Qizlarjon klubida psixologik trening o’tkazildi.

May 02 , 2025

|

12

Joriy hafta Xalqaro Nordik universiteti qoshidagi “Qizlarjon” klubida talaba-qizlar uchun navbatdagi psixologik trening bo‘lib o‘tdi. Treningning asosiy maqsadi — ishtirokchilarning omma oldida ishonch bilan so‘zlasha olish ko‘nikmalarini shakllantirish va sahna madaniyatini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Trening davomida qizlar:

  • O‘z ustida ishlash,
  • Nutqni to‘g‘ri rejalashtirish,
  • Sahnadagi hayajon va qo‘rquvni yengish,
  • Auditoriya bilan samarali muloqot qilish kabi yo‘nalishlarda muhim nazariy bilimlar hamda amaliy mashg‘ulotlar orqali tajriba orttirdilar.

Mashg‘ulotlar interaktiv formatda olib borilib, guruhli muhokamalar, fikr almashish sessiyalari va sahnadagi chiqishlar orqali o‘quvchilarning ishtiroki faol ta'minlandi. Treningga psixologik yondashuvlar, motivatsion uslublar va o‘ziga ishonchni oshirishga qaratilgan mashqlar kiritildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikrlarini ochiq, ravon va lo‘nda ifoda etish, shuningdek, jamoa oldida bemalol so‘zlash qobiliyatini ancha mustahkamlab oldilar. Ko‘pchilik talaba-qizlar bu trening ularda yangi ilhom uyg‘otgani va o‘zini rivojlantirishga bo‘lgan ishtiyoqni oshirgani haqida ijobiy fikr bildirishdi.

“Qizlarjon” klubi kelgusida ham talaba-qizlarning shaxsiy va ijtimoiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi bunday trening va tadbirlarni muntazam tashkil etishni rejalashtirgan.