Tadbir doirasida O‘zbekiston Qahramoni, erkin fikr va milliy ruh targ‘ibotchisi Erkin Vohidovga bag‘ishlangan haykal va bog‘ tantanali ravishda ochildi.
Bronza haykal faqatgina shoirning emas, millatimiz g‘ururi, qalbi va erkini o‘zida mujassam etgan timsollardan biri bo‘ldi. Bu bog‘ esa endilikda so‘z, she’r va ma’naviyat makonidir.
Anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Erkin Vohidov nomi yuraklarda yashovchi, milliy ruhni uyg‘otuvchi adabiy meros ekanligi, betakror ijodi bilan tom maʼnoda o‘ziga haykal qo‘ya olganini eʼtirof etdi. Anjuman hamkori - Nordik universiteti rahbariyatiga kitoblar jamlanmasi tuhfa qildi.
O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov shoir bilan 60 yil birga bosib o‘tilgan yo‘lga keng nazar soldi.
O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Jonuzoq, Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov o‘z so‘zlarida Erkin Vohidov hayoti va ijodiga chizgilar berib o‘tdilar. Shoirning farzandi Xurshid Vohidov iliq xotiralarini bo‘lishdi va barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Anjumanda taniqli adiba Nigora Mannopova boshchiligida Farg‘ona ijodkorlari va Erkin Vohidov ijod maktabining iqtidorli o‘quvchilari ham ishtirok etdilar.
Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafakulov erksevar shoirning ona tilimiz oldidagi xizmatlarini alohida eʼtirof etib, yosh adabiyotsevarlar uchun olimpiada tashkillanishi, g‘oliblarga esa Nordik universiteti va “Uzreport jurnalistika, media va kommunikatsiyalar akademiyasi"da Jurnalistika yo‘nalishida o‘qish uchun grantlar taqdim etilishini maʼlum qildi.
Adabiy anjuman doirasida Green Hills dam olish maskanida tadbirlar qizg‘in davom etdi.



















