga qo‘shgan ulkan hissasiga bildirilgan e’tirof bo‘ldi.

Tadbir doirasida O‘tkir Rahmatning ijodiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi, yangi "Xalq uchun baxshida yurak" kitobi taqdimoti, ijodiy uchrashuv va adabiy muloqot o‘tkazildi.

Anjumanda adibning serqirra ijodi, boy adabiy merosi hamda xalq manfaatlariga baxshida etilgan umr yo‘liga keng nazar tashlandi.

1948-yil 15-mart kuni Samarqand viloyatining Uzun qishlog‘ida tavallud topgan O‘tkir Rahmatning qalbida bolalikdan shakllangan so‘zga muhabbat, Vatanga sadoqat va xalq dardiga hamnafas bo‘lish tuyg‘usi uni zamonaviy o‘zbek jurnalistikasi va adabiyotining yetakchi namoyandalaridan biriga aylantirdi.

Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti hamda Toshkent davlat yuridik institutida tahsil olgan ijodkor 1974-yildan matbuot sohasida faoliyatini boshladi. U Prezident Devoni, nufuzli davlat idoralari va mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalarida mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi. Mustaqillik yillarida esa uning publitsistikasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining o‘ziga xos ma’naviy yilnomasiga aylandi. Bosh muharrir sifatida u gazeta sahifalarini nafaqat axborot maydoni, balki xalq bilan davlat o‘rtasidagi ochiq muloqot, fikr va tafakkur minbariga aylantirishga munosib hissa qo‘shdi.

O‘tkir Rahmat ijodi she’riyat, publitsistika va nasrni o‘zida uyg‘unlashtirgan betakror hodisadir. Uning asarlarida inson qadri, Vatanga muhabbat, ma’naviyat, ezgulik va milliy o‘zlik g‘oyalari bosh mavzu sifatida namoyon bo‘ladi. "Irmoq", "Sog‘inch", "Jilg‘a", "Rayhon hidi", "Shukrona", "Oy yog‘dusi", "Ko‘zim qorachug‘i", "Xayol ifori", "Yurakdagi qush", "Dilchiroq", "Mangu ovoz", "Taskin", "O‘tli ruh", "Yillar oralab" kabi o‘nlab kitoblari kitobxonlar qalbidan mustahkam o‘rin egallagan. Bejizga adabiyotshunoslar uni "inson ruhiyatining musavviri" deb ta’riflamaydilar. Chunki u tabiat manzaralari orqali insonni, inson orqali esa jamiyatni teran badiiy talqin etadi.

Anjumanda universitet professor-o‘qituvchilari va mehmonlar ijodkorning xalq ishonchi hamda kitobxonlar mehrini qozonganini alohida ta’kidladilar. Uning sheʼrlaridan namunalar o‘qidilar. Qo‘shiqlarga aylangan satrlarini jonli ijro etdilar.

Tadbir davomida O‘tkir Rahmatning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi, kitoblar ko‘rgazmasi tashkil qilindi, adabiy muloqot hamda yangi kitob taqdimoti o‘tkazildi.

"Xalq uchun baxshida yurak" — davr va vijdon qissasi. Muallifning yangi kitobi uzoq yillik hayotiy tajribasi, publitsistik kuzatuvlari va fuqarolik pozitsiyasining badiiy ifodasidir. Asarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, inson qadrini ulug‘lash, xalq farovonligini ta’minlash, ma’naviy taraqqiyot hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch masalalari hayotiy misollar va chuqur tahlillar asosida yoritilgan.

Muallif murakkab siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni sodda va ravon uslubda talqin etib, o‘quvchini nafaqat voqelik bilan tanishtiradi, balki uni mushohada yuritishga, xulosa chiqarishga va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga chorlaydi. Shu jihatdan mazkur asar badiiy-publitsistik kitob bo‘lish bilan birga, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy ruhini aks ettiruvchi muhim manbalardan biri sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘tkir Rahmat bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv nafaqat atoqli ijodkorni sharaflash marosimi, balki xalq manfaatiga xizmat qilgan umr, so‘z mas’uliyati va ma’rifatga sadoqatni ulug‘lovchi yuksak ma’naviy muloqot bo‘ldi.

Tadbir yakunida Universitet Kengashi qaroriga muvofiq O‘tkir Rahmatga "Faxriy professor" ilmiy unvoni topshirildi. Universitet rektori, professor Sherzod Mustafakulov hamda akademik Baxriddin Zaripov adibni samimiy qutlab, uning milliy jurnalistika, adabiyot va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yuksak baholadilar.

Marosim so‘ngida qadrli mehmon universitetning "Dil izhori" kitobiga ezgu tilaklarini bitib qoldirdi.

Bugungi gazetada| "Xalq so‘zi"

Bugungi gazetada| "Xalq so‘zi"

Maqolada Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan belgilangan ustuvor vazifalar mohiyati ilmiy-tahliliy nuqtai nazardan yoritilgan. Unda bugungi globallashuv, raqamli transformatsiya va sun'iy intellekt sharoitida yoshlarning oldida turgan eng muhim masalalar tahlil qilingan.

Shuningdek, maqolada sun'iy intellekt, robototexnika, biotexnologiya, raqamli iqtisodiyot, yangi kasblar ekotizimi, uzluksiz ta'lim, hayot davomida o‘qish (lifelong learning) kabi bugunning eng dolzarb yo‘nalishlari tahlil qilinib, kelajak mehnat bozori qanday mutaxassislarni talab qilishi haqida xulosalar ilgari surilgan.

"Kelajak kasblari ekotizimi" kabi o‘nlab dolzarb tashabbuslarning mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratilib, ushbu loyihalarning yoshlarni mehnat bozorining yangi talablariga tayyorlash, kasbiy yo‘nalish berish va zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirishdagi ahamiyati ochib berilgan.

Maqola nafaqat yoshlar, balki ota-onalar, pedagoglar, oliy ta'lim muassasalari rahbarlari hamda ta'lim tizimi mutaxassislari uchun ham manba bo‘lib xizmat qiladi.

"Xalq so‘zi" gazetasining 4-iyul kungi bugungi sonida ushbu maqola bilan albatta batafsil tanishing.

Xalq diplomatiyasida yangi ko‘prik: O‘zbekiston–Finlandiya do‘stlik jamiyati faoliyat boshladi

Xalq diplomatiyasida yangi ko‘prik: O‘zbekiston–Finlandiya do‘stlik jamiyati faoliyat boshladi

Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Finlandiya o‘rtasida 30 yildan ortiq vaqt davomida rivojlanib kelayotgan diplomatik aloqalarning mantiqiy davomi bo‘lib, xalq diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Jamiyatning asosiy maqsadi ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar, madaniyat hamda jamoatchilik diplomatiyasi yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Shu bilan birga, yoshlar, olimlar, tadqiqotchilar va ijodkorlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma loyihalar, konferensiyalar, ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlarni amalga oshirish orqali yangi imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Jamiyatning birinchi taʼsis yig‘ilishi Xalqaro Nordik universitetida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Abdumalikxon Uroqov moderatorligida o‘tkazildi.

Unda universitet rektori, "O‘zbekiston–Finlandiya" do‘stlik jamiyati nazorat-taftish komissiyasi a’zosi, professor Sherzod Mustafakulov so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida erishilgan natijalar haqida atroflicha fikr bildirdi. U xalq diplomatiyasi davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlovchi va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ochuvchi muhim omil ekanini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G‘anisher Irmatov Finlandiya Respublikasi 1991-yil 30-dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini tan olgani, 1992-yilda esa ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganini taʼkidladi.

Shuningdek, u mazkur hamkorlik bugungi kunda ta’lim, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa qator yo‘nalishlarda izchil rivojlanayotganini eʼtirof etdi. Do‘stlik jamiyatlarining so‘nggi yillardagi amaliy natijalarini sanab o‘tdi.

Yig‘ilishda, O‘zbekiston — Finlandiya hamkorligi samarasida Xalqaro Nordik universiteti ilg‘or rivojlanish yo‘lidan borayotgani ham tilga olindi.

Majlisda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son Farmoni bilan xorijdagi vatandoshlarning farzandlariga o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini 62 taga, aynan xorijiy davlatlar bilan do‘stlik jamiyatlari sonini esa joriy yilda 50 taga yetkazish vazifasi belgilangan. Ushbu maqsadlar ijrosida O‘zbekiston–Finlandiya do‘stlik jamiyati ham muhim o‘rin egallashi aytib o‘tildi.

Majlis davomida Xalqaro Nordik universiteti Boshqaruv kengashi raisi, Finlandiyaning O‘zbekistondagi Faxriy konsuli Alisher Rahmatullayevich Jo‘rayev "O‘zbekiston–Finlandiya" do‘stlik jamiyati Boshqaruv kengashi raisi, universitet prorektori Odil Qo‘ysinov esa rais o‘rinbosari etib tasdiqlandi.

Shuningdek, jamiyat boshqaruv kengashi hamda nazorat-taftish komissiyasi a’zolari tanishtirildi va ularning fikrlari tinglandi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar jamiyatning istiqboldagi faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashib, mazkur tuzilma O‘zbekiston va Finlandiya o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy, ta’limiy va madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi, o‘zaro ishonchni mustahkamlashi hamda istiqbolli qo‘shma loyihalar uchun samarali platformaga aylanishiga ishonch bildirdilar.

O‘zbekiston–Finlandiya do‘stlik jamiyati
— bu ikki davlatni nafaqat diplomatik aloqalar, balki ilm, tafakkur, madaniyat va insoniy qadriyatlar orqali yanada yaqinlashtiradigan yangi muloqot maydonidir.

Universitetning Telegram'dagi rasmiy kanalini kuzatib boring

YouTube kanalimizga obuna bo'ling

Facebook sahifamizni kuzatib boring

LinkedIn profilimizga ulanish