Taʼlim fidoyilariga ehtirom: Buxoroda anʼanaviy "PROKUROR SOVRINI" olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

Taʼlim fidoyilariga ehtirom: Buxoroda anʼanaviy "PROKUROR SOVRINI" olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

March 06 , 2025

|

50

Buxoro viloyati prokuraturasi, Xalqaro Nordik universiteti va IDC taʼlim markazi hamkorligidagi "Prokuror sovrini-II" olimpiadasi g‘oliblarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston-2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi Farmoni va "Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyatdagi o‘qituvchilar o‘rtasida ikkinchi bor yuqori saviyada o‘tkazildi. Bu galgi musobaqada nafaqat matematika fani, balki fizika fani ustozlari ham qamrab olindi. 


Olimpiadada iqtidorli, kasbiy mahorati yuqori, o‘qitish jarayoniga ilg‘or metodlar, yangi pedagogik texnologiyalarni keng tatbiq etayotgan, o‘quvchi-yoshlarning aniq fanlarga qiziqishini oshirayotgan fidoyi o‘qituvchilarni aniqlash va rag‘batlantirishga ahamiyat qaratildi. 


Bellashuvda Buxoro viloyatidagi 13 ta shahar-tuman maktablarining 2372 nafar matematika va fizika muallimlari o‘z bilim hamda ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Birinchi bosqichda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan hududdagi eng tajribali 98 nafar o‘qituvchi ikkinchi final bosqichda bellashdilar. 


Bellashuv jarayoni olimpiada koordinatorlari, nazoratchi va hakamlari hamda Buxoro viloyati prokuraturasi masʼullari kuzatuvi ostida shaffof o‘tkazildi. Imtihonda muallimlarning bilim va ijodiy yondashuvi, ko‘nikmalarini amaliy topshiriqlarda qo‘llay olish malakalari aniqlandi hamda xolis baholandi.  


Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov va viloyat faollari ishtirokida o‘tgan taqdirlash tadbirida olimpiadaning Buxoro viloyati bosqichida faxrli 1, 2 va 3-o‘rinlar sohiblari bo‘lgan o‘qituvchilarga alohida ehtirom ko‘rsatildi. 


Matematika fani bo‘yicha g‘oliblar - Abdurashidbek Qo‘chqorov, Ismoil Po‘lotov, Behruz Avezov va Asadbek Nurmurodov, shuningdek, fizika fani bo‘yicha g‘oliblar Vohid Fayziyev, Umidjon Isomov va Shahnoza Allamurodovaga Sertifikat hamda prokuror sovrini, esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi. 


1-o‘rinlar sohiblari bo‘lgan Abdurashidbek Qo‘chqorov va Vohid Fayziyevga esa Xalqaro Nordik universiteti ko‘magida Finlandiya va Shvetsiyada xorijiy tajribalarni o‘rganishga qaratilgan stajirovka yo‘llanmasi taqdim etildi. Kelgusida bu ustozlar orqali viloyat taʼlim tizimiga xalqaro ilg‘or tajribalar kirib borishi va ommalashtirilishi ko‘zda tutilmoqda. 


Olimpiada Buxoro viloyatida taʼlim sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish, o‘quvchilarga puxta matematik bilimlar berib, respublika va xalqaro miqyosda nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyat qozonishlariga zamin yaratib berayotgan malakali ustozlarni aniqlash maqsadida har yili anʼanaviy o‘tkazib boriladi. 


Hududda o‘qituvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish, aniq fanlar, jumladan matematika va fizika fanlarini o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi muallimlarni aniqlash va rag‘batlantirish, ularning reyting tizimini yuritish rejalashtirilmoqda. Buxoro viloyati tajribasi sifatida bu ezgu tashabbusni barcha hududlarga joriy etish maqsadga muvofiqdir.

----------

Maʼlumot o‘rnida, "Prokuror sovrini" uchun 2024-yilda o‘tkazilgan ilk olimpiadada 1376 nafar o‘qituvchi ishtirok etgan. Final bosqichda 48 nafar o‘qituvchining bilim va mahorati sinovdan o‘tkazilgan. 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan matematika fani o‘qituvchisi Behruz Avezov yo‘llanma bilan Finlandiyada stajirovka o‘tashga muvaffaq bo‘lgan.

photo-2025-03-06-00-01-03-2
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-02
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-05
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-04-2
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-04
Ko‘rib chiqish
photo-2025-03-06-00-01-05-2
Ko‘rib chiqish
Chop etish

So'ngi yangiliklar

Hurmatli ota-onalar!

Hurmatli ota-onalar!

Muloqotda XNU rahbariyati va tegishli tuzilmalar rahbarlari ishtirok etadilar. 


Muloqot davomida:


➖farzandlaringizning o‘qish jarayoni


➖fakultetdagi ta’lim sifati va kelajakdagi rejalaridan xabardor bo‘lish


➖o‘zingizni qiziqtirgan barcha savollarga onlayn javob olishingiz mumkin.


Muloqot vaqti:


📅 Shanba, 15-mart

⏰ Soat 16:00

📍 Onlayn muloqotga qo‘shilish uchun telegram kanalimizga a’zo bo‘ling:


🔗 https://t.me/xnu_dekanati


🙌 Talabalar taʼlim-tarbiyasida Sizlar bilan hamkorlik biz uchun juda muhim!

Charos Ahmedova Yevropa yulduzlari safida!

Charos Ahmedova Yevropa yulduzlari safida!

Tanlov musiqa va sanʼat yo‘nalishida iste’dod egalarining ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va turli mamlakatlarning musiqa san’atini jahonda keng targ‘ib etish, yosh ijrochilarning ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. 


O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi va yurtimizdagi nufuzli telekanallar hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda Xalqaro Nordik universiteti musiqa taʼlimi o‘qituvchisi Charos Ahmedova yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. 


Mahoratli ustozimiz akademik xonandalik yo‘nalishida faxrli 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bu yutuq nafaqat yurtimiz sanʼat sohasi rivojiga qo‘shilgan muhim hissa, balki yosh isteʼdodlarning xalqaro muqyosdagi muvaffaqiyatlaridan biri bo‘ldi.

Maxsus pedagogika: “LogoNordik” korreksion yordam markazi ochildi!

Maxsus pedagogika: “LogoNordik” korreksion yordam markazi ochildi!

Tajribali mutaxassislarimiz tomonidan ilk, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda uchraydigan nutq buzilishlarini aniqlash, tashxis qo‘yish va bartaraf etish bo‘yicha maxsus xizmatlar ko‘rsatiladi.


Markazda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha korreksion ishlar olib boriladi:


➖ Dislaliya, dizartriya, duduqlanish

➖ Alaliya, autizm

➖ SDVG — giperaktivlik

➖ Daun sindromi

➖ Logopedik massaj

➖ Disgrafiya, disleksiya (yozish va o‘qish buzilishlari)ni bartaraf etishga ko‘maklashiladi. 


✅ Ota-onalarga nutq buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha barcha zarur maslahatlar beriladi. 


Muhimi, Maxsus pedagogika yo‘nalishida taʼlim olayotgan talabalar uchun nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyati yaratiladi.


“LogoNordik” markazi — farzandlarning har jihatdan rivojlanishi yo‘lidagi ishonchli qadamdir!

Turkiyaning Marmara universiteti bilan hamkorlik o‘rnatilmoqda

Turkiyaning Marmara universiteti bilan hamkorlik o‘rnatilmoqda

Uchrashuv davomida ikki universitet o‘rtasida talabalar almashish, o‘qituvchilarning malakasini oshirish takliflari bildirildi.


Yevropa Ittifoqining ta'lim, o‘qitish sohalarida loyihalar va mobillikni qo‘llab-quvvatlash Erasmus+ dasturi va xalqaro grant tanlovlarida ishtirok etish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar ustida ish olib borish kabi masalalarda hamkorlikka kelishildi. 


Maʼlumot uchun, 1883-yilda tashkil etilgan mazkur universitet mamlakatning eng qadimgi va ko‘p tilli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. 80 000 nafardan ziyod talabalari mavjud bo‘lib, 5 000 nafardan ortig‘ini xorijiy talabalar tashkil etadi.


Universitetning Telegram'dagi rasmiy kanalini kuzatib boring

YouTube kanalimizga obuna bo'ling

Facebook sahifamizni kuzatib boring

LinkedIn profilimizga ulanish