Fakultet hayoti

Ta’lim siyosatida yangi paradigma: sun’iy intellekt va til kompetensiyalari
Nordik universitetida “Xorijiy tillarni o‘qitish va tarjima sohasida sun’iy intellektdan samarali foydalanishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Ushbu anjumanda zamonaviy ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlari — raqamlashtirish, innovatsion pedagogika va sun’iy intellekt integratsiyasi chuqur ilmiy muhokama qilindi.
Bugungi globallashuv sharoitida xorijiy tillarni mukammal egallash nafaqat kommunikativ ehtiyoj, balki iqtisodiy va ilmiy raqobatbardoshlikning muhim omiliga aylanmoqda. Konferensiyada ta’kidlanganidek, aynan sun’iy intellekt texnologiyalari orqali ushbu jarayonda tub burilish yasalib, ta’lim tizimi yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Anjumanda ta’lim siyosati nuqtayi nazaridan asosiy yo‘nalishlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi:
— raqamli transformatsiya va adaptiv o‘quv platformalari orqali individual ta’lim trayektoriyalarini shakllantirish;
— avtomatlashtirilgan tarjima tizimlari yordamida lingvistik modellar asosida tarjima sifatini oshirish;
— intellektual lingvistika orqali matnlarni semantik tahlil qilish va interpretatsiya jarayonlarini avtomatlashtirish.
Mazkur yo‘nalishlar ta’lim tizimida an’anaviy “bilimni uzatish” modelidan “bilimni boshqarish va ishlab chiqarish” modeliga o‘tish jarayonini yaqqol ifodalaydi.
Konferensiya doirasida sun’iy intellekt asosidagi innovatsion pedagogik yondashuvlar, AI texnologiyalarini ta’limga joriy etishning konseptual asoslari, badiiy matnlarni raqamli metodlar orqali tahlil qilish hamda tarjimashunoslikda AI’ning lingvistik va funksional imkoniyatlari keng yoritildi. Bu yo‘nalishlar amaliy jihatdan ta’lim sifatini oshirish, o‘qitish metodikasini modernizatsiya qilish va tarjima jarayonlarini optimallashtirishga xizmat qiladi.
Anjuman xalqaro miqyosda o‘tkazilib, unda xorijiy davlatlar va respublikamiz oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari hamda iqtidorli talabalar faol ishtirok etdilar. Ilmiy muloqotlar davomida ilg‘or g‘oyalar almashildi, akademik hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi.
Tadbir ishtirokchisi - AQSh Davlat departamenti ingliz tili bo‘yicha mutaxassisi, O‘zDJTU professori Giuseppe Chiaramonte o‘z taassurotlarini bildirib, sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga to‘g‘ri tatbiq etish, undan oqilona foydalanish va talabalarni to‘g‘ri yo‘naltirish bugungi kun o‘qituvchisining eng muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. U Markaziy Osiyo davlatlari tajribasini qiyoslab, O‘zbekistonda innovatsiyalarga ochiqlik, yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga joriy etish borasidagi ijobiy muhitni alohida e’tirof etdi. Uning “Inson agentligi, mashina ravonligi: til o‘qitish va tarjima uchun yangi savodxonlik” mavzusidagi kreativ ma'ruzasi katta qiziqish bilan tinglandi.






So'nggilari

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov "Kelajak muhandislari" xalqaro festivali doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma va musobaqalar jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Nordik universiteti hamkor o‘quv muassasalari bilan birgalikda yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiluvchi intellektual loyihalarni izchil davom ettirmoqda.

Koreya universitetlari bilan akademik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda.

Buyuk sarkarda Amir Temur nomi g‘alaba, dono boshqaruv, qat’iyat va adolat ramzi.