Erkin Vohidov nomidagi “E voh” respublika o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasining taqdirlash tadbiri va “O‘zbek tili bayrami”ga bag‘ishlangan festival press-relizi

2025-10-20

2025-yil 19–20-oktyabr kunlari Erkin Vohidov nomidagi “E Voh” respublika o‘zbek tili va adabiyoti fan olimpiadasining final bosqichi o‘tkazildi. Ushbu nufuzli tadbir 21-oktyabr – “O‘zbek tili bayrami”ga bag‘ishlangan keng ko‘lamli festival va ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar bilan uyg‘un holda tashkil etildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, UzReport Axborot agentligi, Nordik universiteti, IDC ta’lim markazi va hamkor tashkilotlar ko‘magida o‘tkazilgan mazkur olimpiada o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘rganish, bu sohadagi ilg‘or pedagogik yondashuvlarni targ‘ib qilish, shuningdek, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan respublika miqyosidagi loyiha sifatida katta ahamiyat kasb etdi.

Ma’lumot o‘rnida, 12-oktyabr kuni o‘tkazilgan birinchi onlayn bosqich respublikamiz bo‘ylab 10507 nafar talabgor-o‘qituvchilarni o‘zida jamladi. 1055 nafar ishtirokchi-ustozlar belgilangan muddatda topshiriqlarni muvaffaqiyatli yakunladi. 

19-oktyabr kuni Xalqaro Nordik universiteti bazasida hal qiluvchi final bosqich o‘tkazilib, 14 ta hududdan eng yuqori natija qayd etgan besh nafardan (ballari teng barcha) jami 79 nafar malakali o‘qituvchi insho yozish va test sinovlari ko‘rinishida mahorat sinovidan o‘tkazildi.  

Shuningdek, “E Voh-2025” doirasida pedagoglar uchun til va adabiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatlari, ustozlar uchun metodik taqdimotlar hamda badiiy dasturlar tashkil etiladi. Xususan, Nordik universitetida Finlyandiya ta’lim tizimiga asoslangan ilg‘or yondashuvlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. “Adiblar xiyoboni”ga tashrif buyurilib, mashhur adiblar haykallari oldida ijodiy suhbatlar, shahar bo‘ylab madaniy sayohatlar ham tashkil etildi.

20-oktyabr kuni Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan Green Hills Resort maskanida olimpiadaning tantanali taqdirlash marosimi va “O‘zbek tili bayrami”ga bag‘ishlangan festival bo‘lib o‘tadi. Unda vazirlik va idoralar vakillari, xorijiy elchixonalar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, Erkin Vohidov ijod maktabi ustoz va o‘quvchilari, taniqli shoir va adiblar, OAV hamda keng jamoatchilik ishtirok etadi.

Anjuman davlat Madhiyasi sadolari ostida ochildi. 

“E voh-2025” o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Xilola Umarova, UzReport Axborot agentligi Bosh direktori Ravshanxon Djurayev, Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafakulov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar Ombudsmani) Surayyo Rahmonova, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri E’zozxon Karimova E’zozxon va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov tomonidan samimiy tabriklandilar hamda taqdirlandilar. 

Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saidov, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi direktori Nigora Mannopova barcha g‘oliblarni samimiy qutladilar.

Gʻoliblar va faol ishtirokchilar Sertifikatlar, diplomlar, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Bayramona kechada mashhur adiblarning nutqlari, taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, rang-barang madaniy chiqishlar hamda salyut namoyish etildi. Bayramda ona tilimizning boy badiiy-estetik qirralari va madaniy qudrati yana bir bor namoyon etildi.  

Tadbirda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy elchilar, tilshunoslik va adabiyot yo‘nalishida izlanish olib borayotgan olimlar ham ishtirok etdilar. Xorijlik tadqiqotchilar bilan davra suhbatlari tashkil etilib, o‘zbek tili filologiyasini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ilmiy muloqot o‘tkazildi.

“E Voh” olimpiadasi nafaqat til va adabiyot fani bo‘yicha bilimlar bellashuvi, balki ona tilimizning nufuzini oshiruvchi, ilmiy va madaniy hamkorlikni kuchaytiruvchi muhim maydonga aylandi.