Turizmni ilmiy asosda rivojlantirish — taraqqiyotning muhim omili

Turizmni ilmiy asosda rivojlantirish — taraqqiyotning muhim omili

May 16 , 2026

|

20

Yurtimizda turizmni zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan muhim ilmiy-amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov, soha mutaxassislari hamda yetakchi professor-olimlar ishtirok etdilar.


“Turizm sohasida davlat, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligi: soha taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sish garovi” mavzusidagi uchrashuvda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Turizmni rivojlantirish strategiyasi, mamlakat turizmining uzoq muddatli modeli hamda zamonaviy turizm industriyasining global tendensiyalari muhokama qilindi.


Ta’kidlanganidek, bugungi turizm sohasi sun’iy intellekt, raqamli platformalar, ekologik yondashuvlar, “taassurot iqtisodiyoti” va individual sayohat konsepsiyalari asosida yangi bosqichga o‘tmoqda. Endilikda davlatlar o‘rtasidagi raqobat nafaqat tarixiy meros, balki innovatsion fikrlash, servis sifati va intellektual mahsulotlar bilan ham belgilanmoqda.


Uchrashuvda Xalqaro Nordik universiteti professor-olimlari ham faol ishtirok etdilar. Universitet prorektori Muhammadsiddiq Amonboyev tomonidan turizmni ilmiy asosda rivojlantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.


Xususan:

➖ turizm sohasidagi amaliy muammolarni ilmiy tadqiqotlar asosida hal etish uchun Turizm qo‘mitasi tomonidan ilmiy loyihalar tanlovini yo‘lga qo‘yish;


➖ OTM talabalari uchun Turizm qo‘mitasi tomonidan moliyalashtiriladigan Toshkent xalqaro olimpiadasini tashkil etish hamda uni har yili xalqaro miqyosda o‘tkazish, ushbu loyiha orqali dunyo mamlakatlaridan jamoalarni jalb qilish, O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng targ‘ib etish, MICE turizmini rivojlantirish va innovatsion yechimlarni shakllantirish taklif qilindi.


Shuningdek, turizm yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida tarix fani o‘rniga matematika fanini asosiy fan sifatida joriy etish taklifi ilgari surildi. Tizimdagi qator muammolar sanalib, mazkur tashabbus turizm iqtisodiyoti, menejment va analitik yo‘nalishlarda kuchli bilim bazasiga ega kadrlarni tayyorlashga xizmat qilishi taʼkidlab o‘tildi.


Xalqaro Nordik universitetining ushbu tashabbuslari turizm sohasida ilm-fan, innovatsiya va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

photo-2026-05-16-18-32-36
Ko‘rib chiqish
photo-2026-05-16-18-32-37
Ko‘rib chiqish
photo-2026-05-16-18-32-38-3
Ko‘rib chiqish
Chop etish

So'nggi yangiliklar

"Kompyuter sporti" turniri: IT bilim va jamoaviylik sinovi

"Kompyuter sporti" turniri: IT bilim va jamoaviylik sinovi

Musobaqada 6 ta jamoa chempionlik uchun kurash olib bordi.


3 ta shart asosida o‘tgan bellashuv davomida ishtirokchilar tezkorlik va texnik mahoratini, kuchli taktika hamda jamoaviy birdamliklarini ham namoyish etdilar.


Yakuniy natijalarga ko‘ra o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:


🥇 1-o‘rin — “MIDDLES” jamoasi — Jahongir Ziyodullayev, Mashhurbek Olimov, Sardor Nurmatov, Miraziz Muxtorov va Og‘abek Samadov.


🥈 2-o‘rin — “NEXUS” jamoasi — Shukurullo Amanturdiyev, Ozodbek Axmedov, Muhriddin Shaxriddinov va JamshidbekTolibov.


🥉 3-o‘rin — “Cyberkent” jamoasi — Boburxon O‘rinxo‘jayev, Jahongir Sindorov, Abdulvosid Abdimalikov, Fayzulloh Umatov va Behruz Xasanov.


👏 G‘olib va sovrindorlarni samimiy muborakbod etamiz!


Musobaqa yoshlarning IT va kompyuter sportiga bo‘lgan qiziqishi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini yanada oshirdi.

Inson ruhiyatini anglash san’ati: Nordikda mahorat darsi o‘tkazildi

Inson ruhiyatini anglash san’ati: Nordikda mahorat darsi o‘tkazildi

Dars psixologiya fanlari doktori (DSc), professor Abdumo‘min Rasulov tomonidan olib borildi.


Mashg‘ulot davomida talabalar psixodiagnostik tekshiruvning nazariy asoslari, diagnostik test va so‘rovnomalardan foydalanish, kuzatuv usullari, natijalarni tahlil va interpretatsiya qilish, amaliy misollar asosida tadqiqot olib borish bo‘yicha muhim bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.


Ayniqsa, nazariya va amaliyot uyg‘unligida tashkil etilgan ushbu mahorat darsi Psixologiya yo‘nalishi talabalari uchun tajriba maktabi vazifasini o‘tadi.

“Fidoyilar” xotira kechasi: buyuk ma’rifatparvarlar xotirasi eʼzozlandi

“Fidoyilar” xotira kechasi: buyuk ma’rifatparvarlar xotirasi eʼzozlandi

Avlodlar uchrashuvida milliy tafakkur, tarixiy xotira va ma’rifatga hurmatni mustahkamlashga ahamiyat qaratildi.


Mazkur kechada o‘z umrini xalq ma’rifati, ilm-fan va pedagogika rivojiga bag‘ishlagan buyuk ma’rifatparvarlar hayoti hamda faoliyati yodga olindi. Ularning jasorati, ilm yo‘lidagi fidoyiligi va millat kelajagi uchun qilgan xizmatlari bugungi yosh avlod uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilayotgani eʼtirof etildi.


Bugun taraqqiyot haqida gap ketganda, avvalo, ma’rifat va tarbiya masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Aynan ana shunday fidoyi insonlarning boy merosini anglash va qadrlash esa yoshlarning Vatanga muhabbatini, ilmga hurmatini va ma’naviy mas’uliyatini yanada kuchaytiradi.


Xotira kechasi talabalarning mavzuga doir chiqishlari, mehmon maʼruzachilarning ibratli nutqlari bilan mazmunli kechdi.

Nordikda zamonaviy pedagogikaning yangi sahifalari

Nordikda zamonaviy pedagogikaning yangi sahifalari

Bu yangi kitoblar bugungi ta’lim ehtiyojlariga javob beradigan muhim ilmiy va metodik manbalardir.


📘 Nashr etilgan qo‘llanmalar:


“Информационно-коммуникационные технологии” (mualliflar — D. Sabirova, O. Azizov)

“Oila pedagogikasi” (muallif — F. Islamova)

“Maktabgacha ta’limda etnopedagogika” (muallif — M. Xasanova)

“Milliy qadriyatlar asosida 5–6 yoshli bolalarda axloqiy sifatlarni shakllantirish metodikasi” (muallif — D. Mahmudova). 


Mazkur qo‘llanmalarda zamonaviy pedagogik yondashuvlar, milliy qadriyatlar va tarbiya uyg‘unligi, raqamli texnologiyalarni ta’limga tatbiq etish, maktabgacha ta’limning innovatsion metodikalari hamda nazariya va amaliyotni bog‘lovchi metodik tavsiyalar keng yoritilgan.


Ushbu adabiyotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tavsiyasi asosida nashr etilgani bilan ham alohida ahamiyatga ega.


Bu nashrlar talabalar uchun puxta bilim manbai, pedagoglar uchun metodik tayanch, ilmiy izlanuvchilar uchun esa zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha muhim resurs vazifasini bajaradi.

Universitetning Telegram'dagi rasmiy kanalini kuzatib boring

YouTube kanalimizga obuna bo'ling

Facebook sahifamizni kuzatib boring

LinkedIn profilimizga ulanish