Xalqaro hamkorlik, innovatsion ta’lim va raqamli transformatsiya yo‘nalishlarida muhim agamiyatli safar davomida delegatsiya aʼzolari Tallinn City Government vakillari bilan uchrashib, ta’lim tizimida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, raqamli platformalar asosida ta’lim sifatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Delegatsiya e-Estonia Briefing Centre markazida Estoniyaning ilg‘or raqamli boshqaruv tajribasi bilan yaqindan tanishdi. Xususan, sun’iy intellekt, elektron xizmatlar va zamonaviy EdTech yechimlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish bo‘yicha taqdimotlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, Estoniya Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar assotsiatsiyasi (Estonian Association of Information Technology and Telecommunications)da o‘tkazilgan muzokaralarda IT, telekommunikatsiya va innovatsion loyihalar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Safarning eng muhim uchrashuvlaridan biri Tallinn University of Technology (TalTech)da bo‘lib o‘tdi. Unda sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va raqamli davlat konsepsiyalariga oid taqdimotlar namoyish etildi.
Tomonlar talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda memorandum imzolash orqali hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Shuningdek, delegatsiya “EdTech Testbeds” xalqaro anjumanida ham faol ishtirok etib, Finlandiya, Germaniya, Estoniya va boshqa davlatlar ekspertlari bilan zamonaviy ta’lim texnologiyalari bo‘yicha tajriba almashdilar.
Mazkur ishchi safari orqali Xalqaro Nordik universitetining xalqaro integratsiya, innovatsion ta’lim va raqamli rivojlanish yo‘lidagi maqsadlari izchil amalga oshishida muhim kelishuvlarga erishildi.







