Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvda talaba-yoshlar mutafakkirning dunyo xalqlari tafakkuridagi o‘rni, jahon adabiyoti va madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissalari bilan keng tanishtirildilar.
Navoiyshunos olim fevral oyini maʼnaviyat, adabiyot va maʼnaviy poklanish oyi sifatida eʼtirof etib, yoshlarni Navoiy ibratlarini teran o‘rganish va anglashga chorladi.
... Navoiy o‘zbek adabiy tili mezonlarini ishlab chiqdi. Navoiyga qadar turkiy xalqlar fors, arab tillaridan foydalangan bo‘lsa, mutafakkir alloma saboqlari bilan o‘zbek adabiy tilida ijod qilina boshlandi. Xalqimiz to‘y-marosimlarida o‘zbekcha qo‘shiqlar yangradi. Maktublar o‘zbek tilida bitila boshladi.
Shundan so‘ng barcha xalqlarda o‘z tillarida milliy adabiyotlar shakllandi. Shu bois Navoiy nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki dunyo tafakkuri rivojida ham muhim o‘rin tutadi.
Xalqimizning bosh orzusi farzandlar kamoli. Bunda esa Navoiyni anglash va farzandlarga ham anglatish muhim. Navoiyni bilsak, uning asarlariga muhabbatni yoysak oilalar mustahkam bo‘ladi, rizq halol topiladi, yolg‘on va turli illatlardan yiroqlashiladi. Navoiy g‘azallarini yodlash orqali fikrni aniq bayon qilish qobiliyati shakllanadi.
Navoiy o‘smirlik yillarida o‘zi sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq she’rlarini yod bilgan. Shu bois uning fikrlari hozir ham dolzarb. Navoiyni har birimiz ko‘nglimiz mulkiga aylantiraylik...- dedi Olimjon Davlatov.
Uchrashuvda Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafakulov tomonidan ham Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho merosi, o‘z davrida davlat arbobi sifatida ilm-fan va davlat ishlari rivojiga qo‘shgan hissalari haqida iliq fikrlar bildirildi. Madrasalar, kutubxonalar, ilmiy markazlar barpo etib, ilm-fan, sanʼat ahlini qo‘llab-quvvatlashga eʼtiborlari tahsinga loyiqligi taʼkidlandi.
Tadbirda Alisher Navoiy g‘azallarini yod olgan bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari va ustozlar ishtirokida "G‘azal yodlab mukofot oling!" tanlovi o‘tkazildi.
Navoiydan 100 g‘azal tanlovida g‘olib talabalar Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondining pul mukofotlariga sazovor bo‘ldilar.
Magistrant Gulnoza Toshpo‘latova va bakalavriat bosqichi talabasi Ibrohim Rashidovni yutuqlari bilan tabriklaymiz!👏👏👏










