Dastlab delegatsiya aʼzolari Fågelsångens maktabida direktor Laura Erdtman va jamoa tomonidan samimiy kutib olindilar. Uchrashuvda maktabdagi pedagogik innovatsiyalar va rivojlantirish tajribalari, ta’lim jarayonlari va zamonaviy uslublar bilan tanishildi, sinf xonalari hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Salems kutubxonasiga tashrifda o‘quvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, kitob fondi, bolalarni kitobxonlikka jalb etish tajribasi bilan yaqindan tanishildi.
Centrum för flerspråkighet - ko‘p tilli lingvistika markazida Shvetsiya ta’lim tizimi hamda ko‘p tillilikni qo‘llab-quvvatlash tajribasi o'rganildi.
O‘zbekistonlik ustozlar ham o‘z ta’lim tajribalari va yangiliklar haqida ma’lumot berib, savol-javob va muhokamalarda faol ishtirok etdilar. Shvetsiya taʼlimidagi nazariya va amaliyot uyg‘unligi, o‘qituvchilar hamkorligi, inklyuziya, barqaror rivojlanish hamda mustaqil tahlil qobiliyatlariga eʼtibor qaratilishi xususida maʼlumotlar olindi.
Tashrif ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro tajribaga tayangan holda malaka oshirish va kelgusida qo‘shma loyihalar uchun muhim zamin yaratdi. Shvetsiya tajribasi O‘zbekiston maktablari uchun innovatsion yondashuvlar, dars dizayni, ko‘ptillilik, ekologik ong, kreativ yondashuv va o‘quvchilarning rivojlanishi bo‘yicha yangi g‘oyalar manbai sifatida xizmat qiladi. Yangi O‘zbekiston loyihalaridan biri sifatida taʼlim yo‘nalishidagi ushbu harakat va imkoniyatlar yosh avlodni yetakchi, jamiyatga tayanch kuch sifatida tarbiyalashga poydevor yaratadi.
Delegatsiya tashakkur sifatida Salems kutubxonasi va ona tili markaziga o‘zbek tilidagi bolalar kitoblarini sovg‘a qilishdi. O‘zbek madaniyati haqida maʼlumotlar berib, milliy matolar va serquyosh zamin mevalaridan hadyalar berishdi.










