"Bitiruvchi-2025" tantanasi": press-reliz
Yoshlar ijod saroyi. 2025-yil 5-avgust. Xalqaro Nordik universitetining bakalavr va magistr bitiruvchilari hayotidagi eng muhim kunlardan biri – bitiruv kechasi va diplom topshirish marosimi o‘tkazildi.
Tadbir muhtasham va tantanali ruhda boshlandi. Bayramona kechada universitetni tamomlagan bitiruvchilar – kecha qahramonlari o‘z o‘rnilarini egalladilar. Kechada ustozlar, bitiruvchilarning ota-onalari va yaqinlari ham quvonch, g‘urur va minnatdorchilik tuyg‘ulari bilan ishtirok etdilar.
Universitet hayoti aks etgan videorolikda talabalarning yorqin onlari jonlandi va barchaga bayramona kayfiyat, ajib taassurotlar bag‘ishladi.
Tantanali marosimda Davlat madhiyasi sadolari yangradi.
Shundan so‘ng tadbir boshlovchilari tabrik uchun Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafakulov va O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O'zbekiston Xalq shoiri, zamonaviy o'zbek she'riyatining atoqli vakili Sirojiddin Sayyidni sahnaga taklif qildilar. Bilim, fidoyilik va mehnatsevarlik bitiruvchilarning eng katta boyligi ekanligi e’tirof etildi. Yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shishga tayyor, zamonaviy tafakkur sohiblari – bitiruvchi-talabalarga samimiy tilaklar yo‘llanib, ularga kelgusidagi ilmiy, kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilandi. Bugungi bitiruvchilar ertangi yetakchilar, jamiyat bunyodkorlari bo‘lishlariga chuqur ishonch bildirildi.
Tantanali daqiqalarda yuzlarida iftixor, ko‘zlarida quvonch aks etgan kecha qahramonlari – magistrlarga diplomlar topshirildi va gul tuhfa etildi.
Anjumanga tashrif buyurgan Alisher Fayz, Jenisbek Piyazov kabi sahna yulduzlari bitiruvchilarga jozibador kuy-qo‘shiqlari bilan o‘z tabriklarini yo‘lladilar.
Universitet dekanlari Elshod Umarov va Zulfiya Hamidovalar ham o‘z tabriklari va samimiy murojaatlarida bitiruvchilarning bilimga chanqoqligi, fidoyiligi va mehnatsevarligini alohida e’tirof etdilar.
Tabriknomalar va gullar bilan bakalavr-bitiruvchilarga ham quvonch ulashildi. Universitet prorektorlari barchani samimiy qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdilar.
Anjumanga tashrif buyurgan taniqli xonandalar, "Sado" guruhi ijodkorlari o‘zlarining betakror ijrolari bilan davraga fayz bag‘ishladilar.
Bayram kechasida so‘z olgan bitiruvchilar universitet jamoasiga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etib, ustozlardan olgan bilim va ko‘nikmalari kelgusi hayotlarida mustahkam tayanch bo‘lishini e’tirof etdilar.
Kechaning eng hayajonli daqiqalarida universitet Madhiyasini hamma birgalikda kuyladi, har bir ishtirokchi Nordik jamoasining bir bo‘lagi ekanidan faxr hissini tuydi.
Ushbu unutilmas kecha Xalqaro Nordik universiteti jamoasi va bitiruvchilari uchun faxr va shukronalik bayramiga aylandi. Sahnada musiqa va raqslar bilan shodiyona davom etdi.
Bitiruv kechasi ma’lum yillik bilim va izlanishlarning ramziy yakuni hamda bitiruvchilarga o‘z sohalari bo‘yicha katta hayot sari dadil qadam bo‘ldi. "Bu kunni hech qachon unutmaymiz" dedilar bitiruvchi-talabalar – kelajak yetakchilari! Bitiruv oqshomi – magistr va bakalavrlar hamda Nordik uchun bu tarixiy quvonchli lahzalar yorqin suratlar hamda qalblarga muhrlandi. Diplom topshirish marosimi ilm, mehnat va orzular uyg‘unlashgan bayram sifatida tantanali nishonlandi.